2-§. Kreditlarni rasmiylashtirish va berish tartibi 30. Garov asosida kreditning berilishi lombard bilan fuqaro o‘rtasida tuziladigan kredit shartnomasi va garov shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
Lombardda mol-mulklarni garovga qo‘yish haqidagi shartnoma lombard tomonidan mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi garov pattasini berish yo‘li bilan rasmiylashtiriladi.
31. Kreditning summasi va muddati, shuningdek, beriladigan kredit bo‘yicha foiz stavkasi tomonlarning kelishuviga asosan mazkur Nizom talablarini inobatga olgan holda belgilanadi.
32. Kredit olish uchun lombardga garovga topshiriladigan mol-mulk tomonlar kelishuviga asosan baholanadi.
33. Lombard quyidagilarni bajarishi shart:
garov narsasini xavfsiz saqlash uchun choralar ko‘rishi;
garov narsasi yo‘qolishi xavf-xatari paydo bo‘lganligi yoki shikast yetkazilganligi to‘g‘risida garovga qo‘yuvchiga darhol xabar berishi;
kredit shartnomasining shartlari bajarilganida garov narsasini mulk egasiga yoki uchinchi shaxsga belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan mulk egasining ishonchnomasi asosida darhol qaytarishi;
garovga qabul qilingan ashyolarni garovga qabul qilish paytida shunga o‘xshash va shunday sifatli ashyolarning narxlariga mos bahodagi to‘liq summasida o‘z hisobidan garovga qo‘yuvchi foydasiga sug‘urtalashi;
garovga qo‘yuvchining talabiga asosan kredit shartnomasidan kelib chiqqan majburiyatlarning garovga qo‘yuvchi yoki uchinchi shaxs tomonidan qisman yoki to‘liq bajarilganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma berishi.
34. Lombardda ashyolar garovi bilan ta’minlangan kredit summasi belgilangan muddatda qaytarib berilmagan taqdirda, lombard notariusning ijro yozuvi asosida imtiyozli bir oylik muddat o‘tganidan keyin garovga qo‘yilgan mol-mulkni sotish uchun belgilab qo‘yilgan tartibda ushbu mol-mulkni sotishga haqli.
35. Garovga qo‘yilgan ashyolarni sotishdan tushgan summa, agar shartnomada boshqa hollar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, kredit, kredit bo‘yicha foizlar, neustoyka, ijro muddati o‘tganligi natijasidagi zararlarni qoplash, shuningdek, saqlash va sug‘urta uchun to‘lov, garovga olingan mol-mulkning sotilishi bo‘yicha xarajatlarni qoplashga qaratiladi.
36. Agar garovga qo‘yilgan mol-mulkning sotilishidan tushgan summa lombardning talablari miqdoridan oshsa, tafovuti garovga qo‘yuvchiga to‘lanadi.
37. Lombardning talablari me’yoridan oshgan va garovga qo‘yilgan mol-mulkning sotilish kunidan uch yil davomida talab qilib olinmagan summa lombardning ixtiyorida qoladi.