7.1.1-chizma. Hodisalar o‘rtasidagi bog‘lanishni o‘rganish bosqichlari
Statistikada hodisalar o‘rtasidagi bog‘lanishlarni tadqiqot maqsadi va vazifalaridan kelib chiqqan holda o‘rganishning ko‘plab usullari ishlab chiqilgan. Belgilar va hodisalar o‘rtasidagi bog‘lanishlarning turli-tumanligi ularni turli mezonlar asosida guruhlash imkonini beradi. Guruhlashlarni amalga oshirida hodisalar o‘rtasidagi bog‘liqlik quyidagi shakllarda asosida amalga oshiriladi (7.1.2-chizma).
7.1.2-chizma. Hodisalar o‘rtasidagi bog‘lanish turlari
Funksional bog‘lanishlarda bir o‘zgaruvchi belgining har qaysi qiymatiga boshqa o‘zgaruvchi belgining aniq bitta qiymati mos keladi. Bunday bog‘lanishning muhim xususiyati shundan iboratki, bunda barcha omillarning to‘liq ro‘yxatini, ularning natijaviy belgi bilan bog‘lanishini to‘la ifodalovchi tenglamani yozish mumkin. Masalan, uchburchakning yuzi (S) faqat uning asosi (a) bilan balandligi (h) ga bog‘liq bo‘lib, bu bog‘lanish formula bilan to‘la ifodalanadi. Bu erda «a» va «h»-omil, mutanosiblik koeffitsientidir.
Omil belgining har bir qiymatiga natijaviy belgining aniq qiymatlari emas, balki har xil qiymatlari mos kelsa, bunday bog‘lanishlar korrelyasion bog‘lanishlar deb yuritiladi. Ularning xarakterli xususiyati shundan iboratki, bunda natijaga ta’sir qiluvchi barcha omillarning to‘liq ro‘yxatini aniqlash mumkin emas. Masalan, mahsulot tannarxini pasaytirish faqat ishchini malakasini oshirishga emas, balki xom ashyo narxining pasayishiga, korxonaning to‘liq modernizatsiyalashgani va boshqa omillarga bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Agar omil belgining ortishi (yoki kamayishi) bilan natijaviy belgi ham ortib (yoki kamayib) borsa, ular o‘rtasidagi bog‘lanish to‘g‘ri bog‘lanish deyiladi. Aksincha, natijaviy belgining o‘zgarish yo‘nalishi omil belginikiga qarama-qarshi bo‘lganda bog‘lanish teskari bo‘ladi.
To‘g‘ri chiziqli bog‘lanishda omil belgining o‘zgarishi bilan natijaviy belgining o‘zgarishi bitta yo‘nalishda bo‘ladi, ya’ni omil belgi oshib borsa, natijaviy belgi ham oshib boradi va aksincha.
Egri chiziqli bog‘lanishda esa, omil belgining o‘zgarishi bilan natijaviy belgi ma’lum bir vaqtgacha parallel o‘zgarib boradi, ma’lum bir nuqtaga etgandan so‘ng natijaviy belgining o‘zgarish yo‘nalishi farqlana boshlaydi. Demak, ular o‘rtasida bog‘lanish doimiy emas.
Bir omilli bog‘lanish oddiy juft omilli deyiladi, bunda ikki belgi o‘rtasidagi bog‘lanishlar o‘rganiladi. Masalan, foyda va mehnat unumdorligi o‘rtasidagi korrelyasion bog‘lanish mavjud.
Ko‘p omilli bog‘lanishda esa barcha omillar kompleks tarzda tadbiq qilinadi. Misol uchun, mehnat unumdorligi ortishi bilan ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, ishchilar malakasi, ishchilarning mehnat staji va boshqa omil belgilar o‘rtasida korrelyasion bog‘lanish kuzatiladi.
Statistikada muntazam ravishda bog‘lanishlarni miqdoriy jihatdan baholashni o‘tkazish kerak emas. Eng muhimi bog‘lanishlarning yo‘nalishi va xarakteri, bir omilning ikkinchisiga ta’sir etish shaklini aniqlashdir. Statistikada bog‘lanishlarning mavjudligi, yo‘nalishi va xarakterini aniqlash uchun quyidagi usullardan foydalaniladi:
parallel qatorlarni solishtirish;
analitik guruhlash;
grafik;
korrelyasion tahlil.
Do'stlaringiz bilan baham: |