40-rasm. Umurtqalarning birlashuvi
1-discus intervertebralis;
2-nucleus pulposus;
3-lig. longitudinale posterius;
4-lig. longitudinale anterius;
5-for.intervertebrale;
6-lig.flavum;
7-lig. interspinale;
8-lig.supraspinale.
Dumg’azaning dum suyagi bilan birlashuvi
Dumg’aza-dum bo’g’imi (articulatio sacrococcygea). Dumg’aza suyagining cho’qqisi I dum umurtqasi bilan fibroz tog’ayli disk vositasida birlashadi. Bu diskning o’rtasida kichkina yoriq bo’lib, 50 yoshlarda bekilib ketadi. Bu bo’g’imni oldingi yuzasida oldingi bo’ylama boylamning davomi bo’lgan ventral dumg’aza-dum boylami (lig. sacrococcygeum ventrale) joylashgan. Lateral dumg’aza-dum boylami (lig. sacrococcygeum laterale) lateral dumg’aza qirrasini pastki chekkasidan boshlanib I dum umurtqasining ko’ndalang o’simtasiga birikadi. Yuza dorsal dumg’aza-dum boylami (lig. sacrococcygeum dorsale superficiale) dumg’aza kanalini yorig’i chekkasidan boshlanib, dum suyagini orqa yuzasida tugaydi. Bu boylam dumg’aza tirqishi teshigini to’liq yopadi. Chuqur dorsal dumg’aza-dum boylamlari (lig. sacrococcygeum dorsale profundum) V dumg’aza va I dum umurtqalarini orqasida joylashgan. Dumg’aza shoxi bilan dum shoxi o’zaro biriktiruvchi to’qima (sindesmoz) vositasida birikkan.
Umurtqa pog’onasini kalla suyagi bilan birlashuvi
Umurtqa pog’onasini kalla suyagi bilan birlashuvida uchta suyak: ensa, I va II bo’yin umurtqalari ishtirok etadi. Bu suyaklar o’rtasida mustahkam, serharakat va murakkab tuzilishga ega, ikkita juft va bitta toq bo’g’im hosil bo’ladi.
Atlant-ensa bo’g’imi (articulatio atlanto-occipitalis) hamkor bo’g’im (41-rasm). Tuzilishi jihatidan u do’ngsimon bo’g’imlar turkumiga kirib, ensa suyagi bo’g’im bo’rtig’i bilan atlantning ustki bo’g’im chuqurchasi o’rtasida hosil bo’ladi. Bo’g’imlar alohida bo’g’im xaltasi bilan o’ralgan. Ular tashqi tomondan oldingi va orqa atlant-ensa pardasi bilan mustahkamlanadi. Oldingi atlant-ensa pardasi (membrana atlanta-occipitalis anterior) ensa suyagi asosi bilan atlantning oldingi ravog’ini ustki qirrasi o’rtasida tortilgan. Orqa atlant-ensa pardasi (membrana atlanto-occipitalis posterior) oldingisiga nisbatan yupqa va keng bo’lib, katta ensa teshigi orqa qismidan atlantning orqa ravog’ini ustki qirrasiga tortilgan. Bo’g’imda harakat ikki o’q atrofida: frontal o’q atrofida boshni oldinga bukish va orqaga yozish, sagital o’q atrofida boshni o’rta chiziqdan uzoqlashtirish va yaqinlashtirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |