11-MAVZU. TURIZM XIZMATLAR BOZORINI DAVLAT TOMONIDAN QO‘LLAB-QUVVATLASH MEXANIZMI
Reja:
Mintaqaviy turizm bozor shakllanishining asosiy shartlari bajarilishi va ularning nimalardan iborat ekanligini o‘rganish.
Turizm xizmatlar bozorini davlat boshqaruvining modeli va mexanizmi haqida tushuncha berish va ularning tamoyillarini o‘rganish.
Mamlakatimizda turizm faoliyatiga mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq asosiy davlat siyosati darajasida qaraldi. Soha rivoji uchun barcha zarur tashkiliy - huquqiy mexanizm vujudga keltirilib, muhim me’yoriy hujjatlar qabul qilindi va bu ish hozirda ham davom etmokda. Mamlakatimizda turizmning ravnaqi, uni yangi pog‘onalarga ko‘tarish, yurtimizni jahon turizm markazlaridan biriga aylantirish uchun, avvalo, huquqiy zamin yaratish lozim edi. Shu tufayli O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining mazkur yo‘nalishga taalluqli qonun va kodekslari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining turizmga oid qator Farmonlari, Respublika Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Adliya vazirligining va boshqa mutasaddi davlat idoralarining yo‘riqnoma, ko‘rsatma va tartiblari ishlab chiqilib, hayotga tadbiq etilmoqda.
Darhaqiqat, bu vazifalarni hal qilish uchun O‘zbekiston mintaqalarida kichik biznes sohasining muhim qismi bo‘lgan turizm xizmatlarining rivojlanishini belgilovchi samarali boshqarish usullarini shakllantirish lozim bo‘lmoqda.
Turizm sohasiga kadrlarni tayyorlash muammosini hal qilish, transport tizimini modernizatsiya qilish, turistlar xavfsizligini ta’minlash, atrof - muhitning ifloslanishini bartaraf etish va boshqalarga bozorning imkoniyatlari to‘liq yetmaydi. Hozirda iqtisodchilar sanab o‘tilgan muammolarni “bozor muvaffaqiyat-sizliklari” deb atashmoqda. “Bozor muvaffaqiyatsizliklari”ga barham berish, turizmdagi kamchiliklarni bartaraf etish turistik biznesning barcha ishtirokchilarining o‘zaro samarali munosabatlarini ta’minlovchi davlat boshqaruvi yordamida amalga oshiriladi. O‘zbekiston hozir, sekin bo‘lsada, ammo ishonchli tarzda, dadil qadamlar bilan jahon turizm bozoriga kirib bormoqda. Bu hududiy resurslari ulkan va turizm uchun jozibador va sermazmun bo‘lgan muhitning mavjudligini, umuman, o‘zbek tamaddunining o‘zi antiqa ekanligini e’tirof etadi va bu holat mamlakatimizning xalqaro turizm uchun ham qulay va mazmunli, imkoniyatlarga boy ekanligining muhim omilidir. Biroq, O‘zbekiston hozirgi kunda turistik xizmatlar servisi bo‘yicha jahon turistik davlatlari talablarga to‘liq javob bermaydi.
Bugungi kunda bozor kategoriyasining mazmun-mohiyatini ochish va bozor iqtisodiyotining davlat tomonidan boshqarish masalalarini aniqlash nafaqat nazariy, balki amaliy ahamiyatga ham ega, chunki ular ijtimoiy ishlab chiqarishning ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligini oshirishga qaratilgan. Davlat boshqaruvini davlat va uning tegishli organlarining iqtisodiy, ayniqsa, tadbirkorlik faoliyatiga rasmiy ravishda aralashuvi, deb ta’riflash mumkin. Boshqaruv sub’ektlari turli davlat organlari hamda mintaqaviy va mahalliy boshqaruv organlari hisoblanadi, boshqaruv ob’ektlariga esa alohida tarmoq bozorlari va korxonalar kiradi.
Jamiyat ishlab chiqaruvchilardan, avvalo, xo‘jalik faoliyatining samarali ishlashini va yuqori natijalarga erishishini kutadi va, hech bo‘lmaganda, quyidagi shartlarning bajarilishini nazarda tutadi:
qancha va qanday ishlab chiqarish haqidagi qarorga kelishni, chegaralangan resurslardan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash hamda iste’molchilarning o‘zgaruvchan talablarini hisobga olishni;
mahsulot tannarxini kamaytirish va iste’molchilarni sifatli turistik mahsulot bilan ta’minlash uchun fan va texnikaning ilg‘or yutuqlaridan foydalanishni;
ishlab chiqaruvchilarning o‘z faoliyati davomida mehnat resurslaridan to‘la foydalanishiga yordam berishni;
daromad taqsimotining adolatli bo‘lishini, ya’ni bu taqsimot ishlab chiqaruvchilarning taqdim etilgan xizmatlar bo‘yicha harajatlarini qoplashi va o‘rta tarmoq daromadidan yuqori bo‘lmasligini va shu maqsadda narxlar barqarorligini ta’minlash lozim bo‘ladi.
Turistik xizmat bozor faoliyatining samaradorligi uning o‘ziga xos xususiyatlariga bog‘liq bo‘lib, u turistik korxonalar mo‘ljallayotgan narx strategiyasi, turistik mahsulot nomenklaturasi, turistik korxona va tashkilotlarning innovatsion faoliyati, turistik korxonalar rivojlantirilishini moliyalashtirish hajmi hamda turistik faoliyat huquqiy negizining takomillashuvi va xo‘jalik yuritishning bozor tamoyillariga moslashishi bilan belgilanadi. Turistik xizmat bozor faoliyatini belgilaydigan asosiy elementlar turistik mahsulotni sotuvchi va haridorlarning soni, turistik korxonalar integratsiyasi darajasi, turistik korxonalar faoliyatining diversifikatsiya darajasi, moddiy va mehnat zahiralarining mavjudligidan iboratdir.Turistik xizmat bozori tarkibiga, o‘z navbatida, turistik mahsulotning talab va taklifini belgilovchi turistik bozor munosabatlarining shakllantirilishiga asos bo‘lgan ko‘plab shartlar ham ta’sir qiladi. Bular qatoriga turistik bozorni davlat tomonidan boshqarish mexanizmini ham kiritish mumkin. Bunday mintaqaviy turistik bozor shakllanishining asosiy shartlari 1-rasmda keltirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |