1-MAVZU. «TURIZM XIZMATLAR BOZORI» FANINING MAQSAD VA VAZIFALARI.
Reja:
«Turizm xizmatlar bozori» fanining maqsad va vazifalarini o‘rganish.
Turizm xizmatlar bozori haqida ma’lumotga ega bo‘lish.
Turizm xizmatlar bozorining milliy iqtisodiyotda tutgan o‘rni haqida tushuncha olish.
Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqiroziga qadar turizmning barqaror taraqqiy etayotganligi va uning istiqboli, ushbu sohani “kelajak industriyasi” sifatida e’tirof etishga asos bo‘lgan edi. Oxirgi o‘n yillikda tez sur’atlarda rivojlanayotgan xalqaro turizm so‘zsiz global moliyaviy-iqtisodiy inqirozning ta’siriga uchradi. Turizm va sayohatlar Butunjaxon Ittifoqining (WTTC) ma’lumotlariga ko‘ra 2008 yilda turizmning dunyo YAIMdagi ulushi 9,9%ga yetgan. Ko‘plab mamlakatlarda turizm soxasidan tushgan daromad davlat byudjetining katta qismini tashkil qiladi. Masalan, turizmning YAIM dagi ulushi Fransiyada 10%, Germaniyada 8,6%, Buyuk Britaniyada 9,2%, Rossiyada 6,9% ni tashkil qilgan holda, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 0,7% dan oshmaydi1.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2010 yil 12 noyabrdagi qo‘shma majlisidagi «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish konsepsiyasi» mavzusida so‘zlangan ma’ruzasida quyidagi muhim ustuvor vazifa belgilab berildi – «...bizning yaqin istiqboldagi eng muhim vazifamiz boshlangan ishlarimizni izchil davom ettirish – iste’mol talabini kengaytirish maqsadida sotsial sohani rivojlantirish, mexnatga haq to‘lashni yanada oshirish, xizmat ko‘rsatish sektoriini, infratuzilma ob’ektlarini rivojlantirishga, transport va kommunikatsiya loyihalarining amalga oshirilishiga alohida e’tibor berishdir»2. Shu bois, xozirgi paytda xizmat ko‘rsatish tarmog‘ining bir qismi bo‘lgan turizm sohasini iqtisodiy jihatdan rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mamlakatimizda turizm faoliyati mustaqillikning dastlabki kunla-ridanoq iqtisodiy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishi sifatida talqin qilinib, unga e’tibor iqtisodiy siyosat darajasiga ko‘tarilgan. Soha rivoji uchun zaruriy tashkiliy-huquqiy mexanizm vujudga keltirilib, hukumat tomonidan tegishli me’yoriy hujjatlar qabul qilindi va bu boradagi ishlar hozirgi kunda ham davom ettirilmoqda.
O‘zbekistonda 1993-2010 yillarda turizm sohasida xizmatlar hajmi ortishining barqaror sur’atlari kuzatilmoqda. Agar 1993 yilda O‘zbekistonda turizmning barcha turlari bo‘yicha 461 ming kishiga xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2009 yilda turistlarga xizmat ko‘rsatish hajmi 871 mingdan ortiq kishini tashkil etdi.Bir vaqtning o‘zida 2009 yilda O‘zbekistonlik 34.6 ming nafar turist xorijiy mamlakatlarga sayohatlarni amalga oshirganlar.
2009 yilda turistik xizmatlar eksporti 60 mln AQSH dollariga yaqin miqdorini tashkil etdi.Bu esa 2008 yil darajasidan 25.4% ko‘proqdir.Turistik faoliyatdan olingan daromad o‘tgan yili 3.1 mlrd so‘mdan oshdi.
Shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki,1993 yilda mamlakatimizda bor yo‘g‘i 4 ta xususiy turistik firmasi bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi paytda turizm xizmatlarining nodavlat sektorida 738 ta turistik firma, shu jumladan umumiy sig‘imi 12.8 ming joydan iborat 241 ta mehmonxona va 500 ga yaqin turoperator va turagentlar faoliyat olib bormoqdalar.3
Hozirgi sharoitda bu tarmoqning ahamiyati va uning xalqaro, jumladan hukumatlararo va shaxslararo munosabatlarga ta’siri ham doimiy ravishda o‘sib bormoqda. «Turizmni avvalambor mamlakatlar va qit’alar o‘rtasidagi munosabatlar jihatidan olib qarash kerak. Xalqaro turistlik aloqalar qanchalik muntazam tus olaversa, jahon iqtisodiyoti shunchalik oldindan bashorat qilinishi, dunyo kon’yunkturasi esa shunchalik barqaror bo‘lishi mumkin».
Turistlik biznes har qanday davlat, viloyat, tumanning iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Iqtisodchilarning baholariga qaraganda, undan olinadigan pul tushumlari bir yil davomida 3 martadan besh martagacha muomalada bo‘ladi. Katta mablag‘lar talab qilishiga qaramay, turizm sohasiga kapital qo‘yish ancha foydalidir, chunki bu mablag‘lar nisbatan tezroq o‘zini oqlaydi, bundan tashqari ko‘proq xorijiy valyutada sarmoya keltiradi. Xozirgi kunda O‘zbekistonda turizmdan olinadigan tushumlar yuqori sur’atlar bilan ko‘payib bormoqda.
Turizm xizmatlar bozori doimiy rivojlantirish va nazorat qilish asosida boshqarishga muhtoj bo‘lib, bunda ilmiy va oqilona rejalashtirish tamoyillaridan foydalanish zarur. Shundagina turizm davlatga katta iqtisodiy foyda keltirishi, shuningdek ekologik shart-sharoit va jamiyatdagi ijtimoiy-madaniy jarayonlarga yaxshi ta’sir ko‘rsatishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasining «Turizm to‘g‘risida»gi Qonuni turizmni rivojlantirish bo‘yicha milliy, mintaqaviy, mahalliy dasturlar ishlab chiqish, ushbu yuqori rentabelli iqtisodiyot tarmog‘ining oyoqqa turishi uchun me’yoriy-huquqiy baza yaratish asosida turizm sohasida davlat siyosatini amalga oshirishni nazarda tutadi.
So‘nggi yillarda davlat tuzilmalarining turizmga nisbatan munosabati keskin o‘zgarmoqda. Ular turizmda milliy iqtisodiyotning o‘sishini, bozor munosabtlarini shakllantirish, davlat byudjetiga katta mablag‘lar tushishining amaliy usulini, bo‘sh vaqtdan oqilona foydalanishni, dam olish vaqtini mazmunli o‘tkazish shaklini va aholini mamlakatning tarixiy-madaniy qadriyatlariga jalb qilish usullarini ko‘rmoqdalar. Xorijiy mutaxassislar O‘zbekiston Respublikasini uning nodir tabiiy resurslari va tarixiy-madaniy merosi tufayli turistlik jihatdan istiqboli porloq mamlakatlar jumlasiga kiritadilar.
O‘zbekistonning milliy-madaniy tiklanishi sharoitida ichki turizmning roli tobora ortib bormoqda. Shuning uchun O‘zbekiston turistlik firmalarining rejalarida uning ijtimoiy, iqtisodiy va bilish funksiyalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilgan, chunki bozor munosabatlariga o‘tishda aynan ularga katta zarar yetadi. Hozirgi kunda sayohat qilmoqchi bo‘lganlarning ko‘pchiligi tarixiy-bilish va davolanish, sog‘liqni tiklash marshrutlarini kam tanlaydilar, ular ko‘proq savdo qilish va foyda olish uchun chet elga borishni ma’qul ko‘radilar.
XXI asrda O‘zbekiston Respublikasidagi turistlik faoliyatning asosiy maqsadi mehmondo‘stlik industriyasini yanada rivojlantirish uchun tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy muhit yaratish, respublikamiz tabiiy va tarixiy-madaniy salohiyatidan samarali foydalanish asosida raqobatbardosh turistlik xizmatlar bozorini shakllantirish, uning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va ekologik xavfsizligini ta’minlashdir. Ushbu maqsadlarga erishish uchun quyidagi asosiy vazifalarni hal qilish talab etiladi:
turistlik sohani moliyaviy-iqtisodiy tartibga solishning samarali mexanizmlarini joriy qilish, mablag‘ bilan ta’minlash manbalarini aniqlash, bu tarmoqdagi investitsiya siyosatining eng maqbul modelini yaratish;
tarmoqni boshqarishning tashkiliy tuzilmalarini takomillashtirish;
mamlakat hududini ilmiy asoslangan holda turizm destinatsilarga bo‘lish orqali turizmning tabiiy va tarixiy-madaniy salohiyatidan eng maqbul darajada foydalanishni ta’minlash.
Qo‘yilgan vazifalarni bajarish uchun tarmoq xodimlari O‘zbekiston Respublikasining «Turizm to‘g‘risida»gi Qonuniga va shu sohada davlat tomonidan tayyorlangan me’yoriy-huquqiy hujjatlarga asoslanishlari ke rak bo‘ladi.
«Turizm xizmatlar bozori» fanining asosiy maqsadi iqtisodiyotni modernizatsiya qilish sharoitida turizm xizmat bozorining iqtisodiy tashkiliy mexanizmini shakllantirish va rivojlantirishning nazariy va amaliy jihatlarini o‘rganishdan iborat. Ushbu maqsaddan kelib chiqqan holda o‘quv qo‘llanmada quyidagi vazifalar belgilandi:
Milliy turizm xizmat bozorini shakllantirishda «turizm» va «turizm xizmat bozori” tushunchalarining mohiyati;
turizm xizmat bozori iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari bilan bo‘lgan aloqalarini hisobga olish;
turizm xizmatlar bozorida talab va taklifning shakllanishi;
turizm xizmat bozorini segmentlash;
turizm xizmat bozori saloxiyatini hisoblash usullari;
xalqaro turistik bozor: rivojlanish xolati va tendensiyalari;
turizm xizmat bozorining tashkiliy-iqtisodiy mexanizmi;
turizm xizmat bozorini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmi .
Turistlar uchun iste’mol ob’ekti sayohatdan iborat. U mazkur davr mobaynida ehtiyojlarni qondirishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar va xizmatlarning foydaliligi bilan belgilanadi. Aynan shu foydalilik sayohat qiluvchilarning o‘ziga xos ehtiyojlaridan iborat. Bular quyidagilardir: odatdagidan farq qiluvchi sharoitlarda tunash; turistlik farovonliklarni ishlab chiqarish va iste’mol qilish, amalga oshiriladigan geografik muhit; foydalaniladigan mehnat vositalari (mehmonxona va tarixiy-madaniy markazlar, transport va h.k.).
Turistlarning sayohat va doimiy yashash joyidan tashqarida bo‘lishlari vaqtida ularga mahsulotlar va xizmatlarni harid qilishda turli qulayliklarni ta’minlovchi barcha faoliyatlarning yig‘indisi turistlik xizmatlar deb ataladi.
Turictik xizmat bir vaqtning o‘zida kompleks va maxsus xususiyatga ega: birinchisi – sayohatdagi turistning xilma-xil ehtiyojlarini qondirishni nazarda tutadi; ikkinchisi esa – o‘troq yashash paytidagi xizmat ko‘rsatishdan umuman farq qiladigan tashkillashtirish va tuzilishni nazarda tutadi.
Taklif etiladigan turistlik xizmatlar, qoida tariqasida, hududlar bo‘ylab taqsimlangan. Ulardan ba’zilari (axborot beruvchi, vositachilik va h.k.)ni turistlar yashash joylarida oladilar, boshqalari (transport, axborot va boshq.)ni – sayohat paytida, qolganlari (ovqatlanish, tunash, ko‘ngil ochish, davolanish va h.k.larni) belgilangan turistlik joyda oladilar. Oldi-sotdi va xizmatlar taqdim etish jarayonlarining vaqt va joy bo‘yicha mos kelmasligi ma’lum tashkiliy qiyinchiliklar tug‘diradi.
Turzimning moddiy-texnika bazasini yaratish va qo‘llab-quvvatlash xizmatlar va mahsulotlar ishlab chiqarishni keltirib chiqaradi. Ular quyidagi guruhlar bo‘yicha tasniflanadi:
turistlarni joylashtirish (mehmonxonalar, motellar, kempinglar, pansionatlar, turistlik bazalar, xususiy sektor xonadonlari, palatkalar, kemalar, poyezdlar, yaxtalar va sh.k.);
oziq-ovqat bilan ta’minlash (restoranlar, kafelar, oshxonalar va h.k.);
boriladigan mamlakat bo‘ylab harakatlanish, boshqa mamlakatlarning hududi bo‘ylab tranzit o‘tish;
reklama va mahsulotini o‘tkazish (firmalarning turmarshrutlarni ishlab chiqish, transportda, joylashish vositalarida o‘rin bronlashtirib qo‘yish bo‘yicha xizmatlari);
ekskursiyalar o‘tkazish (tarjimonlar, ekskursovodlarning xizmatlari);
turistlarning ishbilarmonlik va ilmiy qiziqishlarini qondirish (kongresslar, assambleyalar, ilmiy konferensiyalar, simpoziumlar, yarmarkalar, ko‘rgazmalar, ham umumiy, ham maxsus maqsadlarda o‘tkaziladigan savdo-sotiq tadbirlarida ishtirok etish);
madaniy ehtiyojlarni qondirish (teatrlar, kinoteatrlar, muzeylar, ko‘rgazmalar, rasmlar galereyalari, parklar, tabiiy va tarixiy qo‘riqxonalar, sport musobaqalari, tarix va madaniyat yodgorliklarini borib ko‘rish va h.k.);
ma’muriy-huquqiy talablar va rasmiyatchiliklarni nazorat qilish (chegara, bojxona, karantin, valyuta, militsiya xizmatlari), shuningdek hujjatlarni rasmiylashtirish (vizalar, pasportlarni va h.k);
turistlar uchun turli xil axborotlarni berish (yer shari u yoki bu mintaqasining turistlik resurslari, u yerdagi joylashish vositalari, bojxona va chegara rasmiyatchiliklari, boriladigan mamlakat valyutasining kursi, marshrutlar va h.k.);
axborot vositalari (gazetalar, jurnallar, kitob nashrlari);
tabiatni, tarixiy va madaniy merosni qo‘riqlash xizmatlari;
umumiy va maxsus savdo xizmatlari (esdaliklar, sovg‘alar, milliy xunarmandlar mahsulotlarini va h.k.larni sotish);
sug‘urta va tibbiy xizmat ko‘rsatish;
davlat va jamoat turistlik organlari, xorijiy yuridik shaxslar va firmalarning xizmatlari.
Xizmatlarning bu barcha guruhlari turistlik faoliyat yo‘nalishlarini belgilashda, ayniqsa rejalashtirish tamoyilining asosiy dastlabki shart-sharoitlarini tahlil qilishda hisobga olinishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |