Viktimogenlik ijtimoiylashuv holatlarida ta’siri insonni ayni shu holatlar qurboniga aylantirishi mumkin bo‘lgan xossalar mavjudligini anglatadi.
Viktimlik insonning u yoki bu holatlar qurboniga aylanish moyilligini tavsiflaydi.
Viktimlashuv - insonning yoki kishilar guruhining ijtimoiylashuv jarayonining ko‘ngilsiz sharoitlari qurboniga aylanish jarayoni va uning natijasi.
Ijtimoiylashuvning har bir yosh bosqichida inson duch kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni ajratish mumkin. Masalan, homilaning rivojlanish davrida: ota-onaning nosog‘lomligi, ularning ichkilikbozligi, onaning yomon ovqatlanishi, ota-onaning salbiy emotsional-psixologik holati, tibbiy xatolar, ekologik muhit. Kichik maktab yoshida: kasalliklar va jismoniy shikastlar, ota-onaning bolaga e’tiborsizligi, oilaning qashshoqligi, bolalar muassasalari xodimlari faoliyatining insoniylikka zidligi, tengdoshlarning salbiy ta’siri. O’smirlik davrida: ichkilikbozlik, giyohvandlik, qashshoqlik, ideallar va real hayot o‘rtasidagi ziddiyat, yolg‘izlik, ta’limni davom ettirish imkoniyatining yo‘qligi.
Konkret insonning bu xavf-xatarlardan birortasi bilan to‘qnashishi amalda yuz berishi yoki yuz bermasligi ob’yektiv sharoitlarga va shaxsning individual xususiyatlariga ko‘p jihatdan bog‘liqdir.
Ijtimoiylashuvning ko‘ngilsiz sharoitlari qurbonlarini shartli ravishda real, potensial va latentga ajratish mumkin. Nogironlar, bolalar, o‘smirlar va yetimlar ijtimoiylashuv jarayoni ko‘ngilsiz sharoitlarining real qurbonlariga aylanishlari mumkin. Ruhiy holati buzilgan bolalar va o‘smirlarni, migrantlarning farzandlarini, iqtisodiy, axloqiy va ma’lumot darajasi past bo‘lgan oilalardan chiqqan bolalarni potensial qurbonlar deb hisoblash mumkin. Ijtimoiylashuvning ob’yektiv holatlari tufayli o‘z qobiliyatlari va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqara olmagan kishilarni ijtimoiylashuv jarayoni ko‘ngilsiz sharoitlarining latent qurbonlari deb hisoblash mumkin. Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, har ming kishidan bittasigina o‘ta qobiliyatli bo‘lib tug‘iladi. Ijtimoiylashuv sharoitlarining qulaylik darajasiga qarab ushbu moyillik taxminan qobiliyatlarga ega bo‘lgan millionlardan bittasidagina rivojlanadi. O’n million kishidan bittasigina haqiqiy dahoga aylanadi, ya’ni Enshteynlar va Chaykovskiylarning ko‘pchiligi hayot yo‘lida adashadi, chunki ijtimoiylashuv sharoitlari ularda mavjud bo‘lgan qobiliyatlarning rivojlanishi uchun kifoya qilmaydi.
Ijtimoiylashuvning ko‘ngilsiz sharoitlari qurbonlari har qanday jamiyatda paydo bo‘lsa-da, u yoki bu jamiyatda ularga munosabat har xil bo‘lishi: ular tan olinishi yoki tan olinmasligi, ular haqida g‘amxo‘rlik qilinishi yoki qilinmasligi, ularning mavjudligi e’tiborga olinmasligi mumkin.
Inson ijtimoiylashuv ko‘ngilsiz sharoitlarining qurboniga aylanishi yoki aylanmasligini belgilovchi sub’yektiv omillar qatoriga eng avvalo uning individual xususiyatlari kiradi. Inson o‘zini qurbon sifatida sub’yektiv idrok etishi ham ayni shu omilga bog‘liq bo‘ladi. Individual xususiyatlarga mijoz, fe’l-atvor, me’yordan og‘uvchi xulq-atvorga genetik moyillik, insonda refleksiyaning rivojlanish darajasi, uning qadriyatlarga munosabatini kiritish mumkin. Inson o‘z yo‘lida duch keluvchi xavf-xatarlarga qarshilik ko‘rsatishga qodir yoki qodir emasligi insonda ayni shu xossalar mavjudligiga ko‘p jihatdan bog‘liq bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |