Nominal valyuta kursi (nominal exchange rate) – bir milliy valyuta birligining xorijiy valyuta birligiga ifodalangan bozordagi bahosi, yoki ikki valyuta o’rtasidagi joriy kursdir.
Real valyuta kursi (real exchange rate) – nominal valyuta kursi asosida ikki mamlakatdagi bir xil turdagi tovar va mahsulotlar narxlari darajasini o’zaro nisbati orqali hisoblangan valyuta kursidir. Real ayirboshlash kursi xalqaro iqtisodiy nazariyada “savdo shartlari” (terms of trade)dan birinio’zida namoyon etadi. Jahon iqtisodiyotida milliy iqtisodiyotlarni, xususan, YaIM, YaMD (Yalpi milliy daromad)ni o’zaro solishtirish odatda, real valyuta yoki valyutalarning xarid quvvati pariteti (RRR) bo’yicha hisoblangan kurslari orqali amalga oshiriladi.
Nominal samarali valyuta kursi(nominal effective exchange rate, NEER)–bu mamlakatdagi valyuta operatsiyalarida tashqi savdoda asosiy hamkor bo’lgan mamlakatlar valyutalarining salmog’ini inobatga olgan holda hisoblangan, indeks ko’rinishidagi valyuta kursidir.
Real samarali valyuta kursi (real effective exchange rate, REER). Nominal samarali valyuta kursidan real tendentsiyalarni aniqlash, ya’ni inflyatsiya ko’rsatkichlarini chiqarib tashlagan holda mamlakatlardagi ishlab chiqarish, iste’mol xarajatlarini solishtirish uchun real samarali valyuta kursi hisob-kitob qilinadi.
Valyutalarning xarid qobiliyati pariteti (purchasing-power parity (PPP))asosida hisoblangan valyuta kursi – turli mamlakatlardagi sifati, miqdori va boshqa xususiyatlari bir xil bo’lgan mahsulotlar va xizmatlarning milliy valyutada ifodalangan qiymatni o’zaro tenglashtirish orqali aniqlanadigan valyuta kursidir.
Valyuta kursiga ta’sir etuvchi omillar. Valyuta kursiga ta’sir etuvchi fundamental omillarning 4 turini alohida ajratib ko’rsatish mumkin. Xususan:
1. Iqtisodiy omillar. Iqtisodiy omillarning asosiylari sifatida mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi to’g’risidagi ma’lumotlar(YaIM, Sanoatning o’sishi, ishsizlik va aholining mehnat bilan bandligi, inflyatsiya, foiz stavkalar va h.k.)ning o’zgarishi, mamlakatlar markaziy banklari boshliqlarining chiqishlari va yig’ilishidagi qarorlar, valyuta interventsiyasi, moliya bozorining valyutadan tashqari boshqa bozorlaridagi o’zgarishlarni qayd etib o’tish mumkin.
2. Siyosiy omillar. Siyosiy omillarning asosiylari sifatida prezident, davlat va hukumat boshliqlarini saylash jarayoni va uning natijalari, ularning iste’foga chiqishi, shuningdek, markaziy banklar yoki pul-kredit siyosati bilan shug’ullanuvchi davlat organlari rahbar kadrlar almashinuvi, geosiyosiy to’qnashuv va inqirozlarni ko’rsatish mumkin.
3. Turli xabarlar va kutishlar. Global valyuta bozorida investorlarni harakatga keltiruvchi shunday ibora bor, ya’ni “turli xabarlar, mish-mish gaplar, ovozalar asosida valyutalarni sotib ol va fakt (dalil, isbot)larga asoslangan holda ularni sot”. Global valyuta bozorida oltin qoidaga aylangan ushbu ibora, shuningdek boshqa psixologik omillar investorlarning bozordagi harakatini faollashtirishi yoki susaytirishi mumkin.
4. Fors-major holatlari. Favqulotda sodir bo’lgan hodisalar, masalan, suv toshqini, zilzila, yirik ko’lamli yong’in, turli zararli epidemiyalarni, gaz va boshqa zarralarni ommaviy tarqalishi, kuchli to’fon yoki dovullar va h.k.lar natijasida turli darajadagi vayronagarchilikni yuzaga kelishi. Shuningdek, mamlakatda terroristik hurujlarni, hujum va harakatlari sodir etilishi ham valyuta kurslari o’zgarishiga o’z ta’sirini ko’rsatadi.
Valyutalarning eng asosiy xususiyatlaridan biri bu uning konvertatsiyasi, ya’ni ayirbolanish qobiliyati hisoblanadi. Valyuta konvertatsiyasi bu milliy valyutaning xorijiy valyutaga erkin ayirboshlanish, xorijiy mahsulot va xizmatlarni to’lash qobiliyatidir.
Valyutalar konvertatsiya darajasiga qarab, asosan 3 turga bo’linadi:
1. Erkin konvertatsiya qilinadigan;
2. Qisman konvertatsiya qilinadigan;
3. Konvertatsiya qilinmaydigan.
Do'stlaringiz bilan baham: |