Baxt har doim hayotda o’z yo’lini topganlar ortidan ergashib yuradi.
Biz ko’pincha o’zimiz ko’rib turgan haqiqatnigina tan olamiz. Negaki, tanganing ikkinchi tomoniga boqish uchun esa qalb ko’zi ochiq va aqlingiz uyg’oq bo’lishi kerak.
XIYONATLARDAN KEYIN
Ayolimni «yurib» kuydurdim. Avvaliga u bevafoliklarimni qabul qilolmadi. Arazlab ketib qoldi – ota – onasi iziga qaytardi. Uning menga ipsiz bog’lanib qolgani, o’rtada bolalarni ko’zim qiymasligi, qolaversa, yaxshi ko’rishini bilganim uchun ham boshi berk ko’chadan qaytay demasdim.
«O’qiyman!» dedi u bir kun. Ikki bola bilan, qolaversa, o’ttizdan oshganda o’qib nima qilasan desam ham, ko’nmadi.
«Ishga kiraman», deya shart qo’ydi – rozi bo’lishga majbur bo’ldim. Axir ishga borsa, qayerdaligimni taftish qilishga vaqti ham bo’lmaydi.
«Ayollar uchun markaz ochaman» - uning kutilmagan taklifi dovdiratib qo’ydi. Lekin aytganini qildi – kredit oldi. Go’zallik saloni, fitness klub – xullas, kichik bir binoni ijaraga olib, ish boshladi.
Har narsaning o’z javobi bor ekan – ishdan urilib ketdim. Hayotdan hafsalam so’ndi. Soyamga salom beradiganlar uzoqlashdi. Qayerdadir oddiy ishchi bo’lib hammasini boshdan boshlashga g’ururim ham endi yoshim ham yo’l qo’ymasdi. Ayolimning esa markazi keygayib, ishlari yurushib ketgandi.
-Bolalarning hamma tashvishi senga qolib ketdi, ayni ularning bo’yi yetganda ishsiz qoldim, - dedim aybdorona.
-Nima bo’libdi, axir biz bir oilamiz – ku! Qiyin vaziyatda bir – birimizni qo’llashimiz kerak. Hali ishlaringiz o’nglanib ketdi, keling, siz ham, xususiy firma oching, - u ruhimni ko’taradigan tarzda gapirdi.
Ayollar nafaqat sabrli, tadbirli ham bo’ladi deganlari rost ekan.
BEBAHO DUO
E’londagi «Zudlik bilan sotiladi», degan jumlani o’qishim bilan paytavamga qurt tushdi. Meni pultopar, deb bekor aytishmasdi – da. Shu kunlarda yangi ofis ochish uchun joy izlayotgandim. Uy egalari shoshayapti, demak, arzonga olish mumkin. Yordamchimga topshiriq berib o’tirishni ham lozim topmay, o’zim raqamlarni terdim.
-Bolam, o’g’lim ishda, kelin shifoxonada edi. Sotmasak bo’lmaydigan bo’lib qoldi – da, - e’lon bo’yicha qo’ng’iroq qilganimni bilgan kattaroq yoshli onaxon sharoitlari haqida so’zlay boshladi. – Nevaramni davolatishga ko’p pul kerak ekan. Shunga o’g’lim uyni sotmoqchi…
Ayolning bu gaplaridan yanada ishonchim ortdi. Bolasi kasal bo’lsa, savdolashishga ham kayfiyati yo’qdir. Bir soat o’tmay mashinamga o’tirib, manzil tomon shoshdim. Mo’ljallagan pulimni ham olganman. Birdan pulni ko’rsatsa, aytgan narxidan tez tushadi, degan o’yda.
-Sizni Xudoni o’zi yetkazdi. Negadir, qo’ng’iroq qilganlarning hali birortasi uyimini kelib ko’rishga shoshmadi, - onaxon meni qarshi oldi.
Uy birinchi qavatda joylashgan ekan. Qolaversa, ta’mirtalab emas.
O’tgan yoz ta’mirlatgandik. Mayli, bosh omon bo’lsa, do’ppi topilar. Yolg’iz o’g’limning hayoti muhim menga, - o’ttizlardan oshgan erkak uy bilan tanishtira boshladi.
-Qancha kerak ekan o’zi bolangizning dori – darmoniga , - qiziqib so’radim.
Erkak aytgan summadan ham ko’proq pul yonimda bor edi. Xayolimdan, shu pulga ham rozi bo’lishadi, degan o’y o’tdi.
-Istasangiz, hoziroq shu pulni sizga beraman, - deya diplomatimga ishora qildim.
- Buvi, iloyo umringizdan baraka toping, o’g’lim. Bolalaringiz hech dard ko’rmasin, - onaxon shunday deya duo qildi, ko’zlari yoshlandi. – Shiringina nevaramning xastalangani yuragimni ezib yubordi.
-Oyi, kuyinmang, siz bor – ku, duogo’yimiz, albatta, tuzalib ketadi, - erkak onasining yelkasidan tutdi.
Yuragimda qandaydir og’riq uyg’ondi. Avval istiqbolimni ko’rmay dunyodan o’tgan onam ko’z o’ngimdan o’tdi, keyin buvisini faqat suratlaridan taniydigan bolalarim gavdalandi.
-Onaxon, siqilmang. Men o’zim yordam beraman. Uyingizni ham sotmay tura qolinglar, axir ko’chada qolasizlar – ku, - dedim ularning gap so’zlaridan boshqa boshpanasi yo’qligini anglab.
-Axir, siz qayerda yashaysiz? – mushtipar ayol mening tashvishimni qilib so’radi.
- Uyim bor, buni ofis uchun olmoqchi edim, - deya erkakka zarur pulni berib turishimni aytdim.
Yomon o’y – xayollar, g’araz niyatlarning tug’ulishi oniy lahzalarda sodir bo’ladi. Ammo yer yuzida mehridaryo, duog’oy insonlar bor ekan, yomonlik ustidan yaxshilik g’olib kelaveradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |