1.2.Falsafiy tafakkur va tarix fanlari rivoji.
Bu davr madaniyatining xarakterli jihatlaridan biri-o`tmish falsafiy merosini o`rganish, ilmiy-tabiiy bilimlarni o`zlashtirishga bo`lgan qiziqish bilan cheklanganlik, falsafa va adabiyot orqali insonparvarlik g`oyalarini ilgari surish bo`lgan.
Albatta bu davr ijtimoiy-falsafiy ta‘limotlarida ilk Ug`onish davridagi singari umumjahon falsafiy tafakkur taraqqiyotiga ulkan hissa bo`lib qo`shilgan asarlar vujudga kelmagan. Forobiy, Ibn Sino singari falsafiy tafakkur egalari ko`zga tashlanmaydi. Lekin o`tmishning, ayniqsa, ilk Uyg`onish davri va Temuriylar davrining buyuk faylasuflari asarlariga sharhlar, izohlar yozish davom etib, Mirzajon Sheroziy, Yusuf Qorabog`iy, Muhammad Sharif Buxoriy, Inoyatullo Buxoriy va Husayn Xalholiy singari faylasuflar yetishib chiqadilar. Ularning ko`pchiligi qadimgi Yunon, hind va islom falsafasi bilan chuqur tanishadilar, ularni puxta o`zlashtirib oladilar.
Shayboniylar va Ashtarxoniylar davri madaniyatining yana bir muhim hususiyatlari - tarixnavislik fanining rivojlanganligidir. Buning boisi, birinchidan, millatning shakllanish jarayoni, milliy o`zlikni anglashga, ikkinchidan, o`zi mansub bo`lgan xalq, elat yoki urug`ning kelib chiqishi, ularning, til, e‘tiqod, ruhiyat birligi, xalq tarixida ro’y bergan hodisalarni yoritishga bo`lgan intilishning kuchaya borishi, boshqa urug`lar, elatlar bilan aloqasi va boshqa jihatlarini bilishga, uchinchidan, milliy ong, milliy g`urur va millatparvarlikning shakllana borishi natijasidir. XVI asrdan boshlab Markaziy Osiyoda yashayotgan turli xalqlar, elatlar va urug`larning tarixini yorituvchi asarlar yaratish an‘anaga aylana boradi. Masalan, Shayboniylar davrida tarixga oid quyidagi asarlar vujudga keladi. Muallifi noma‘lum bo`lgan "Tavorixi guzidayi Nusratnoma". Mulla Shodiyning, "Fatxnoma", Binoiy va Muhammad Solihlarning, "Shayboniynoma" lari, Abdulloh Nasrullohiyning "Zubdat al asor", Fayzulloh Ro`zbixonning "Mehmonnomai Buxoro", Zayniddin Vosifiyning „Badoe ul-vaqoe‘", Hofizi Tanish Buxoriyning "Abdullanoma" va boshqa asarlar yoziladi.
Ashtarxoniylar davrida ham tarixnavislik fani rivojlanadi. Bu davrda tarixga oid Mahmud ibn Valining "Bahr al asror", Abulg`ozixonning "Shajarai turk" va "Shajarai tarokima", Xoja Samandar Termiziyning "Dastur al mulk", Muhammad Yusufning "Muqimxon tarixi", Abdurahmon Tolening, "Abulfayzxon tarixi", Hojamqulixon Balxiyning "Qipchoqxon tarixi", Ashtarxoniy shahzoda Mir Muhammad Salimning, "Silsilai as-salotin" kabi asarlari yoziladi.
Ashtarxoniy hukmdorlardan Subxonqulixon davrida fan taraqqiyotida ozgina bo`lsada siljish ro`y beradi. Masalan, Mulla Tursun Faroziy, Mulla Ne‘mat Samarqandiylar matematika, astronomiya va geometriya bo`yicha, Abdulla Ofarinketiy, Ali Buxoriy, Mulla Rahmat Samarqandiylar musiqashunoslik bo`yicha faoliyat ko`rsatadilar.
Subxonqulixon o`z davrining mashhur tabiblaridan bo`lib, fuqaroning sog`ligini saqlash ishiga alohida e‘tibor beradi. U Markaziy Osiyoning issiq iqlimi sharoitida aholi o`rtasida ich ketish kasalligining ko`payishini yaxshi bilgan. Shu sababdan bahorning oxiridan to kech kuzgacha novvoylar uchun maxsus farmoyish chiqarib, nonning yuziga kunjut sepishlarini qattiq nazorat ostiga oladi.
Subxonqulixon 1697 yilda Buxoroda 18 hujrali "Dor ush-shifo" nomli madrasa-kasalxona qurdiradi. Bu maskan qoshida tashhisxona, dorixona, kutubxona va boshqa yordamchi binolari mavjud bo`lgan. "Dor-ush-shifo" xarajatlariga vaqf mulklaridan keladigan 40 ming tanga ajratilgan.
Subxonqulixon o`z saroyiga tabiblarni yig`ib, tabobat borasida ilmiy anjumanlar tashkil etib turgan. Bu anjumanlarda o`sha davrda keng tarqalgan kasalliklar va ularni bartaraf etish yo`llari, tabobatga oid yangiliklar tinglangan. Subxonqulixonning o`zi tabobatga oid ikkita asar yozgan. Bu asarlar o`zbek tilida yozilgan bo`lib, ularning birinchisi „Subxon tibbiyoti" deb nomlangan va unda turli xil kasalliklarni aniqlash hamda davolash yo`llari tushunarli tarzda tasvirlab berilgan. Ikkinchi asari 8 qismdan iborat bo`lib, „Subxonning xayotbaxsh tibbiyoti" deb yuritilgan. Asarning har qismida dorilarning sifatli tayyorlanishi va ishlatilishiga oid masalalar yoritilgan. Bu asar ham o`zbek tilida yozilgan. Uning o`zi bu hususda shunday deb yozadi: „O`tmishdagi tabiblar bizga arab va fors tillarida yozilgan asarlar qoldirganlar. Men turk /o`zbek/ tilida yozilgan tibbiy kitob uchratmadim. Mahalliy aholi arab va fors tilida yozilgan kitoblardan foydalana olmaydi. Shuning uchun men o`z kitoblarimni turk /o`zbek/ tilida yozdimki, undan o`zimizning odamlar foydalansinlar".
Xullas, bu davrda Markaziy Osiyoda istiqomat qilayotgan turli xil etnik guruhlarning kelib chiqishi, tili, urf-odatlari, moddiy hayot shart-sharoitlari hamda taxt tepasida turgan hukmdorlar sulolalari, ularning davlat tepasiga kelishi, zafarli yurishlari va taqdiri to`g`risidagi turli xil tarixiy asarlar yuzaga keladi.
Bu davr adabiyotining asosiy hususiyati - adabiy jarayonda o`sha davr hukmdorlari ta‘sirining sezilib turganligi bilan harakterlanadi. Hukmdorlarning o`zlari she‘riy, nasriy va tarixiy asarlar yaratishga bo`lgan intilishlari bilan ko`zga tashlanib turganlar. Bu holat Shayboniylar, Ashtarxoniylar va hatto, rus istilosigacha bo`lgan hukmdorlarning deyarli barchasiga xos bo`lgan hususiyatdir. Muhammad Shayboniyxon, Ubaydullaxon, Abdulazizxon, Subxonqulixon, Abulg`ozixon, Qo`qon xoni Umarxon, Xivaning so`nggi xonlaridan Muhammad Rahimxon /Feruz/ va boshqalarning she‘riyat, nasr va tarix sohalarida qalam tebratganlari fikrimizning dalilidir.
She‘riyatda qalam tebratgan hukmdorlardan biri Muhammad Shayboniyxonning o`zidir. U o`z umrining ko`p qismini jangu-jadalda o`tkazsa-da, ilm-fan va san‘atga qiziqishi ancha baland bo`lgan. U yaxshi ta‘lim-tarbiya olgan. Natijada iste‘dodli shoir, musavvur, musiqachi va xushovozli qiroatxon bo`lgan.
Muhammad Shayboniyxondan bizgacha bir nechta o`zbekcha g`azal, ruboiy va "Bahr ul xudo" nomli doston yetib kelgan. Tarixiy ma‘lumotlarga ko`ra, bulardan tashqari Shayboniyxondan o`z o`g`li Temur Sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitob ham qolgan bo`lib, bu kitob Turkiyada saqlanadi.
Shayboniyxon temuriylar sulolasining an‘analarini davom etgirib, ilm-fan, san‘at va adabiyot ahllarini o`z saroyiga to`playdi. O`z davrining Muhammad Solih, Binoiy kabi yetuk so`z ustalari Shayboniyxon saroyida faoliyat ko`rsatadilar. Shayboniyxonning o`zi ham "Shaboniy", "Shayboniy" taxalluslari bilan g`azallar bitgan. Mana uning g`azallaridan biri.
Dard g`am bechora ko`nglum sori oqildi yana,
Meni ko`rub ishq o`ti boshtin yono keldi yana.
G’unchadek ko`nglum g`ami hijrondin qon bog’ladi,
Mujdai vaslin eshitib ko`nglum ochildi yana.
Hajr o`tida notavon jismim firoqing kechasi,
Shamdek boshdin oyoq, furqatda yoqildi yana.
Kezlab erdim ishqini eldin va lekin naylayin?
Holatim majnun kabi olamga yoyildi yana.
Furqat o`tidin yiqildim, yor keldi so`rg`ali,
Ey Shaboniy, yor dardingga davo qildi yana.
Shayboniylar sulolasining yana bir vakili Ubaydullaxon ham ilm-fan, adabiyot va san‘atga qiziquvchi hukmdorlardan biri bo`lgan. U "Ubaydiy" taxallusi bilan o`zbek va fors tillarida ijod etgan. U asosan g`azallar, ruboiylar va qit‘alar bitgan.
Shayboniylardan keyingi davrda taxt tepasiga kelgan Ashtarxoniylar ham o`z davrining o`qimishli va yetuk kishilari bo`lganlar. Ularning ko`pchiligi uch til /turk, fors va arab tillari/ ni mukammal bilganlar. Dunyoviy diniy ilmlarni egallaganlar. Imomqulixon, Nazarmuhammadxon, Abdulazizxon,Subxonqulixon she‘riyatda qalam tebratganlar, Masalan, Subxonqulixon "Nishoniy" taxallusi bilan she‘r bitgan. Imomqulixon yetuk siyosatchi, ilmparvar va ra‘iyatparvar bo`lganligi uchun ham 30 yildan oshiqroq hukmdorlik qilgan. Uning davrida ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy barqarorlik vujudga kelgan. Imomqulixon chiqarilgan qonun va farmoyishlarning bajarilishini nazorat qilib borgan.
Shunga qaramasdan Ashtarxoniylar davrida mamlakatni holdan toydiruvchi o`zaro taxt talashishlar, beklar va boylar o`rtasidagi ixtiloflar davom etgan. Xalqning bu o`zaro kurashlaridan qiynalayotganligini ko`rgan ijod ahllari, masalan, Turdi /Farog`iy/ Boborahim Mashrablar o`z asarlarida hukmdorlar, beklar, sultonlar va ayrim din rahnamolarini qattiq tanqid ostiga oladilar. Chunki ularga nisbatan xalqda ishonch qolmagan edi. Ular diyonat, insof, adolat va xalqparvarlikdan uzoqlasha boshlagan edilar. Ma‘lumki qaerdaki diyonat, imon-e‘tiqod, adolat hukm surarkan, o`sha joyda el hukmdordan xursand, o`sha elning shoirlari hukmdorlar madhida, xalq turmushi, ijtimoiy munosabatlar va hodisalari, botiniy va zohiriy ishq kuychisiga aylanadi.
O`zaro nizolar esa xalqni xayotdan bezdiradi. Tarafkashlik kuchayadi. Tinch va osuda hayot, raiyatparvar hukmdorlar xalqning orzusiga aylanadi. Shy boisdan Turdi o`z asarlarida mamlakatni parchalab, boylik to`plashga intilayotgan yuqori tabaqa vakillarini tanqid ostiga oladi. Yagona "o`zbek yurti" g`oyasini ilgari suradi: Tor ko`ngilli beklar, man-man demay, kenglik qiling, To`qson ikki bori o`zbek yurtidir tenglik qiling.
Jamiyat hayotining taqdiri butunlay ruhoniylar qo`liga o`tgach, ya‘ni XVII asr oxiridan boshlab Markaziy Osiyo madaniyatida tushkunlik kayfiyatlari kuchayadi. Tasavvuf ta‘limotining ildizlari jamiyat ma‘naviy hayotining ko`pgina sohalariga chuqurroq kirib boradi. Ayniqsa, tasavvufning qalandarlik oqimining ta‘siri kuchaya boradi. Qalandarlar tasavvuf ta‘limotini yoyishning qudratli vositasiga aylanadilar. Ular nafaqat diniy ta‘limotni, balki tarki dunyochilikni targ`ib qilishning ham asosiy vositasiga aylanganlar. Shuningdek ular devonalik yo`li orqali adolatsizlikka qarshi kurashganlar ham.
Umuman olganda, bu davr adabiy jarayonida bir tomondan ko`proq botiniy va zohiriy ishq-muhabbatni kuylash ko`zga yaqqolroq tashlanib tursa, ikkinchi tomondan, riyokor dindorlar, ochko`z boylar, boylik to`plashga intiluvchi beklar tanqid ostiga olinadi, uchinchi tomondai esa, inson qismati taqdirning azaliy hukmi ekanligi g`oyasi ilgari suriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |