Baykal burmalanish oblastlari.
Baykal burmalanishi materikning sharqiy
qismi uchun xarakterli bo’lib, bu geologik strukturalar proterozoy erasi bilan
paleozoy erasi o’rtasida, aniqrog’i proterozoyning oxiri va kembriyning boshida
geosinklinal tipdagi harakatchan chekka zonalarida vujudga kelgan. Bu bosqichda
hosil bo’lgan strukturalar rel’efi burmali-palaxsali tog’lardan: Sharqiy Sayan,
Yenisey kryaji, Tunkin tog’lari, Xamar-Daban, Baykalbo’yi, Shimoliy Baykal
tog’liklari hamda Vitim yassi tog’ligidan iborat. Bu strukturalar Sibir platformasini
g’arb, janub va janubi-sharqdan yarim xalqa sifatida o’rab olgan. Baykal
burmalanishi bosqichida vujudga kelgan tog’larning va yassi tog’liklarning geologik
tuzilishi kembriydan oldingi va undan keyingi tog’ jinslaridan tarkib topgan. Bu
mintaqada ayniqsa granit intruziyalari va oqib chiqqan trappa magmalari ko’p
uchraydi.
Paleozoy burmalanish oblastlari.
Paleozoy erasida yuz bergan tog’ hosil
bo’lishi jarayonlari ikki bosqichdan - kaledon yoki quyi paleozoy burmalanishidan
va Gertsin yoki yuqori paleozoy burmalanishidan iborat. Kaledon (Quyi paleozoy)
burmalanishida hosil bo’lgan strukturalar Atlantika geosinklinal mintaqasida bir
necha oblastlarni tashkil etadi. Bular Skandinaviya yarim orolidagi tog’lar, Buyuk
Britaniyaning Shimoliy qismi va boshqalar. Kaledon burmalanishi natijasida
Yevrosiyo geosinklinal mintaqasida Markaziy Fransiya massivi, Janubiy
Yevrosiyoning bir qismi, Kichik Osiyo va Eron tog’liklari, palaxsali o’rtaliq
massivlari shakllandi. Materikning markaziy va Sharqiy qismlarida G’arbiy Sayan,
Kuznesk Olatovi, Salair kryaji, Oltoyning Sharqiy rayonlari, Qozog’iston burmali
tog’larining g’arbiy qismi, Tyanshanning shimolidagi burmali tog’lar, Tannu-Ola
tog’larining katta qismi va Xitoyning janubi-sharqidagi burmalangan tizmalar hosil
bo’ldi. Kaledon burmalanishi qisman Uralda, Novaya Zemlya orolida, G’arbiy Sibir
tekisligiga yondosh bo’lgan joylarda ham sodir bo’lgan. Quyi paleozoyning tog’
jinslari kuchli burmalangan va metamorflashgandir.
Gertsin (Yuqori paleozoy) burmalanishi Janubiy Yevrosiyo geosinklinal
mintaqasi bo’ylab, g’arbda Atlantika okeani sohillaridan sharqda Hindiston yarim
oroligacha cho’zilgan. Gertsin burmalanish strukturasiga Pireney yarim orolidagi,
Britaniya orollarining janubiy qismidagi, Fransiyadagi tog’lar, Markaziy
Yevropaning o’rtacha balandlikdagi tog’lari, Ural, Tyanshanning markaziy
qismlaridagi burmali tog’lar, Taymir, Qozog’iston burmali tog’larining janubi-
sharqiy qismi, Turon plitasi, G’arbiy Sibir plitasi, Janubi-Sharqiy Zabaykale, O’rta
Amurbo’yi va boshqa tog’lar kiradi. Gertsin burmalanishi davrida Sharqiy Yevropa,
Sibir va Xitoy platformalarining tarmoqlanishi hisobiga materikning yanada
kengayishi yuz berdi. Materikning janubiy chegarasi janubga tomon cho’kindi
jinslarning to’planish jarayoni davom etayotgan Al’p-Himolay geosinklinal
mintaqasigacha siljigan.
Do'stlaringiz bilan baham: |