“XO‘JA BOG‘BON OTA” ziyoratgohi
Mazkur ziyoratgohga Forish tumanining Qoratosh qishlog‘idan burilib, tog‘ tomonga, dala yo‘li bilan kirib boriladi. Xassos adiba Sa’dina Bobomurodovaning “Qoratosh” degan badihasi “Jizzax haqiqati”da bosilib edi. Unda shunday satrlar bor…
«…Qadim ajdodlarimiz bizlarga, ya’ni hozirgining odamlariga o‘xshab, hashamatli uy-joylarga ruju qo‘ymagan ekan. O‘zi besh kunlik dunyo bo‘lsa, chin uy, chin dunyo-da, deya g‘orlarda, yerto‘la, kapa, o‘tov va chaylalarda yashayverishgan ekan.
Yetti yuz ellik yillar muqaddam, o‘n ikkinchi asrning yetmishinchi yillarida asl ismlari Ibn Muhammad al-Vosit bo‘lgan «Xo‘ja Bog‘bon avliyo» otamiz fiqh va islomiy ilm-ma’rifat tarqatish uchun shu joylarga kelib, yashab qolib ketgan ekanlar.
Ulug‘ bobokalonimiz, hazrat Mir Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” kitobida yetti yuz avliyoning ism sharifi keltirilgan. Kitobdagi oltinchi o‘rinda: Ibn Muhammad al-Vosit (roziyollohu anhu) avliyo keltirilib, “…O‘zzamonasining benaziri erdi va tobinidin ko‘pi xizmat qilubdur va suhbatiga yetibdur va ko‘p mashoyixlar bilan suhbat tutibdur… Bu dunyoda zohid bo‘lgan va hech kishidan ta’ma qilma, to barcha xalq senga muhtoj bo‘lg‘aylar…” degan fikrlar bilan boshlanadigan jumlalar bor.
Men, o‘sha kishining hokini chindan ham shu yerda tuyaman, ul zoti bokaramning qadamlarini his etaman shu zaminda…
Xullasi, avliyo bobomiz shu joylarga kelibdilar. Har doim, to dunyo yaralibdiki yaxshilik bilan yomonlik kurashib kelgan. Shu g‘orga yaqin kelganida orqasidan uni o‘ldirish uchun quvib kelayotgan johil yovlar juda yaqinlashib qolibdi. Avliyo ota shu g‘orga kiribdi-larda Yaratgandan najot so‘rab, iltijolar qilibdilar. Shunda g‘or og‘zida qalin o‘rgimchak to‘ri hosil bo‘libdi. To‘r ichkarisida esa bir musicha paydo bo‘libdi…
Haligi yovlar yetib kelib qarashsa, g‘or og‘zida qalin o‘rgimchak to‘ri, to‘r orqasida bir musicha qunishibgina turganmish. Ular “Qochgan kishi agar shu yerga kirib ketgan bo‘lganida, bu o‘rgimchak to‘ri albatta buzilib ketgan va musicha ham uchib ketgan bo‘lar edi”, deya o‘ylashib, orqalariga qaytib ketgan ekanlar…
Avliyo otamiz qirq ikki yoshlarida uzlatga chekinibdilar. Uzoq toat-ibodatdan so‘ng, bir kuni jam’i aziz-anbiyolarni huzurlariga chorlab, suhbati arjumand qilmoqchi bo‘libdilar. Mashoyixlar, avliyo-anbiyolar ruhi ko‘pi bilan ikki soniyaga qolmay yetib kelishibdi.
– Yo Alloh! – debdi avliyo otamiz. – Endi bu aziz mehmonlarni qanday ziyofat qilaman?…
Shunda g‘oyibdan ilohiy payg‘om bo‘libdi:
– Girdo-girdingga mevali daraxtlarning quruq cho‘plaridan bo‘lsa ham suqib qo‘y!
Otamiz cho‘plarni yerga suqqan zahotiyoq, ular mevalari hil-hil pishib turgan daraxtlarga aylanaveribdi. Turli tarafda qirmizi gullar, binafshalar ochilib, ravochlar, tatranlar bosh ko‘taribdi. Qoratoshni yorib tosh lolalar chiqibdi.
…Keyin Qoratoshdan buloq sizib chiqibdi. Suvining tiniqligini qarang, ichidagi toshlarining rangi ham aniq ko‘rinadi. Yilning to‘rt faslida ham birday iliq, birday yoqimli…
Mehmonlar mezbon haqqiga duolar qilishibdi. «Bul ma’volar, behishtdan nur yog‘ilgan, nur oqqan – “Nurak” joylar ekan! Siz esa asl piri bog‘bon ekansiz. Emdi, voqe’an Siz Xo‘ja Bog‘bon avliyo ota bo‘ldingiz», deya fatvo berishibdi…
(S.Bobomurodova. «Qoratosh». Yig‘ma materiallar. Kadastr ishi. 2007 yil.)
…Xo‘ja Bog‘bon avliyo otaning antiqa bulog‘i bor, yozda ham qishda ham iliqqina… Keksa tut daraxtlarining yoshi ming yildan kam emas… Qurilgan masjid binosiga ham ikki yuz yilning yuzi bo‘lgan bo‘lsa ajab emas…
Bugun bu yerda anchagina obodonchilik ishlari bajarilgan. Ulug‘ avliyo otamizning manzili obod va ko‘rkam, yo‘laklar, zinalar, gullar, hovuzlar ziyoratgohga fayz kiritib turibdi. “Xo‘jabog‘bon ota” xonaqosini tiklash harakati boshlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |