O’zbekistonning terrorizmga qarshi kurash bo’yicha xalqaro tuzilma va tashkilotlardagi ishtiroki. O’zbekistonning xalqaro terrorizmga qarshi kurashdagi ishtiroki mintaqaviy tashkilotlardagi faoliyatida ham yorqin namoyon bo’lmoqda. Xalqaro siyosatning asosiy sub`ektlariga davlatlar tomonidan tuzilgan xalqaro-siyosiy yoki harbiy-siyosiy tashkilotlar ham kiradi. Ular qatoriga Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), Janubiy-sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN), Yevropa Ittifoqi, Arab mamlakatlari ligasi (AML), Amerika davlatlari tashkiloti (ADT), Afrika birligi tashkiloti (ABT), Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT), Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi (MDH), Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT), Yevroosiyo iqtisodiy hamkorligi tashkiloti (YEIHT), Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) kabi bir qator mintaqaviy tashkilotlar doirasida qabul qilingan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashga qaratilgan shartnomalarni bajarishda faol qatnashib kelmoqda. Zero, O’zbekiston Respublikasining ushbu shartnomalarda qatnashishi uning ichki va tashqi siyosatining mantiqiy davomidir.
Terrorizmga qarshi kurash, uni bartaraf etish masalalariga oid siyosiy-huquqiy xujjatlar nafaqat BMT doirasida, balki Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi, YEXHT, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti kabi tuzilmalar a`zolari bo’lgan davlatlar o’rtasida ham imzolangan. MDH a`zolari tomonidan 1999 yilning 4 iyunida imzolangan “Terrorizmga qarshi kurash to’g’risidagi shartnoma” O’zbekiston MDHdagi aksilterror markazi ishida ham faol qatnashayotganidan dalolat beradi.
2001 yil 15 iyunda “Terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash to’g’risida” Shanxay konventsiyasi imzolangan. Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi to’g’risida 2002 yil 7 iyunda Shanxay hamkorlik tashkiloti a`zolari o’rtasida imzolangan kelishuv va boshqa hujjatlarda terrorizm, separatizm va ekstremizmning xalqaro tinchlik va xavfsizlikka, davlatlararo do’stona munosabatlarga hamda insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta`minlashga xavf solayotganligi, shuning uchun barcha tinchliksevar kuchlarning unga qarshi kurashda hamkorlik qilishi zarur ekanligi qayd etilgan.
2004 yil iyunida Shanxay hamkorlik tashkilotining Toshkentda bo’lib o’tgan Sammitida xavfsizlikka tahdidlar masalasida yagona yondashuv va qarash, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, maxsus xizmatlar va huquqni muxofaza qiluvchi organlar o’rtasida mustahkam hamkorlikni yo’lga qo’yish, xalqaro miqyosdagi Yetakchi aksilterror markazlari (BMT, Interpol, ASEAN) bilan konstruktiv hamkorlik qilish Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining faoliyatidagi o’ziga xos printsipial jihatlar ekanligi yana bir bor qayd etildi. Shuningdek, Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi terrorchilik, ayirmachilik va ekstremizmning barcha ko’rinishlari hamda xalqaro jinoiy faoliyatni moliyaviy ta`minlab turgan narkotrafikka qarshi izchil kurashish borasida mintaqa mamlakatlariga ko’maklashishi zarur.
Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatida “uch yovuz kuch”, ya`ni “terrorchilik”, “ayirmachilik” (separatizm) va “ekstremizm”ga qarshi kurashda hamkorlikni rivojlantirish alohida o’rin tutadi. 2004 yil 1 yanvaridan boshlab, Toshkentda SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi faoliyat yuritmoqda. Bu tuzilma faoliyati tufayli 2005 yilning o’zida ko’plab sodir etilishi mumkin bo’lgan terrorchilik harakatlarining oldi olinganligi ma`lum.
Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida 2004 yil 17-18 oktyabrda Dushanbeda bo’lib o’tgan anjumanda O’zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ekstremistik va terrorchi tashkilotlar, ularning rahbarlari va a`zolarining ro’yxatini tuzish bo’yicha kelishib olindi. Shuningdek, 2008 yil 28 avgustda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar hukumatlari o’rtasida qurollar, o’q-dorilar va portlovchi moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda hamkorlik to’g’risidagi Bitim imzolangan.
2005 yilning iyul oyida tashkilotning Shanxay shahrida bo’lib o’tgan sammitida unga a`zo davlatlar rahbarlari tomonidan bir qator hujjatlar imzolandi. Xususan, xalqaro axborot xavfsizligi to’g’risidagi bayonot; terrorchilik, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash bo’yicha 2007-2009 yillarga mo’ljallangan hamkorlik dasturiga doir qaror; SHHT mamlakatlari hududida qo’shma aksilterror mashqlarini o’tkazish tartibi to’g’risidagi bitim; a`zo davlatlar hududiga terrorchilik, ayirmachilik va ekstremistik faoliyatga aloqador kishilar kirib kelishini aniqlash va bunday yo’llarni to’sib qo’yish borasidagi hamkorlik to’g’risidagi bitim shular jumlasidandir. Bundan tashqari SHHT doirasida 2020 yilgacha bo’lgan davrda savdo-iqtisodiy hamkorlikni ko’zda tutuvchi dastur qabul qilingan. Shuningdek, SHHTga a`zo mamlakatlarning huquqni muxofaza qiluvchi idoralari, jumladan ichki ishlar organlarining terrorchilik, separatizm va ekstremizmga, giyohvandlik va og’ufurushlikka qarshi birgalikda harakat qilishi, bu borada o’zaro axborot almashishi yaxshi samara bermoqda. Umuman, bugungi kunda SHHT xalqaro hamkorlikning qudratli institutiga, xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlashning, xalqaro terrorchilik, separatizm va ekstremizm, narkotik moddalar ishlab chiqarish va tashish kabi zamonning eng qaltis taxlika va tahdidlariga qarshi kurashning kuchli omiliga aylanmoqda.
Diniy ekstremizm va xalqaro terrorizm globallashuv jarayonida xalqaro narkobiznes kabi jahon miqyosida eng xavfli faoliyat turlaridan biri bilan uzviy bog’lanib ketmoqda. Bugungi kunda narkomafiya narkotiklarni ishlab chiqarish, narkotrafik va narkomaniyani tashkil qilish usullari orqali narkobiznesni rivojlantirish bilan shug’ullanmoqda. Narkomafiya terrorchi va ekstremistik tashkilotlar bilan o’z yovuz maqsadlarini amalga oshirish uchun xalqaro miqyosda hamkorlik qilayotganini inobatga olsak, bu davlatlarning siyosiy tizimiga va milliy xavfsizligiga jiddiy tahdid ekanini ko’ramiz. Jahon miqyosida eng katta narkobiznes o’chog’i mamlakatimizga qo’shni Afg’oniston hududida ekanini inobatga olib, O’zbekiston Respublikasi jahon hamjamiyati bilan birgalikda bu global xavfga qarshi qat`iy kurash olib bormoqda. Davlatimiz mintaqaviy miqyosda va ichki siyosati doirasida ham bu illat bilan murosasiz kurashmoqda.
Ma`lumki, Markaziy Osiyo Hamkorligi (Qozog’iston, O’zbekiston, Qirg’iziston) tashkiloti (MOHT)ning 2005 yil 6-7 oktyabr kunlari Sankt-Peterburg shahrida bo’lib o’tgan Sammitida MOHT bilan Yevroosiyo iqtisodiy hamkorligi tashkiloti (YEIHT)ni birlashtirishga kelishib olingan edi. Mazkur ikki tashkilotning maqsad va vazifalari ko’p jixatdan o’xshash hamda bir-biriga yaqin bo’lganligi O’zbekistonning YEIHT safidan joy olishiga olib keldi. 1995 yilda Bojxona ittifoqi negizida tuzilgan bu tashkilotning strategik maqsadi a`zo davlatlar o’rtasida integratsiyani rivojlantirishta qaratilgan. YEIHTning 2005 yil noyabrida Sankt-Peterburgda bo’lib o’tgan sammitida O’zbekiston bu tashkilotga qo’shilgach hamjamiyat a`zolari 6 taga Yetdi (Rossiya, Belorus, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, O’zbekiston). Bu hamjamiyatga a`zolik O’zbekiston uchun katta siyosiy ahamiyatga ega. Chunki yirik davlatlarning geosiyosiy manfaatlari kesishgan mintaqada joylashgan mamlakatimiz uchun YEIHTga a`zolik turli tahdid va tazyiqlardan himoyalanish kafolatini beradi.
1969 yilning 25 sentyabrida musulmon mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlarining Rabot (Marokko) shahrida bo’lib o’tgan konferentsiyasida tuzilgan Islom Konferentsiyasi tashkiloti (hoz. Islom Hamkorlik tashkiloti)ga 1994 yildan boshlab, O’zbekiston ham a`zo hisoblanadi. Mazkur tashkilotning maqsadi musulmonlar birdamligini mustahkamlashga ko’maklashish, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ilmiy sohalarda hamkorlik qilishdir. Shuningdek, irqiy kamsitishlarga, kolonializmning barcha shakllariga chek qo’yish, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta`minlashga oqilona yondashish, tashkilotga a`zo mamlakatlar orasida va boshqa mamlakatlar bilan o’zaro kelishuv, hamkorlikni rag’batlantirish IHT faoliyatida muhim o’rin tutadi.
O’zbekistonning yuqorida qayd etib o’tilgan mintaqaviy tashkilotlar ishidagi faol ishtiroki, tashabbuslari va takliflari global xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlashda O’zbekistonning tutgan o’rni muhim ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Jumladan, 2010 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining “Mingyillik rivojlanish maqsadlari” bo’yicha oliy darajadagi yalpi majlisida Yurtboshimiz Islom Karimov nutq so’zladi. Unda terrorizm, ekastremizm, ayirmachilik va narkotrafikka qarshi birgalikda kurashish hamda Afg’onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish mavzusiga ham alohida to’xtalib o’tdi. Bu xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik kelgusida ham O’zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan bo’lib qolaveradi.
Mustaqil davlatimiz qonunchiligida terrorizmga qarshi kurashning asosiy printsiplari (qonuniylik, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi, jazoning muqarrarligi) bir qator normativ-huquqiy xujjatlarda o’z ifodasini topgan bo’lib, bu hujjatlarning asosiylari quyidagilardir:
O’zbekiston Respublikasining “Terrorizmga qarshi kurash to’g’risida”gi qonuni (2000 yil 15 dekabr).
O’zbekiston Respublikasining amaldagi Jinoyat kodeksi (2001 yil 18 oktyabrdagi o’zgartish va qo’shimchalar bilan).
O’zbekiston Respublikasining “Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma`muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksiga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi qonuni (2001 yil 29 avgust).
O’zbekiston Respublikasining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash to’g’risida”gi qonuni (2004 yil 26 avgust).
Ushbu huquqiy-me`yoriy xujjatlar orasida O’zbekiston Respublikasining “Terrorizmga qarshi kurash to’g’risida”gi va “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash to’g’risida”gi qonunlar alohida e`tiborga molik. Chunki bu qonunlar tufayli O’zbekistonda terrorizmga qarshi kurashning normativ, tashkiliy va moddiy-texnik asoslari yaratildi. Unga ko’ra, terrorizmni targ’ibot qilish, terroristik gurux va tashkilotlarni tuzish hamda ularning faoliyati, tayyorlanayotgan yoki amalga oshirilgan terroristik jinoyatlarga oid ma`lumot va dalillarni yashirish taqiqlanadi.
“Terrorizmga qarshi kurash to’g’risida”gi qonunda “terrorizm – siyosiy, diniy, mafkuraviy va boshqa maqsadlarga erishish uchun shaxsning hayoti, cog’lig’iga xavf tug’diruvchi, mol-mulk va boshqa moddiy ob`ektlarning yo’q qilinishi (shikastlantirilishi) xavfini keltirib chiqaruvchi hamda davlatni, xalqaro tashkilotni, jismoniy yoki yuridik shaxsni biron-bir harakatlar sodir etishga yoki sodir etishdan tiyilishga majbur qilishga, xalqaro munosabatlarni murakkablashtirishga, davlatning suverenitetini, hududiy yaxlitligini buzishga, xavfsizligiga putur yetkazishga, qurolli mojarolar chiqarishni ko’zlab ig’vogarliklar qilishga, aholini qo’rqitishga, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan, O’zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida javobgarlik nazarda tutilgan zo’rlik, zo’rlik ishlatish yo’li bilan qo’rqitish yoki boshqa jinoiy qilmishlar” sifatida tavsiflangan.
Demak, mafkuraviy kurashlardan qat`i nazar, tashqi siyosatda ochiq-oydinlik tamoyili O’zbekistonga qisqa muddat ichida ikki taraflama keng tashqi aloqalar o’rnatish imkonini berdi. Yevroosiyo iqtisodiy va madaniy ko’prigining barpo etilganligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorlikning kengayib borayotganligi respublika tashqi siyosatining strategik istiqbolidir. O’zbekiston Respublikasining tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, nizolarni tinch yo’l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik kabi xalqaro huquqning umume`tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |