Faraz qilaylik, novvoyxonada nonning narxi - 80 so’m, bir soatlik ish haqi esa 160 so’mni tashkil etadi. o’z foydasini maksimallashtirish uchun novvoyxonaning qo’shimcha ishchilarni ishga qabul qilish sharti qanday bo’ladi?
XVI BOB.XALQARO SAVDO NAZARIYASI
16.1. Xalqaro savdoning zaruriyati va uning asosiy ko’rinishlari Makroiqtisodiyotda boshqa mamlakatlar bilan bo’ladigan iqtisodiy aloqalar ham muhim ahamiyatga ega. Bunda mamlakatlar o’z yalpi ichki mahsulotlarining muayyan bir qismini boshqa mamlakatlardagi iste’molchilar ehtiyojlarini qondirish uchun taklif qiladi. Xalqaro iqtisodiy aloqalarning asosida xalqaro mehnat taqsimoti yotadi va u ayirboshlash maqsadida mamlakatlarning u yoki bu mahsulotni ishlab chiqarish yoki xizmatni ko’rsatishga ixtisoslashuvini ko’zda tutadi. Bu jarayonlarda xalqaro savdo alohida o’rin tutadi. Hozirgi sharoitda iqtisodiyotining ochiqlik darajasi o’ta muhimdir va bu darajani oshirishda hukumat tomonidan mamlakat tashqi savdosini rivojlantirish bo’yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda bu holatlarni etiborga olishi zarur.
Xalqaro savdo tashqi iqtisodiy aloqalarning asosiy shakli bo’lib, uning kengayishi va chuqurlashuvi natijasida mamlakatlarning kapitalni chetga chiqarish imkoniyatlari yuzaga keldi va unga bog’liq ravishda xalqaro valyuta-kredit munosabatlari rivojlandi.
Xalqaro savdoning yuzaga kelishining ob’ektiv sabablari sifatida quyidagilar qatnashadi.
Birinchidan, mamlakatlar bo’yicha tabiiy resurslarning bir xil taqsimlanmaganligi sababli bu resurslardan samarali foydalanish maqsadida ular o’zlarida ortiqcha bo’lgan resurslarni eksport va mamlakatda taqchil bo’lgan resurslarni import qiladilar.
Ikkinchidan, ishlab chiqaruvchi kuchlarning turli mamlakatlarda turlicha taraqqiy etganligi sababli, ular mahsulotlarni bir xil samaradorlik bilan ishlab chiqara olmaydilar.
Bu ikki ob’ektiv sabab har qanday milliy iqtisodiyotning takror ishlab chiqarishi jarayonida xalqaro savdoning ahamiyatini aniqlaydi. 2012 yilda xalqaro savdo hajmi jahon miqyosida yalpi ichki mahsulotning real hajmiga nisbatan
olinganda 50 foizga yaqinni tashkil etdi. Shu davrda O’zbekiston real yalpi ichki mahsulotida tashqi savdo, ya’ni tashqi savdo aylanmasining ulushi 62,4 foiz atrofida bo’ldi.
Xalqaro savdo quyidagi ko’rinishlarni o’z ichiga oladi:
moddiy buyumlashgan ko’rinishga ega bo’lgan mahsulotlarni ayirboshlash:
xizmatlarni ayirboshlash;
ijodiy faoliyat natijalarini ayirboshlash.
Xalqaro savdo jarayonlari tashqi savdo operatsiyalari yordamida amalga oshiriladi. Tashqi savdo operatsiyalari bu turli mamlakatlardagi sheriklar o’rtasida amalga oshiriladigan operatsiyalar bo’lib, eksport, import, reeksport va reimport operatsiyalariga bo’linadi.
Eksport operatsiyasi – mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni chet mamlakatlarga chiqarish.
Import operatsiyasi – chet mamlakatlarda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijiy sherikdan sotib olish va ularni mamlakatga olib kelish.
Reeksport operatsiyasi - avval import qilingan va qayta ishlov berilmagan mahsulotni chet elga olib chiqib sotish.
Reimport operatsiyasi - avval eksport qilingan va u erda qayta ishlov berilmagan mahsulotni chet elda sotib olish va mamlakatga olib kelish.
Bu operatsiylarni amalga oshirish asosida mamlakatlarning tashqi savdo aylanmasi ortib boradi va uning natijasida mamlakatlar o’rtasidagi xalqaro savdo munosabatlari ham mustahkamlanib boradi.