1.3. Mutaxassislik fanlarni o‘qitish metodikasi fanining predmeti, maqsadi, vazifalari
Metodika deganda ilmiy bilish faoliyatining shakllari va metodlari majmui haqidagi fan tushuniladi. Bu — nazariy jihatdan qo‘yilgan maqsadga yetish, haqiqatni, reallikni, faoliyatni nazariy yoki amaliy bilish, o‘rganishning usullari yoki operatsiyalari majmuidir.
Metodika pedagogikaning tarkibiy qismi bo’lib, insoni shakllantirishda muayyan maqsad sari qaratilgan sistematik faoliyat to’g’risidagi hamda ta'lim-tarbiya berishning mazmuni, shakli va metodlari haqidagi fandir.
Metodika – muayyan voqea, hodisa va faoliyatga tegishli, qat’iy ketma-ketlikka (algoritmik xarakterga), ilgaridan o‘rnatilgan reja (qoida), tizimga aniq rioya qilish. Metodika biror vazifani maqsadga muvofiq ravishda bajarish, o‘tkazish usullari, yo‘llari majmuasidir.
“Metodika” tushunchasi turli fanlarni o‘qitish bilan ham bog‘liklikda qo‘llanilib, ma’lum sohani o‘qitish jarayoni, mazmuni, qonuniyatlari, tamoyillari, shakl, metod va vositalari yig‘indisini o‘zida ifoda etadi. Pedagog olim A.M.Stolyarenkoning fikricha, “O‘quv fanlarini o‘qitish metodikasi ma’lum bir pedagogik vazifalarni hal etish bilan bog‘liq metod, metodik usullar, vosita va tashkiliy chora-tadbirlar majmuidir”. G.M.Kodjaspirova,
A.Yu.Kodjaspirovlarning fikricha, “O‘qitish metodikasi pedagogik faoliyatni amalga oshirishning aniq usullari, uslublari va texnikasidir”.
O‘qitish metodikasiga qo‘yiladigan zaruriy talablarga quyidagilar kiradi:
aniqlik;
asoslanganlik;
rejalashtirilgan harakatning maqsad va vazifalarga mosligi;
qayta ishlab chiqishga yo‘nalganlik;
hayot bilan uyg‘unlik; 6) natijaviylik.
Yuqoridagi fikrlarni umumlashtirib aytganda, o‘qitish metodikasi o‘zida quyidagilarni aks ettiradi:
ta’limning maqsad va vazifalarini – ta’limiy, tarbiyaviy, rivojlantiruvchi, tashkiliy;
ta’limning qonuniyat va tamoyillarini;
ta’lim mazmunini;
ta’limni tashkil etishning asosiy va yordamchi shakllarini;
ta’limning umumiy va xususiy metodlarini;
o‘quv vositalari; - o‘qitish natijasini.
Ana shu asosdan kelib chiqqan holda, quyida o‘qitish metodikasi mohiyatini yoritib beruvchi asosiy tushunchalarga izoh berib o‘tamiz:
o‘rgatish – o‘qitish maqsadini amalga oshirish bo‘yicha pedagogning tartiblangan faoliyati;
o‘rganish – anglash, mashq qilish, va egallangan tajribalar asosida xulq-atvor va faoliyatning yangi shakllarini egallash jarayoni, oldin egallanganlari o‘zgaradi;
o‘qitish – qo‘yilgan maqsadga erishishga yo‘naltirilgan pedagog bilan talabalarning tartiblangan o‘zaro harakati;
ta’lim – o‘qitish jarayonida egallanadigan bilim, ko‘nikma, malakalar, fikrlash usullari tizimi;
bilim – ma’lum bir fanni nazariy o‘zlashtirishni aks ettiradigan inson g‘oyalari yig‘indisi;
ko‘nikma – egallangan bilimlarning aniq xatti-harakatdagi ifodasi, o‘zlashtirilgan bilimlarni amaliyotga qo‘llash usullarini egallash;
malaka – avtomatlashgan, biror bir uchul bilan bexato bajarish, ko‘nikmaning takomillashgan darajasi;
maqsad – o‘qitishning nimaga qaratilganligi, uning kuchlari kelgusida qay yo‘sinda safarbar etilishi;
mazmun –o‘qitish jarayonida egallanishi lozim bo‘lgan ilmiy bilim, amaliy ko‘nikma va malakalar, faoliyat, fikrlash usullari tizimi;
tashkil etish - qo‘yilgan maqsadni yaxshi amalga oshirish uchun unga zaruriy shaklni taqdim etadigan, aniq mezonlar bo‘yicha tartiblangan didaktik jarayon;
shakl - o‘quv jarayonining tashqi ifodasi, uning ichki mohiyati, mantig‘i, mazmuni uchun qobiq;
metod - o‘qitishning maqsad va vazifalariga erishish (amalga oshirish) yo‘li;
vosita - o‘quv jarayonining predmetli qo‘llab-quvvatlanishi, yangi materialni o‘zlashtirish jarayonida o‘qituvchi va talabalar tomonidan foydalaniladigan ob’ekt;
natija - o‘quv jarayonining so‘nggi mahsuli, belgilangan maqsadlarning amalga oshganlik darajasi.
metodik (uslubiy) ko‘rsatma – muayyan fanning o‘quv dasturi bo‘yicha kurs ishlari, loyihalar, laboratoriya mashg‘ulotlari va amaliy ishlarni bajarish tartibi aniq ko‘rsatilgan va batafsil ifodalangan, hamda ushbu fan bo‘yicha talabalarda zarur amaliy ko‘nikma va malakalar hosil qilishga mo‘ljallangan ta’lim muassasasining ilmiy kengashi tavsiyasi asosida nashr etiladigan kichik hajmli qo‘llanma.
Mutaxassislik fanlarini o‘qitish metodikasi o‘quv fanini o‘zlashtirish jarayonida amalga oshiriladigan masalalar doirasida magistr mutaxassislik fanlarini o‘qitish qonuniyatlari va tamoyillari, mutaxassislik fanlari ta’lim mazmunini tanlash mezonlari, mutaxassislik fanlarini o‘qitish metod va vositalari, mutaxassislik fanlarini o‘qitishning tashkiliy shakllari, mutaxassislik fanlarini o'qitishning axborot texnologiyalari, mutaxassislik fanlarini o‘qitish texnologiyalari, mutaxassislik fan o‘qituvchisining o‘quv meyoriy hujjatlari va metodik ishlari, ularni rejalashtirish, tashkil etish va tayyorlash metodikasi kabilarni o’rganadi.
Magistratura talabalari uchun “Mutaxassislik fanlarini o‘qitish metodikasi” o‘rganilishi zarur bo‘lgan asosiy predmetlardan biri hisoblanadi.
Dars o‘tish o‘qituvchidan fanni puxta bilishnigina emas, balki o‘z bilimini ustalik bilan talabalar ongiga yetkazishni ham talab qiladi.
Talabalar fanni puxta o‘zlashtirishlari uchun uni o‘rganishda qo‘llaniladigan metodlar katta ahamiyatga ega. Shu sababli, bo’lajak pedagoglar mutaxassislik fanlarni o‘rganish metodlarini puxta egallashlari, ularni mahorat bilan qo‘llay bilishlari kerak.
“Mutaxassislik fanlarini o‘qitish metodikasi” fanining maqsadi – yetuk kadrlarni tayorlash maqsadida o‘quv jarayonini samarali tashkil etish, mutaxassis fanlarini o‘qitishda qo‘llaniladigan turli an‘anaviy va interfaol usullar va ularni dars jarayonida qo‘llash yo‘llarini o‘rgatish hamda yangi usullarni yaratish bo‘yicha ko‘nikma va malakasini shakillantirishdir.
Fanning vazifasi – magistratura talabalarini mtaxassis fanlarini o‘qitish metodikasi sohasi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot, ilmiy –pedagogik va amaliy ishlab-chqarish faoliyatiga tayorlashdan iborat.
Mutaxassislik fanlarini o‘qitish metodikasi ta’lim va tarbiya jarayonining tuzilishi, qonuniyat va tamoyillari; mutaxassislik fanlarini o‘qitish jarayonida professor-o‘qituvchining vazifalari va talabalarning o‘quv-bilish faoliyatini tashkil etish, talabalarning diqqatini jalb qilish va mashg‘ulot samaradorligini oshirish metodlari va vositalari, mutaxassislik fanlarini o‘qitish shakllari (ma’ruza, seminar, amaliy, laboratoriya, mustaqil ta’lim, kurs ishlari, bitiruv malakaviy ishlari, o‘quv amaliyoti, malakaviy amaliyoti)ni tashkil etish va o‘tkazish metodikasini, mutaxassislik fanlarini o‘qitish jarayonida talabalarning bilim, ko‘nikma va malakalarini tashxis etish turlari, shakl va metodlarini, mutaxassislik fanlarini o‘qitishning multimedia va interfaol ta’lim texnologiyalarini tadqiq etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |