Topshiriq. Quyida Erkin Vohidov qalamiga mansub she’rni yod oling. U va o‘ unlilaridan iborat so‘zlarning imlosini eslab qoling.
O‘ZBEK NAVOIYNI O‘QIMAY QO‘YSA…
O‘zbek Navoiyni o‘qimay qo‘ysa,
Oltin boshning kalla bo‘lgani shudir.
Bedil qolib Demyan Bedniyni suysa,
Qora sochning malla bo‘lgani shudir.
O‘zbek Navoiyni o‘qimay qo‘ysa,
Dod demoqqa palla bo‘lgani shudir.
Ma’rifatdan ayru o‘ynasa, kulsa,
Aza chog‘i yalla bo‘lgani shudir.
O‘zbek Navoiyni o‘qimay qo‘ysa,
Aldangani, alla bo‘lgani shudir.
Yulg‘ich aziz bo‘lib, bilgich xor bo‘lsa,
Paytavaning salla bo‘lgani shudir.
El komil bo‘lmasa, yurt emas ulug‘,
Beqadr mahalla bo‘lgani shudir.
Qalb to‘la nur xalqning rizqi ham to‘lig‘,
Ombor to‘la g‘alla bo‘lgani shudir.
O‘zbek o‘zligini anglasa bekam,
Uning “barakalla” bo‘lgani shudir.
Olamga Navoiy nasliman degan,
Ovozi baralla bo‘lgani shudir.
27-MAVZU: “SO‘Z SAN’ATI USTALARI (A.QODIRIY, CHO‘LPON, OYBEK, A.QAHHOR, G‘.G‘ULOM VA BOSHQALAR)”. SIFATNING NUTQDAGI O‘RNI
Ulkan isteʼdod egasi Abdulla Qodiriy 1894 yili 10 aprelda Toshkentda bogʻbon oilasida tugʻiladi. U dastlab musulmon maktabida, keyin rus-tuzem maktabi hamda Abulqosim shayx madrasasida taʼlim oladi; Moskvadagi adabiyot kursida oʻqiydi. 1917 yilgi oktyabr oyidagi davlat toʻntarishidan soʻng Eski shahar oziqa qoʻmitasining sarkotibi, “Oziq ishlari” gazetasining muharriri, kasabalar shoʻrosining sarkotibi, “Mushtum” jurnali tashkilotchilaridan biri sifatida ijtimoiy hayotga faol aralashadi. Uning asarlari vaqtli matbuotda Julqunboy, Ju-boy, Dumbulboy, Dumbulnisa, Kalvak Mahzum, Toshpoʻlat tajang, Ovsar kabi oʻnlab maxfiy imzolar bilan bosilib turadi.
Abdulla Qodiriy 1914 yili Rahbarnisa Rasulmuhammadboy qiziga uylanadi. Ulardan Nazifa (1916), Habibulla (1918), Adiba (1924), Masʼud (1928) hamda Anisa (1928) ismli farzandlar dunyoga keladi.
Abdulla Qodiriy ijodiy faoliyatining boshlanishi 1910 yillarning oʻrtalariga toʻgʻri keladi. “Sadoi Turkiston” gaztasining 1914 yil 1 aprel sonida, “Toshkent xabarlari” ustunida “Yangi masjid va maktab” sarlavhali xabar bosiladi. Oradan koʻp oʻtmay, uning “Toʻy”, “Ahvolimiz”, “Millatimga bir qaror”, “Fikr aylagʻil” kabi sheʼrlari, “Baxtsiz kuyov” dramasi, “Juvonboz” hikoyasi chop etiladi. Adib ijodining boshlanish davri namunalari boʻlgan bu asarlarda maʼrifatparvarlik ruhi, jadidona kayfiyat seziladi. Uning 1916 yilda yozgan “Uloqda” hikoyasi bilan dunyo adabiyotdagi nazariy mezonlarga mos keladigan oʻzbek realistik hikoyachiligini boshlab berdi. 1923 yili “Goʻzal yozgʻichlar”da bosilgan “Jinlar bazmi” hikoyasi bilan keyingi nusxalari taqqoslanganda adib oʻz asarlari ustida qayta-qayta ishlagani, uning badiiyati va hayotiylik jihatlariga jiddiy diqqat qilganligi ayon boʻladi. Abdulla Qodiriy oʻz ijodiy taqdirini matbuot bilan bogʻladi. Yuzlab publitsistik maqolalar, hajviy asarlar yozdi. “Kalvak Mahzumning xotira daftaridan”, “Toshpoʻlat tajang nima deydir?” kabi hajviy asarlari bilan adib kulgusi “xarakter kulgusi” darajasiga yetdi. Hayotni kuzatdi – insoniylik aʼmoliga nomuvofiq voqealarga nisbatan turli yoʻsinda hajviy-tanqidiy munosabatlarini bildirdi. Shu jarayonda “felyetonlar qiroli” nomini oldi. Oʻz davrining ayrim adiblari bilan matbuotda bahslashdi. “Jasorat – ayb emas”, “Shallaqi”, “Oʻjar koʻr” nomli maqolalari bahslar natijasi oʻlaroq maydonga keldi. 1926 yilda “Mushtum” jurnalida “Yigʻindi gaplar” maqolasi bosiladi. Aynan shu maqolasidagi “yuqori rahbarlarga tegadigan qaltis gaplari” uchun, ayrim muttaham hamkasblari oqibatida adib 1926 yili 8 mart kuni qamoqqa olinadi. “Abdulla Qodiriy – Julqunboyning 1926 yil 15-17 iyunda boʻlib oʻtkan sudda soʻzlagan nutqi”da oʻsha maqolaning mohiyati, satirik janr tabiati, kulgining tiplari tahlil qilinib, undagi mulohazalar “Ovsar” tilidan faqat ishchi-dehqon manfaati kuzatilib aytilgani”ga, “hukumat kishilariga boʻlgan gaplar, oʻrtoqlik hazili” ekaniga urgʻu beriladi. Chaqimchilar xususida yozadi: “Ammo bir necha shaxslar bu maqolani oʻzlarining, bilmadim, qandogʻdir tarozulariga solib, zararlik topishlari ersa gʻarazgoʻylik, tirnoq ostidan kir izlashdan boshqa narsa emasdir”. Adib oʻz ijodini, oʻzi yozgan fikrlarni, oʻzining haqligini jasorat bilan isbot etadi va aytadiki: “Men toʻgʻrilik orqasida bosh ketsa “eh” deydirgan yigit emasman”.
Navbatdagi yirik asarlaridan biri, adib 1932–1934 yillarda zamonaviy mavzuda yozgan “Obid ketmon” qissasi 1935 yili alohida kitob holida nashr qilinadi. Tabiiyki, adibning hajvchi, jurnalist, publitsist va tarjimon sifatidagi faoliyati ham tahsinga sazovordir.
Garchand adib original asarlar yozib, oʻz xalqining maʼnaviyati xazinasini bebaho durdonalar bilan boyitayotgan boʻlsa ham, mustabid tuzum malaylari uni dushmanlikda aybladi. Abdulla Qodiriy manglayiga qatagʻon qurbonlari silkiga tizilishdek bir qismat bitilgan ekan. Adib 1937 yil 31 dekabr kuni hibsga olinib, 1938 yil 4 oktyabrida xalq dushmani sifatida qatl etiladi.
Alohida taʼkidlash kerakki, Abdulla Qodiriy yozgan asarlar xususida oʻsha davrning Vadud Mahmud, Abdurahmon Saʼdiy, Miyonbuzruk Solihov kabi munaqqidlari matbuotda turli yoʻsinda fikr bildirishdi. Sotti Husayning “Oʻtkan kunlar” romani tanqidiga bagʻishlangan alohida kitobi bosildi. Oybek esa “Abdulla Qodiriyning ijodiy yoʻli” nomli maxsus tadqiqot yozdi.
Abdulla Qodiriy adabiy merosi oʻzidan keyingi oʻzbek adiblari ijodi uchun mahorat maktabi vazifasini oʻtadi. Qardosh xalqlarning romannavislari adibni oʻzlariga ustoz sifatida eʼtirof etishdi. Oʻzbek adabiyotshunosligida Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga oid I. Sulton, M. Qoʻshjonov, U. Normatov, A. Aliyev, I. Mirzayev, F. Nasriddinov, S. Mirvaliyev, N. Karimov, Sh. Turdiyev, A. Rasulov, X. Umurov, X. Ismatullayev, S. Meliyev, Sh. Rizayev, A. Ulugʻov, M. Qarshiboyev, X. Lutfiddinova, I. Gʻaniyev, A. Boboniyozov, S. Toʻlaganova, A. Qahramonov, L. Toshmuhammedova va boshqa turli avlodga mansub olimlarning kitoblari, oʻnlab ilmiy maqolalari, maxsus tadqiqotlari maydonga keldi. Adib avlodlari – H. Qodiriy “Otam haqida”, “Qodiriyning soʻnggi kunlari”, Sh. Qodiriy “37-xonadon” kabi oʻz ota-bobolari toʻgʻrisida qimmatli kitoblar yozishdi. O. Yoqubov, P. Qodirov, T. Malik, Oʻ. Hoshimov, X. Sulton, X. Doʻstmuhammad, N. Boqiy va boshqa oʻzbek adiblarining eʼtiborga molik adabiy maqolalari, suhbatlari, badiiy asarlari paydo boʻldi. Shuningdek, qodiriyshunos sifatida N. Tun, I. Baldauf, Z. Klaynmixel, E. Olvort, X. Murfi, E. Nabi, A. Merxan kabi xorijlik olimlar adib ijodi yuzasidan tadqiqotlar olib borishdi.
Xullas, Abdulla Qodiriy hayoti va ijodini oʻrganish, adib ijodiy merosidan, xususan, “Oʻtkan kunlar” romanidan bahramand boʻlish – bu doimo davom etadigan, avlodlar nazdida yangilanib turadigan sogʻinchli, ayni damda, oʻtmishga aylanmaydigan adabiy va abadiy qadriyatlar sirasiga kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |