Xarrod-Domar modelida kamchiliklar mavjud bo’lib, bu avvalo dinamik muvozanatning iqtisodiy o’sish sharoitida chidamli emasligidir. Bu kamchilik ushbu modeldagi kafolatlangan va tabiiy o’sish sur’atlari o’rtasidagi nisbat bilan bog’liqdir.
Xarrod-Domar modelidagi barcha tarkibiy qismlar: daromad va kapital nisbati, iste’molga chekli moyillik, ishchi kuchini o’sishi, mehnatni tejovchi texnika taraqqiyoti bir biriga bog’liq emas, shuning uchun muvozonatli iqtisodiy o’sishga erishish ehtmoli nolga teng. Shu sababdan ham Xarrod-Domar modeli “brtiva lezviyasi” modeli nomini olgan. Bunda undagi tarkibiy qismlarning kam hajmdagi muvozanatsizligi butun tizim muvozanatini buzib yuboradi.
Klassik iqtisodiy o’sish modellarining keynscha modellardan asosiy farqi mehnatning kapital bilan qurollanganlik koeffitsientini tabiatidadir. Klassik iqtisodiy o’sish modeliga R.Solou modeli misol bo’ladi va unda Kobb-Duglasning ishlab chiqarish funktsiyasida mehnat va kapital o’zaro almashishi mumkin, omillar bo’yicha elastiklik koeffitsientlari yig’indisi 1 ga teng.
Solou modeli iqtisodiyotda muvozonatni va omillarning to’la bandligini saqlovchi uzoq muddatli iqtisodiy o’sish mexanizmini ifodalashga imkon beradi. Bu model farovonlikning barqaror o’sishining yagona asosi sifatida texnik taraqqiyotni ajratadi va iste’molning maksimallashtirishni ta’minlovchi o’sishni ta’minlovchi maqbul variantni topish imkonini beradi.
Solou modeli uzoq muddatli davrda erishiladigan barqaror muvozonatli holatni tahlil qiladi, iqtisodiy siyosatda esa ishlab chiqarish va turmush
darajasining qisqa muddatli davrdagi o’zgarishi ham muhim ekanligi inobatga olinmaganligi, model zamonaviy sharoitda sezilarli ahamiyatga ega bo’lgan o’sishni cheklovchi bir qator resurs, ekologiya va ijtimoiy masalalarni qamrab olmaganligi kabi kamchiliklardan holi emas.
Jamiyatning eng yuqori iste’molini va iqtisodiyotning chidamli holatini ta’minlovchi kapitalni jamg’arish darajasi kapitalni jamg’arishning “oltin darajasi” deb ataladi hamda E. Felps tomonidan ishlab chiqilgan jamg’arishning “oltin qoidasi” hisoblanadi. Unga mos keladigan fond bilan qurollanish darajasida quyidagi shart bajarilishi, ya’ni kapitalning chekli mahsuloti chiqib ketish me’yoriga teng bo’lishi lozim. MPK=d, aholi o’sishi va texnologik taraqqiyot hisobga olinganda esa MPK=d+n+g.