Tana suyaklarining birlashuvi Umurtqalarning birlashuvi Umurtqalar o’zaro uch qismi: (40-rasm) tanasi, bo’g’im o’simtalari va yoyi bilan birlashadi. Umurtqalarning tanasi o’zaro umurtqalararo disk (discus intervertebralis) vositasida birlashadi. Umurtqa pog’onasida jami 23 ta tog’ay disk bo’lib, ular II-III bo’yin umurtqalari o’rtasidan boshlanib, to V bel va I dumg’aza umurtqa oralig’igacha joylashgan. Umurtqalararo disk ikki qismdan: tashqi tolali tog’aydan iborat fibroz halqa (annulus fibrosus) va markazda joylashgan liqildoq o’zakdan (nucleus pulposus) iborat. Liqildoq o’zak xuddi bosilgan prujina singari bosim ostida turib amortizator vazifasini bajaradi. Umurtqalararo diskning kengligi umurtqa tanasidan katta bo’lgani uchun ularning chekkasidan chiqib turadi. Umurtqalararo diskning qalinligi bo’yin qismida 5-6 mm, ko’krak qismida 3-4 mm, bel qismida 10-12 mm. Umurtqalarning tanasini birlashuvi oldingi va orqa bo’ylama boylamlar bilan mustahkamlanadi. Oldingi bo’ylama boylam (lig. longitudinale anterius) ensa suyagining halqum bo’tig’i va atlantning oldingi bo’rtig’idan boshlanib, dumg’aza suyagining 2-3 ko’ndalang chiziqlarigacha tortilgan bo’lib, umurtqalararo diskka yopishgan. Orqadagi bo’ylama boylam (lig. longitudinale posterius) II bo’yin umurtqasi tanasini orqa yuzasidan dumg’aza kanaligacha davom etadi va dumg’aza umurtqalarining orqa yuzasida tugaydi. Bu boylam umurtqalar tanasi bilan bo’sh birikkan. Umurtqalararo disk sohasida bu boylam kengayib tog’ayga yopishib ketadi.
Umurtqalarning ravog’i o’zaro sariq boylam (lig. flava) vositasida birikadi. U elastik biriktiruvchi to’qimadan tashkil topgan bo’lib, juda pishiq va sariq rangga ega. Sariq boylam umurtqalar ravog’i oralig’ini to’latib turadi va elastik bo’lgani uchun umurtqa pog’onasini to’g’rilanishini ta’minlaydi.
Bir umurtqaning pastki bo’g’im o’simtasi ikkinchi umurtqaning ustki bo’g’im o’simtasi bilan umurtqalararo bo’g’im (articulationes intervertebrales) hosil qiladi. Bo’g’im yuzalari gialin tog’ay bilan qoplangan. U yassi, ko’p o’qli, kam harakat bo’g’imlar turkumiga kiradi. Uning bo’gim xaltasi bo’g’im tog’ayi chekkasi bo’ylab birikadi. Umurtqalarning birlashuvini mustahkamlashda quyidagi boylamlar ishtirok etadi. Umurtqalarning qirrali o’simtalari oralig’ida qirrali o’simtalararo boylam (ligg. interspinalia) tortilgan bo’lib, bu boylam o’simta uchiga borgach o’zaro qo’shilib ketadi va qirrali o’simta usti boylamini (lig. supraspinalie) hosil qiladi. Bu boylam umurtqa pog’onasi bo’ylab cho’zilgan fibroz tizimcha shaklida bo’lib, bo’yin qismida yaxshi bilingan ensa boylamini (lig. nuchae) hosil qiladi. Ensa boylami yuqoridan tashqi ensa bo’rtigi bilan pastdan VII bo’yin umurtqasi qirrali o’simtasi o’rtasida tortilgan sagittal sathda joylasggan uchburchak plastinka shaklida. Umurtqalarning ko’ndalang o’simtalari o’rtasida ko’ndalang o’simtalararo boylamlar (ligg. intertransversaria) tortilgan. Umurtqa pog’onasining bo’yin qismida bu boylam bo’lmaydi.
Rentgenoanatomiyasi. Umurtqalararo diskning qismlari va boylamlar rentgen nurlarini oson o’tkazib yuboradi. Ular rentgenogrammalarda umurtqalar o’rtasida yorug’lik hosil qiladi. Bu yorug’likning kengligi umurtqalararo diskning balandligiga bogliq bo’lib, umurtqa pog’onasining turli qismlarida turlicha. Shuning uchun umurtqa pog’onasining rentgen tasviri umurtqalar soyasi va umurtqalararo yorug’liklarni metamer almashinuvi ko’rinishida bo’ladi.
Yangi tugilgan bolada umurtqalarning bo’g’im o’simtalari, tanasi, ko’ndalang va qirrali o’simtalariga nisbatan yaxshi rivojlangan. Ularda umurtqalararo disk qalin bo’lib, umurtqa pog’onasi uzunligining 45-48% (kattalarda 30%) tashkil qiladi. Uning yuqori va pastki yuzalarini qoplovchi tog’ay qatlami kattalarga nisbatan qalin. Fibroz halqa yaxshi rivojlangan bo’lib, liqildoq o’zakdan aniq ajrab turadi. Bolalarda umurtqalararo disklar qon tomirlarga boy bo’ladi. Umurtqa pog’onasining boylamlari kam rivojlangan. Umurtqa pog’onasi birlashmalarining takomillashuvida 20 yoshgacha umurtqalararo disklar balandligi sekin-asta kamayib, fibroz halqa qalinlashadi. Boylamlar 12 yoshgacha rivojlanib kollagen tolalari ko’payadi.