Qisqacha xulosalar
Ishlab chiqarish va korxona faoliyatining samaradorligi «moda»ga ergashish yoki avvalgi rejali iqtisodiyotning aks-sadosi emas. Korxonaning muvaffaqiyati va iqtisodiy jihatdan barqarorligi samarali xo‘jalik yuritishga asoslanadi.
Samaradorlik - xo‘jasizlik, isrofgarchilik va boshqa talofatlarning antipodidir. Biroq samaradorlik o‘z-o‘zidan avtomatik ravishda kelmaydi. Fan-texnika taraqqiyoti, ishlab chiqarish quvvatlari va resurslardan oqilona foydalanish, tejamkorlikka rioya qilish, ishlab chiqarishni intensivlashtirish, boshqaruv tizimini takomillashtirish va oqilona investitsion siyosat samaradorlikni oshirishning muhim omili va yo‘nalishi bo‘lib xizmat qiladi.
Samaradorlikning asosi xarajatlarni minimallashtirish va foydani maksimallashtirishdadir. Korxona xo‘jalik yuritishining samaradorligini tavsiflovchi asosiy ko‘rsatkichlar sifatida mehnat mahsuldorligi, fond qaytimi va fond sig‘imi, material sig‘imi, mehnat sig‘imi, rentabellik va hokazolarni ko‘rsatish mumkin.
Korxonaning barqarorligi yoki nochorligi uning samarali yoki samarasiz faoliyat yuritishini mos ravishda aks ettiradi. Bu jihatdan bugungi xo‘jalik yuritish amaliyoti to‘lov qobiliyati koeffitsienti, xususiy va qarzga olingan aylanma mablag‘lar nisbati koeffitsienti, moliyaviy mustaqillik koeffitsienti va xususiy aylanma vositalar bilan ta’minlanganlik koeffitsienti kabi ko‘rsatkichlar tizimidan foydalanadi.
Turli korxonalarda xo‘jalik yuritish samaradorligiga o‘z imkoniyatlari va yuzaga keluvchi iqtisodiy imkoniyatlardan kelib chiqqan holda turli usullar yordamida erishiladi. Samaradorlikka erishishning hamma uchun to‘g‘ri keluvchi yagona yo‘li mavjud emas. Korxonaning vazifasi barcha faoliyat turlarida samaradorlikka erishish yo‘llarini qidirishdir.
Nazorat va muhokama uchun savollar
Ishlab chiqarish samaradorligining mohiyati nimada va u korxona umumiy faoliyati samaradorligidan qanday farq qiladi?
Samaradorlikning qanday turlarini bilasiz? Samaraning samaradorlikdan farqi nimada?
Korxona ishlab chiqarish faoliyati samaradorligining muhim ko‘rsatkichlari mazmunini ochib bering. Bu ko‘rsatkichlarni hisoblash usuli qanday?
Sizning fikringizcha, qaysi ko‘rsatkich korxona faoliyati samaradorligini ko‘proq aks etitradi?
Korxona faoliyati samaradorligini oshirishning asosiy yo‘llari va omillarini sanab bering.
Bozor sharoitlarida samaradorlikni iqtisodiy ko‘rsatkich hamda tushuncha sifatida qabul qilish mumkinmi?
Ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda asosiy o‘rin kimga tegishli: insonlargami, resurslargami yoki fan-texnika taraqqiyotigami?
Do'stlaringiz bilan baham: |