O‘zbekiston Respublikasi
Xalq ta’limi vazirining
2020-yil “28” maydagi
136 -son buyrug‘iga
1-ILOVA
Xalq ta’limi tizimida kadrlarga oid ish yuritish bo‘yicha namunaviy
YO‘RIQNOMA
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi, Vazirlar Mahkamasining
1997-yil 11-martdagi 133-son qarori bilan tasdiqlangan “Yozma holdagi mehnat shartnomasi
(kontrakt) tuzish yuzasidan tavsiyalar”, Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi to‘g‘risida
yo‘riqnoma (ro‘yxat raqami 402, 1998-yil 29-yanvar), Idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik
yuritish shakllaridan qat’iy nazar korxona, muassasa, tashkilot ichki mehnat tartibining namunaviy
qoidalari (ro‘yxat raqami 746, 1999-yil 14-iyun), O‘zbekiston Respublikasi hududidagi xizmat
safarlari to‘g‘risida yo‘riqnoma (ro‘yxat raqami 1268, 2003-yil 29-avgust) talablariga muvofiq
ishlab chiqilgan bo‘lib, Xalq ta’limi vazirligi (bundan buyon matnda vazirlik deb yuritiladi)
tizimidagi tashkilot va muassasalarda kadrlarga oid hujjatlarni yuritish tartibini belgilaydi.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh
boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari, vazirlik tizimidagi tashkilot va ta’lim
muassasalarida (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) kadrlarga oid hujjatlarni yuritish
tashkilot rahbarlari tomonidan mazkur yo‘riqnomaga muvofiq ishlab chiqilgan yo‘riqnoma
asosida amalga oshiriladi.
3. Yo‘riqnoma kadrlar xizmati mas’ul xodimlarining (boshqarma, bo‘lim, sho‘ba
xodimlari va ta’lim muassasalari kadrlar bo‘yicha menejer (inspektor)lari) ish yuritish faoliyatini
tashkil etishga yo‘naltirilgan bo‘lib, kadrlar tarkibining harakatini o‘z vaqtida hisobga olish uchun
tashkilotda to‘g‘ri va yagona kadrlarga oid ish yuritishni olib borish bo‘yicha vazifalarni hal etish
uchun mo‘ljallangan.
4. Yo‘riqnoma bilan shaxsiy tarkibga oid hujjatlar bilan ishlash texnologiyasi (tartibi)
o‘rnatiladi hamda kadrlarga oid hujjatlarni tuzish, rasmiylashtirish, tasdiqlash, yuritish va saqlash
qoidalari belgilanadi.
5. Kadrlar xizmatida mehnat qonunchiligi talablari asosida quyidagi harakatlarni amalga
oshirish rasmiylashtiriladi:
ishga qabul qilish;
boshqa ishga o‘tkazish;
mehnat shartnomasini bekor qilish;
ta’tillar berish;
moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish;
intizomiy jazo choralarini qo‘llash;
mehnat daftarchalarini yuritish;
ish vaqtini hisobga olish tabelini yuritish;
xizmat safarlariga yuborish;
xizmat guvohnomalarini berish.
Kadrlar xizmati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa harakatlarni ham amalga oshiradi.
6. Kadrlarga oid ish yuritish, o‘rnatilgan ishlash tartibi qoidalariga, kadrlarga oid
hujjatlarni rasmiylashtirish va saqlash muddatlariga rioya qilinishi uchun javobgarlik tashkilotning
kadrlar xizmati bo‘yicha tarkibiy bo‘linma (boshqarma, bo‘lim, sho‘ba) rahbariga, alohida tarkibiy
bo‘linma bo‘lmaganda esa, ushbu vazifani amalga oshiruvchi mas’ul xodimga (mutaxassis, kadrlar
bo‘yicha menejer) yuklatiladi.