Tarqalish fazasida dorilarning o‘zaro ta’siri
A’zo va to‘qimalar qon aylanishiga ta’sir qiladigan dori moddalari birga ishlatilayotgan dorilarning tarqalishiga ta’sir qilishi mumkin. Masalan, yurak yetishmovchiligi bor bemorlarda buyraklar qon aylanishi kamayishi va buyrak koptokchalari filtratsiyasi buzilganligi sababli siydik haydovchi moddalarning ta’siri ancha sust kechadi. Bemorlarga kiritilgan qon tomirlarini kengaytiruvchi va yurak qisqarish qobiliyatini oshiruvchi dorilar diuretiklar ta’sirini kuchaytiradi.
Qonning reologik xususiyatlarini yaxshilovchi moddalar (trental, dipiridamol, reopoliglyukin) preparatlarning mayda qon tomirlarda tarqalishini yaxshilaydi.
Intal, glyukokortikoidlar olayotgan bronxlar obstruksiyasi bor bemorga bir vaqtda bronxlarni kengaytiruvchi dorilar (simpatomimetiklar) yuborilsa, yuqorida aytilgan preparatlarning bronxlarning kerakli joyiga tarqalishini yaxshilaydi.
Dorilarning oqsil bilan bog‘lanish fazasidagi o‘zaro ta’siri
Dorilar kombinatsiyasidagi oqsil bilan bog‘lanish qobiliyati yuqori bo‘lgan dorilar oqsil bilan bog‘langan boshqa dorilarni siqib chiqarish, ularning qon plazmasidagi sof miqdorini oshirish hisobiga ularning farmakoterapevtik samarasini va salbiy ta’sirini kuchaytirishi mumkin. Yuqoridagi qonuniyat qon plazmasi oqsili bilan 85 foizdan ko‘p bog‘langan dorilar uchun (masalan, oqsil bilan bog‘langan digitoksinning 98 foizdan 96 foizga kamayishi uning qondagi sof holdagi miqdorini 2 martaga oshyradi), bu esa bemor uchun xavflidir. Bu hodisa digitoksin bilan klofibrat bir vaqtda ishlatilganda kuzatilishi mumkin. Salitsilatlar, butadion, klofibrat bilvosita ta’sir qiluvchi konni suyultiruvchi moddalarni ko‘paytiradi, bular o‘z navbatida lidokain, propranalol, xinidin, veropamil, digitoksinni oqsildan siqib chiqaradi.
Dori moddalarning biotransformatsiya jarayonidagi o‘zaro ta’siri
Dorilar biotransformatsiyasi asosai jigarda mikrosomal fermentlar ta’sirida kechadi, ko‘p dorilar bu jarayonni tezlashtirishi yoki sekinlashtirishi aniqlangan. \
Bu jarayonni tezlashtiruvchi dorilarni induktorlar (barbituratlar, ddt, geksaxloran, alkogol, kofe), o‘z metabolizmini kuchaytiruvchilarni (fenobarbital, butadion, nitratlar) autoinduktorlar deb yuritiladi. Induktorlar bilan birga yuborilayotgan dorilar miqdorini ko‘paytirish kerak (masalan, bilvosita antikoagulyantlar). Induktorlarni kiritish to‘xtatilganda u bilan yuboriladigan dori miqdorini kamaytirish tavsiya qilinadi, aks holda dorining salbiy ta’siri kuzatilishi mumkin.
Mikrosomal ferment tizilmasi faolligini susaytiruvchi moddalar (narkotik, og‘riq qoldiruvchi, aktinomitsin, antidepressantlar, simetidin va boshqalar) ingibitorlar deb ataladi, bular bilan bir vaqtda kiritilayotgan dorining jigarda metabolizmi susayishi hisobiga ularning qondagi miqdori oshib ketadi va salbiy ta’sir qilish xavfi kuchayadi. Masalan, simetidin bilvosita ta’sir qiluvchi qonni suyultiruvchi dorilarni jigardagi metabolizmini susaytirib, qon oqish xavfini kuchaytiradi.
Levomitsetin — tolbutamid, difenilgidantoin va neodikumarinni jigardagi metabolizmini susaytiradi, natijada (levomitsetin va tolbutamid bir vaqtda ishlatilganda) gipoglikemik komaga sabab bo‘lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |