LABORATORIYA MASHG`ULOTI. GAZ XROMATOGRAFIYA TAHLIL USULI UCHUN DORI VOSITALARINI TAYYORLASH VA CHINLIGINI ANIQLASH.
Laboratoriya mashg‘ulotining rejasi
GSX asbob qismlari bilan tanishtirish.
Detektor qurilmasi turlari hamda ular bajaradigan vazifalarini o‘zlashtirish.
GSX uchun namuna tayyorlash tartibi bilan tanishish.
Xromatogramma orqali ushlanish parametrlarini aniqlash.
Dori moddalar tozaligi va chinligini aniqlash.
Mashg’ulot maqsadi:Laboratoriya mashg‘ulotida talabalarni gaz suyuqlik xromatografiya usulini dori moddalar tahlilida qo‘llashni o‘rganish.
Laboratoriya mashg’ulotini bajarish davrida kutilayotgan natijalar:
Talabalarga GSX tahlil asoslarini o‘rgatish, gaz suyuqlik xromatografiyasi uchun mos sorbentlarni o‘rganish, sorbentlarga qo‘zg‘almas suyuq fazalarni o‘tkazish.
Laboratoriya mashg`ulotlarini o`tkazish uchun zarur asbob-uskunalar:Darslik, ma’ruza matni, o‘quv qo‘llanmalar,xromatografik kolonkalar, kolonka, chizg’ich, purkagich, turli ochuvchi reagentlar, voronka, mikroshprits, probirkalar, reaktivlar, ko‘rgazmalimateriallarlar, skotch, qog‘oz.
Gaz suyuqlik xromatografiyasi (GSX) moddalar aralashmasini tarkibiy qismlarga ajratib, ularni sifat va miqdorini aniqlashda keng qo‘llaniladi. Bunda aralashmadagi tarkibiy qismlarni bir-biridan ajralishi, ularning fizik-kimyoviy hususiyatlariga qarab amalga oshadi. Xromatografik kolonkada qo‘zg‘almas va qo‘zg‘aluvchi faza o‘rtasida moddalar taqsimlanadi. Ular bir necha marotaba adsorbsiya, desorbsiya jarayonlariga uchraydi. Aralash dori vositalarini bir-biridan ajratish mahsus gaz suyuqlik xromatografik qurilmalarda amalga oshiriladi. Bu qurilma quyidagi qismlardan tashkil topgan:
Qo‘zg‘aluvchi faza manbai (gaz baloni);
Gazni bosimni o‘lchab zarur bosimda uzatib beruvchi qurilma-reduktor;
Tekshiriluvchi aralashmani tahlil uchun yuboriladigan qism-dozator;
Xromatografik kolonka;
Kolonkadan chiqayotgan moddalarni ayrim fizik-kimyoviy xususiyatlariga asoslanib aniqlovchi qism-detektor;
Detektor o‘zgarishini qayd qiluvchi qism-yozib oluvchi moslama-potensiometr.
Qurilmada dozator, kolonka va detektor lar alohida termostatga joylashtirilgan bo‘lib, istalgan haroratda qizdirish mumkin.
Xromatografik kolonkadan chiqayotgan gaz tarkibining o‘zgarishi detektorda seziladi va bu yozib oluvchi moslamada qayd etiladi. Ikki turdagi, integral va differensial detektorlar mavjud bo‘lib, integral
detektor signali asosan gaz oqimidagi tekshiriluvchi moddaning umumiy massasiga to‘g‘ri proporsionalligi asosida aniqlanadi. Detektor orqali toza gaz o‘tganda, xromatografik qog‘oz tasmasida gorizontal to‘g‘ri chiziq chiziladi. Detektorga biror aralashma kelib tushganda gaz va ajralgan modda aralashmasi xromatogrammada pog‘onali chiziqlar paydo bo‘ladi, bu pog‘onalarning balandligi ajralgan moddaning gaz oqimidagi miqdoriga mutonosib bo‘ladi.
Ko‘pchilik xromatograflarda asosan differensial detektorlar ishlatilib, bu detektorlar xromatografik kolonkada ajralayotgan moddaning miqdorini gaz oqimida vaqt birligidagi o‘zgarishini ko‘rsatadi. Differensial detektorlar konsentratsion va oqimli detektorlarga bo‘linadi.
Konsentratsion detektorlarga-katarometr misol bo‘lib, u kolonkadan o‘tayotgan qo‘zg‘aluvchi gazlarning issiqlik o‘tkazish o‘zgaruvchanligini aniqlaydi. Bu detektorning ishlashi qizdirilganda gazlarning issiqlik o‘tkazishisha bog‘liq holda elektr o‘tkazgichlarning qarshiligining o‘zgarishiga asoslangan. Bunda elektr o‘tkazgichlar yordamida toza gaz va gazning tekshiriluvchi modda bilan aralashmasi orasidagi issiqlik o‘tkazish effektlari farqi aniqlanadi.
Elektr o‘tkazgichning qarshiligi asosan gaz oqimidagi moddaning konsentratsiyasiga munosib holda o‘zgaradi.
Oqimli detektorlarga ionizatsion – alangali detektorlar misol bo‘lib, bunda organik moddalarni ikki elektrod o‘rtasidagi vodorod alangasida yonib ionlashgan radikallar hosil qilish va shu modda konsentratsiyasiga nisbatan ionlarning munosib ravishda oshishi bilan xarakterlanadi.
Gaz suyuqlik xromatografiyasida detektorlardan kelayotgan impulslarni potensiometrlar yordamida xromatografik qog‘ozlarga yozib olinadi. Detektorlardan olingan signallar gaz oqimi, hajmi yoki kolonkalardan ajralayotgan moddaning kolonkada ushlanish vaqti, xromatografik cho‘qqi balandligi, xromatografik cho‘qqi asosi, xromatografik cho‘qqi yuzasi kabi ko‘rsatkichlar bilan xarakterlanadi.
Moddaning xromatografik kolonkada ushlanish vaqti, moddani xromatografik kolonkaga yuborilgan vaqtidan uni kolonkadan eng ko‘p miqdorda ajralib chiqishigacha sarflangan vaqt bilan belgilanadi. Bu vaqt moddalarning gaz xromatografik tahlil qilishda bir xil sharoit saqlanganda moddalar sifatini aniqlovchi asosiy ko‘rsatkich bo‘lib hisoblanadi.
Gaz xromatografiyasida moddalarni ajratishda qo‘zg‘aluvchi faza sifatida asosan inert gazlar: azot, geliy, argon; sorbentlar sifatida esa inzim g‘ishti, xemosorb, xromaton, deserb va shu kabi turli g‘ovak moddalar ishlatiladi.
Xromatograflardan: Svet-6, Svet-100, LXM-4, LXM-8MD, gazoxrom va boshqalar mavjud.
Ish boshlashdan avval gaz xromatografini uchiruvchi (dozator) blokidagi tiqinchalarni zich yopilganiga ishonch hosil qilish, buning uchun kichkina shyotka yordamida uchiruvchi blokidagi tahlil uchun modda yuboriladigan qismga (dozator) sovun eritmasi (ko‘pigi) surtiladi. Bunda havo pufakchalari paydo bo‘lmasligi, uchiruvchi bloki zich yopilgandan dalolat beradi. Agarda havo pufakchalari hosil bo‘lsa, u holda rezina tiqinchani o‘qituvchi ishtirokida almashtirish zarur. Tiqinchalarning zich yopilganligi butun laboratoriya mashg‘uloti davomida tekshirilib turilishi lozim.
Gaz xromatografik tahlilida avval o‘zi yozuvchi blokni diagramma tasmasini ishga tushiriladi. Xromatogrammani yozuvchi blok tutqichi asosiy va ko‘rsatkich barmoq bilan 3-4 sm o‘ng va chap tomonlarga asta-sekin suriladi, bunda pero asl holiga kelishi kerak. So‘ng mikroshprits bilan 0,5 mkl tozalangan suv va 0,5 mkl havo olib xromatografning uchiruvchi blokiga yuboriladi, bunda tekshiriluvchi moddani dozatorga yuborilishi sekundomer yordamida belgilanadi va diagramma tasmasida yuborilgan toza havoning egri chizig‘i paydo bo‘lishi kuzatiladi va shu egri chiziq ro‘parasiga “havo” deb yozib qo‘yiladi. Havo tahlili gaz xromatorafining sezgirligi darajasi – x,I da olib boriladi. Xromatografning sezgirligi darajasi qog‘oz tasmada tekshiriluvchi tahlil nomi qatoriga yozib qo‘yiladi. Masalan: x, I.
Suv bug‘ining hamda havoning xromatografik tahlili laboratoriya mashg‘uloti boshida, o‘rtasida va oxirida tekshirib ko‘riladi. Xromatograf havo yordamida tekshirilgandan so‘ng unga o‘qituvchi tomonidan berilgan aniq moddaning aralashmasi namunasi yoki toza holda eritma yuboriladi.
Xozirgi vaqtda bozor iqtisodiyotiga o‘tish munosabati bilan tayyor dori vositalarini ishlab chiqishda va is’temolchiga etkazib berishda olib boriladigan nazorat susaymoqda. Natijada dori vositalarini sifatini talabga javob bermaydigan holatlar uchramoqda. SHuningdek qalbakilashtirilgan dorilar salmog‘i ham oshib bormoqda. Bunday holatlarni oldini olish uchun zamonaviy, sezgir va dori vositalarini tarkibiy
qismlari bo‘yicha sifatini hamda miqdorini aniqlash imkonini beradigan gaz xromatografik usullardan foydalaniladi.
Masalan: ayrim dori vositalari tarkibiga etil spirti kiradi. U asosan erituvchi modda sifatida qo‘llaniladi. Bunday dori vositalari qatoriga kamfor spirti, salitsil kislota spirtli eritmasi, bor kislotasining spirtli eritmasi, 5%, 10% yodning spirtli eritmalari hamda valerianka, arslon quyruq, do‘lana, karvalol va boshqa nastoykalar kiradi.
Ushbu dori vositalarining tarkibiga kiruvchi etil spirtini turli miqdordagi va turli konsentratsiyadagi eritmalari tashkil etadi. Bunday dori vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar, ayrim hatoliklarga yo‘l qo‘ygan holatda, dori vositasi tarkibidagi etil spirtini miqdori davlat farmakopeyasi talablariga javob bermay qolishi mumkin. Yoki ayrim shaxslar tomonidan kichik moslamalarda ushbu dorilarga o‘xshash qalbaki dorilar tayyorlanishi mumkin va bu mahsulot is’temolchilarga etib borishi ham mumkin.
YUqorida qayd etilgan holatlar oldini olish uchun dori vositalarini qat’iy nazorat ostiga olish lozim. Ko‘rsatilgan misolda etil spirtini dori vositalari tarkibida bor-yo‘qligini va miqdorini aniqlash muhim. SHu sababli uni zamonaviy sezgir usulda aniqlash maqsadga muvofiq. SHunday qilib, etil spirtini sifatini gaz xromatografik usulida aniqlashni ko‘rib chiqamiz. Buning uchun quyidagi vazifalarni bajarish lozim:
Xromatografik kolonkalarning o‘lchamlari 100 x 0,6 sm.
Qo‘zg‘almas fazani ushlab turuvchi qattiq faza, natriy ishqori va alkilsulfanatning natriyli tuzlari (0,3g dan) bilan ishlangan inzim g‘ishti – 600 (0,25-0,5 mm).
Qo‘zg‘almas faza – SHostakov balzami (vinilin), qattiq faza ustiga 1:5 nisbatda shimdiriladi.
Xromatografik kolonka va detektor blokining harorati 750S dozatorning harorati – xona haroratida bo‘ladi va xona haroratidan 1000S da o‘zgarishi spirtlarning ajralishiga ta’sir etmaydi.
Qo‘zg‘aluvchi faza (gaz) – azot.
Gazning tezligi – 50-60 ml/min.
Detektor toki – 60-100 MA.
Xromatogrammani yozish masshtabi 1:1.
Xromatografik qog‘oz tasmasining harakat tezligi 720 mm/soat.
Spirtlarni tahlili tekshiriluvchi diagramma tasmasini yurgizish bilan boshlanadi. Bunda xromatografga havo namunasi yuborib ko‘rilgandan so‘ng, unga quyidagi usulda olingan alkilnitritlarning aralashmasi yuboriladi: 0,5 ml spirtlar aralashmasini 0,5 ml 50% uchxlorsirka kislotasi saqlagan pensillin idishchasiga solinadi. So‘ngra shisha idishcha rezinka tiqin bilan yopilib maxsus tayyorlangan qurilmaga o‘rnatilib, aralashtiriladi va unga shprits yordamida 0,25ml 30% natriy nitrat eritmasi yuboriladi. Olingan aralashmani 1 daqiqa davomida tik tutgan holda aralashtirib, shprits yordamida 2 ml, gaz - havo qismidan olinib, xromatografni tahlil namunalarini yuboruvchi qismga yuboriladi. Bunda aralashmaning yuborilgan vaqti, xromatogramma egri chizig‘ining eng baland nuqtasini hosil bo‘lish vaqtlari (yoki masofasi) belgilanadi. Buning hammasini talabalar o‘zlarining ish daftariga yozib oladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |