II.3. Respublikamiz biologik xilma-xilligining qisqacha tasnifi
O’zbekistonda fauna xilma-xilligi holati va qisqarishi sabablari O’zbekiston tabiatining biologik va landshaftlar xilma-xilligi - milliy boyligimizning ajralmas qismi. Bu boylik bir necha ming yillik evolyutsiya davomida yuzaga kelgan hamda ajdodlarimiz tomonidan bizga qoldirilgan ulkan merosdir. Zimmamizda bu merosni avlodlarga xilma-xil barqaror tizim ko’rinishida qoldirishdek ulkan va mas’uliyatli vazifa turibdi.
So’nggi bir necha o’n yillar davomida O’zbekiston tabiatining xilma-xilligiga anchagina putur yetkazildi. Avvalambor, bu sobiq itfoq tuzimida markazlashgan rejalashtirish asosida yirik qishloq xo’jaligi va sanoat loyihalarini amalga oshirish bilan bog`liq edi, bunda ularning atrof va ijtimoiy muhitga bo’ladigan ta’siri e’tibordan chetda qolardi. Bunday rejalashtirishda O’zbekistonga arzon qishloq xo’jalik va geologik xom ashyo yetkazib beruvchi ichki eksporter sifatida qaralgan. Bularning hammasi O’zbekistonda ekologik vaziyatning yomonlashuviga olib keluvchi salbiy jarayonlarning rivojlanishiga sabab bo’ldi.
Qishloq xo’jaligida paxta yakkahokimligi ustuvorligi, irrigatsiya maqsadida tashqi salbiy ta’sirlarga monand cho’l hududlarining keng miqyosda o’zlashtirilishi - Orol dengizi ekologik falokatiga, Janubiy, Markaziy va Shimoli-Ғarbiy mintaqalardagi yerlarning ikkilamchi sho’rlanishiga, tarixan shakllangan suv ekotizimlarining o’zgarishiga, sun’iy tashlama suv havzalari tarmoqlarining hosil bo’lishiga, atrof muhitning o’ta xavfli defoliantlar va pestitsidlar bilan zaharlanishiga olib keldi. Bu omillar cho’llardagi noyob, ba’zi xuusiyatlari bo’yicha betakror cho’l biologik majmualarining (Farg`ona cho’li, tekislik daryolari o’zanlaridagi to’qayzorlar, Amudaryo deltasi va hokazo) yo’q bo’lib ketishiga sabab bo’ldi. Bunday jarayonlarning respublikadagi sanitariya-epidemiologiya va parazitologiya holatlari keskinlashuviga, shuningdek mintaqadagi umumiqlimiy o’zgarishlarga ta’sir etayotganligi hammaga ayon. Sobiq Ittifoqda zamonaviy uskuna, texnika va texnologiyalari ta’minotisiz gaz qazib olinishi va uning eksportini jadallashtirish Ustyurt yassi tekisligi va shimoli Ғarbiy Qizilqumning Ғoyat nozik ekologik tizimlari biologik tanazzulga yuz tutishiga olib keldi. Chirchiq-Ohangaron sanoat majmuasi kimyo va tog`-kon sanoati korxonalarining chiqindilari atmosfera havosi va tuproqlarni keng ko’lamda ifloslantirib, tazyiqqa ta’sirchan tog` ekologik tizimlarini va aholi salomatligini jiddiy xatar ostiga qo’ydi.
O’rni va tabiati bo’yicha yaxlit biogeografik mintaqada joylashgan o’rta Osiyo davlatlari o’zlarining tabiiy boyliklari muhofazasi uchun javobgardirlar. Ularning mustaqillikka erishishlari bilan bog`liq bo’lgan siyosiy va ijtimoiy o’zgarishlar landshaft va biologik xilma-xillikni saqlab qolish, barqaror rivojlanish va ekologik xavfsizlikni ta’minlashda benazir imkoniyatlar tug`dirdi.
O’zbekistonning o’rta Osiyo mintaqasidagi bir qancha biogeografik o’lkalar tutashgan hududida joylashganligi uning hayvonot olamining nihoyatda rang-barangligini belgilaydi. Cho’l va sahrolardan iborat keng tekisliklar, tog` dashtlar, o’rmonlar, yaylovlar, to’qayzorlar, suv havzalari, madaniy landshaftlar - bularning barchasi o’ziga xos faunistik majmualarga ega ekotizimlarni tashkil etadi. Respublika faunasi juda qadimiy bo’lib, u murakkab genetik rishtalar bilan bog`langan. Bu o’lkada Turon va Turkiston endemik va avtoxton turlarining ahamiyati katta. Shu bilan birgalikda tarixiy o’tmishda bu yerga boshqa o’lkalaridan Markaziy Osiyodan, Hindi-Xitoydan, o’rta Yer dengizi atroflaridan, Yevroosiyo cho’llaridan kirib kelgan hayvon guruhlarining ham muayyan o’rni mavjud. Faunaning bir qismi esa Uzoq Sharq, Kavkazorti, Yevropa va Amerikadan olib kelib iqlimlashtirilgan yoki tasodifan kelib qolgan turlardan iborat. Umuman olganda zamonaviy O’zbekiston faunasida umurtqali hayvonlarning 677 turi (sutemizuvchilar - 108, qushlar - 432, sudralib yuruvchilar - 58, amfibiyalar - 2 va baliqlar - 77) mavjud, umurtqasiz hayvonlar turlari esa 15 mingdan ortiq. So’nggi o’n yilliklar davomida, tabiatdan foydalanishning kuchayishi oqibatida, O’zbekistondagi ko’plab hayvon turlari kuchli antropogen ta’sir ostida qolib, ularning yashash joylari va soni qisqardi, ba’zilari esa butunlay yo’q bo’lib ketdi. Ayniqsa ov ob’ektlari sifatida katta amaliy ahamiyatga ega bo’lgan sutemizuvchilar va qushlarning yirik turlari, shuningdek inson tomonidan ayovsiz o’zlashtirilayotgan, tashqi ta’sirga unchalik chidamli bo’lmagan ekotizimlarning tarqalishi cheklangan va endemik turlari katta xavf ostida qoldi. Jumladan, turon yo’lbarsi, gepard, turkman quloni, Orol sulaymon balig`i kabi hayvonlar umuman yo’q bo’lib ketdi. Qoplon, sirtlon, to’xta tuvaloq Sirdaryo va Amudaryoning kichik va katta kurakburunlari, Orol bahrisi kabilari - yo’q bo’lib ketish arafasida turibdilar. Ustyurt va Buxoro qo’ylari, morxo’r, qoraquloq, o’rta Osiyo qunduzi, oqbosh o’rdak, vishildoq oqqush, marmar churrak, yo’rg`a tuvaloq, oqbovur, xentog` to’garakboshi, Farg`ona targ`il kaltakesakchasi, amudaryo foreli, Orol mo’ylabdori, cho’rtansifat oqqayroq, ayrim mollyuska va hasharotlar yo’q bo’lib ketish xavfi ostida qolganlar [14]. Ko’plab hayvon turlarining soni hozirda tanglik poyonida bo’lmasada, lekin uzluksiz kamayib bormoqda. Bularning barchasiga sabab – hududlarning xo’jalik maqsadlarida o’zlashtirilishi, atrof muhitning ifloslanishi, biologik resurslardan me’yorsiz foydalanishdir.
O’zbekiston qishloq xo’jaligi asosini sug`oriladigan dehqonchilik tashkil etadi. Oxirgi o’n yilliklar mobaynida sug`oriladigan maydonlarni kengaytirish maqsadida Mirzacho’l, Jizzax, Qarshi va Surxon-Sherobod cho’llari, Farg`ona vodiysining markaziy qismi, Tyonshon va Pomir-Oloy tizmalarining Ғarbiy etaklaridagi adirlar o’zlashtirildi. Sug`orish tufayli o’zlashtirilgan hududlarda ekologik vaziyat tubdan o’zgardi. Bunday sharoitga moslasha olmagan ko’plab cho’l hayvonlarining soni keskin kamayib ketdi. Jayron, yo’rg`a tuvaloq va boshqa hayvon turlari areallarining qisqarishi - buning yorqin dalilidir. Tekisliklardagi yirik daryolar o’zan laridagi o’zgarishlarni ham shular jumlasiga kiritish mumkin. To’qayzorlarning aksariyat qismi kesib tashlanishi natijasida, hamda suv rejimining o’zgarishi tufayli tanazzulga yuz tutdi. Bu esa, o’z navbatida, to’qayzorlarda yashovchi Buxoro bug`usi, tustovuq va boshqa endemik kenja turlar yashash joylarining keskin qisqarib ketishiga olib keldi. Yirik gidroinshootlarning qurilishi, Orol dengizi suv sathining pasayib ketishi va suvining o’ta sho’rlanishi sababli uning tub ixtiofaunasi butunlay qirilib ketdi, qisqichbaqasimonlar va mollyuskalarning ko’plab endemik turlari yo’q bo’lib ketish holatiga kelib qoldi. Daryolar oqimining sun’iy tartiblan ishi, yirik suv omborlari va irrigatsiya tizimlarining qurilishi, daryolarning yuqori qismlarida suvni tog`-kon sanoati ehtiyojlari uchun olinishi, suv havzalarining ifloslanishi, chetdan keltirilgan baliq turlarining salbiy ta’siri - mahalliy ixtio va malakofaunalarning yashashiga tahdid solmoqda. Janubiy Orolbo’yida ekologik sharoitning o’zgarishi oqibatida Amudaryo deltasida qachonlardir vishildoq oqqush, pushti va jingalak saqoqush, qorabuzov va boshqa kamyob qushlar makoni, hamda ornitologik nuqtai-nazaridan muhim ahami yatga ega bo’lgan botqoqliklar bugunda o’z mohiyatini yo’qotdi.
Tog`-kon sanoatining jadal sur’atlar bilan rivojlanishi, daraxt va butalarning kesilishi va chorvachilikda yaylovlardan haddan tashqari keng foydalanish natijasidagi yerlarning nurashi, rekreatsiya faoliyatining uyg`unlanishi - bularning barchasi tog` ekotizimlarining o’zgarishi va ko’plab umurtqasiz hayvonlarning lokal yashash joylari yo’q bo’lib ketishiga sabab bo’lmoqda. Shunisi ravshanki, yovvoyi hayvonlar va ularning yashash joylari muhofazasi bo’yicha maxsus qonunchilik asosida amaliy chora-tadbirlar ko’rilmasa, ularning tabiatda yo’q bo’lib ketishi xavfini bartaraf qilib bo’lmaydi. O’ayvonlarning har bir turi - tabiatning tarixan takrorlanmas, genetik jihatdan yagona, har qanday biologik hamjamoada faqat o’ziga xos o’rniga va uning barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo’lgan in’omdir. O’zbekistonda so’nggi yillarda biologik xilma-xillikni saqlab qolish borasida bir qancha jiddiy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ularni yanada jadallashtirish – kamyob va yo’q bo’lib ketayotgan hayvonlar muhofazasini kuchaytirishga, hamda sonini tiklashga xizmat qilishi kerak.
Respublikada tashkil qilingan oltita tog` (Hisor, Zomin, Kitob, Nurota, Surxon, Chotqol), uchta cho’l-to’qay (Qizilqum, Baday-To’qay, Zarafshon) qo’riqxonalari, ikkita milliy bog` (Zomin, Ugom-Chotqol), to’qqizta buyurtmaxona (Arnasoy, Dengizko’l, Qoraqir, Qorako’l, Qarnabcho’l, Qo’shrabod, Sayg`oqli, Sarmish, Sudoche) va ikkita tabiiy yodgorlikdan (Vardonze, Yozyovon) iborat ekologik tarmoq hayvonot olamining majmuiy muhofazasiga va uning resurslaridan barqaror foydalanishga xizmat qilmoqda. Nafaqat respublikamizda, balki butun mintaqada yagona, kamyob hayvonlarni ko’paytirish, ularni saqlash va reintroduksiya qilish bilan shug`ullanuvchi "Jayron" ekomarkazi ham alohida muhofaza qilinadigan hudud maqomiga ega.
Respublika qo’riqxonalarida Qizil kitobga kiritilgan Buxoro bug`usi, morxo’r, Qizilqum arxari, ko’k sug`ur, Turkiston silovsini kabi hayvonlar, yirik yirtqich qushlar va hasharotlar muhofaza ostiga olingan. Kamyob va yo’q bo’lib ketayotgan hayvonlarni yarimtutqinlik sharoitida ko’paytirish, ularni saqlab qolish va sonini tiklash - istiqbolli yo’nalish hisoblanadi. Bu sohadagi muhim amaliy odimlardan biri - "Kamyob hayvonlar turlarini ko’paytirish respublika "Jayron" ekomarkazi" (Buxoro viloyati) olib borayotgan izlanishlardir. Bu yerda respublika Qizil kitobiga va xalqaro Qizil ro’yxatlariga kiritilgan qulon, jayron, yo’rg`a tuvaloq, Prjevalskiy oti kabi turlarni ko’paytirish va qo’riqlash bo’yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Toshkentda O’zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi huzuridagi Davlat bionazorati bosh boshqarmasi va O’zbekiston Fanlar Akademiyasining Zoologiya instituti tomonidan yo’q bo’lib ketish xavfi ostidagi qushlarni (itolg`i, yo’rg`a tuvaloq) sun’iy sharoitda ko’paytirish va tabiatga qo’yib yuborish ishlari amalga oshirilmoqda.
Fauna xilma-xilligini saqlashning qonuniy asoslari O’zbekiston mustaqillikka erishgan kundan boshlab jamiyatni demokratlashtirish va tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikni tobora takomillashtirib bormoqda. Buning natijasida ushbu sohadagi xalqaro hamkorlik uyg`unlashib, jamoatchilikning ekologik muammolarga bo’lgan qiziqishi va qayg`urishi ortib bormoqda. Yildan-yilga nodavlat jamoa ekologik tashkilotlari tarmoqlari kengayib bormoqda. Ular aholi orasida ekologik tafakkurni shakllantirish, hamda yovvoiy tabiatni saqlab qolish masalalari borasida davlat muassasalari bilan faol hamkorlik qilmoqdalar.
"Tabiatni muhofaza qilish to’g`risida" (1992), "Alohida muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar to’g`risida" (1993), "Hayvonot olamini muhofaza qilish va undan foydalanish to’g`risida"(1997) kabi qonunlarning qabul qilinishi, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining "Noyob va yo’q bo’lib ketayotgan o’simlik va hayvon turlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni tartibga solish to’g`risida" (1993), O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Yovvoyi hayvonlar va o’simliklar muhofazasini kuchaytirish va ulardan foydalanishni tartibga solish choralari to’g`risida"gi qarorlari, "O’zbekiston Respublikasiga yirtqich qushlar olib kelinishini va ularning chetga chiqarilishini tartibga solish to’g`risida"gi (1996) farmoyishi va boshqa qonunchilik hujjatlarining chiqarilishi respublikamiz tabiatini muhofaza qilish uchun g`oyat muhim ahamiyatga ega bo’ldi. O’zbekistonda ovchilik va baliqchilik bilan shug`ullanish tartibi yuqorida ko’rsatilgan qonunlar, Vazirlar Mahkamasining "O’zbekiston Respublikasi hududida ov qilish va ovchilikbaliqchilik xo’jaliklarini yuritish to’g`risida"gi (1991) Nizomi, shuningdek Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi tomonidan tasdiqlangan "O’zbekiston Respublikasi hududida ov va baliqchilik qilish qoidalari" kabi hujjatlar asosida muvofiqla-shtiriladi. Respublikada biologik xilma-xillikni hisobga olish jarayoni Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan (17.07.1996 y. № 255 va 05.09. 2000 y. № 343) tegishli muvofiqlashtiruvchi hujjatlar asosida olib boriladigan O’zbekiston Respublikasi hayvonot olami davlat kadastrini yuritish jarayonida amalga oshiriladi.
O’zbekiston Respublikasi 1995 yilda "Biologik xilma-xillik to’g`risidagi" Konvensiyaga qo’shilib xalqaro hamjamiyat oldida o’zining milliy biologik resurslarini muhofaza qilish uchun javobgarligini e’lon qildi. O’zbekistonning bu boradagi keyingi qadamlari - 1997 yilda "Yo’q bo’lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to’g`risida"gi Konvetsiyani (SITES-CITES) imzolashi hamda 1998 yilda "Ko’chib yuruvchi hayvonlar turlarini muhofaza qilish to’g`risida"gi (Bonn - CMS) va 2001 yilda "Xalqaro ahamiyatga ega, ayniqsa suvda suzuvchi qushlarning yashash joylari bo’lgan suv-botqoqli joylar to’g`risida"gi (Ramsar) Konvensiyalariga qo’shilishi bo’ldi. Bonn konvensiyasi doirasida "Ingichka tumshuqli balchiqchi, ... Sibir turnasi (oq turna) va Afrika-Yevroosiyoning suvda suzuvchi ko’chmanchi qushlarini muhofaza qilish tadbirlari yuzasidagi hamfikrlik Memorandumlari" kabi xalqaro bitimlar imzolandi. O’zbekiston, bulardan tashqari, taziyqlarga ta’sirchan turlarning (yo’rg`a tuvaloq, lochinlar va h.k.) muhofazasi bo’yicha yangi xalqaro bitimlarni tayyorlashda ham ishtirok etmoqda. Atrof muhitni ekologik jihatdan sog`lomlashtirish jarayonlarini uyg`unlashtirish va biologik resurslarni muhofaza qilish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi va O’zbekiston Fanlar akademiyasi boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda "Biologik xilma-xillikni saqlashning milliy strategiyasi va harakat rejasi"ni ishlab chiqish tashabbusini o’z zimmalariga oldilar. Ushbu hujjat matni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan maqullanib (1998 yil 1 apreldagi 139-qaror), o’zbek, rus va ingiliz tillarida chop etildi. Qizil kitobni yuritish mazkur strategiyaning tarkibiy qismi bo’lib, biologik xilma-xillikni saqlash borasidagi harakatning navbatdagi bosqichidir. Qizil kitob hayvonot olamini saqlash sohasidagi muhim milliy ahamiyatga ega bo’lgan asosiy davlat hujjati bo’libgina qolmasdan, balki O’zbekiston Respublikasining xalqaro konvensiya va bitimlarni qabul qilish paytida o’z zimmasiga olgan majburiyatlarining ifodasi hamdir. Kitob, bir tomondan, hayvonturlarining tabiatda yo’q bo’lib ketishi jarayonining hujjatli shahodatnomasi bo’lsa, ikkinchi tomondan - ularni saqlab qolishni amalga oshirish rejalarining asosidir. Shu bilan birgalikda u davlat va jamoa tashkilotlari, ilmiy muassasalar va aholi diqqatini yurtimiz tabiatini muhofaza qilish muammolariga jalb qiluvchi nashrdir. Qizil kitobni tuzish va nashr etish tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 9 martdagi 109-sonli qarorida belgilangan. Uni yuritish bo’yicha mas’uliyat O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi zimmasiga yuklatilgan . Istiqlolning dastlabki yillaridan davlatimiz hududimiz faunasini rivojlantirish masalasiga alohida e‘tibor qaratib keladi. Tizimni takomillashtirishning mustahkam huquqiy asoslari yaratildi. O‗zbekiston 1997- yilda «Yo‗q bo‗lib ketish havfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‗g‗risida»gi xalqaro konvensiya, 2001- yilda esa «Xalqaro ahamiyatga ega, ayniqsa suvda suzuvchi qushlarning yashash joylari bo‗lgan suv-botqoqli joylar to‗g‗risida»gi (Ramsar) konvensiyalariga qo‗shildi. Bu boradagi ilmiy salohiyat oshirildi, hayvonot olamining areallari, suv-botqoq tizimi, to‗qayzor, o‗rmonzorlar kengaytirildi. Markaziy Osiyo mintaqasida kamyob hayvonlarni ko‗paytirish, ularni saqlash va reintroduksiya qilish uchun «Jayron» ekomarkazi faoliyat ko‗rsatyapti. Bu yerda yaqin o‗tmishda tabiatda yo‗qolib ketish xavfi ostida bo‗lgan qulon, yo‗rg‗a tuvaloq, jayron kabi kamyob turlar ko‗paytirilyapti. Ular aholi orasida ekologik tafakkurni shakllantirish hamda yovvoyi tabiatni saqlash borasida davlat muassasalari bilan faol hamkorlik qilayotir.
Hayvonlarning har bir turi — tabiatning betakror genetik jihatdan yagona, har qanday biologik hamjamoada faqat o‘ziga xos o‘ringa va uning barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan in’omdir. Shunday ekan, uni asrab-avaylamog‘imiz, kelajak avlodga meros qoldirmog‘imiz lozim.
Respublikamizning bioxilma-xilikni saqlash borasidagi ishlari.
Umumjahon atrof-muhit kunini nishonlash to‘g‘risida 1972 -yilda Stokgol'm shahrida BMTning atrof-muhitga bag‘ishlangan Konferensiyasida qaror qabul qilingan edi. Ushbu qarorning maqsadi - xalqaro hamjamiyatning e'tiborini atrof-muhit muhofazasi muammolariga hamda global ekologik inqirozning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni qabul qilishga qaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza hilish davlat qo‘mitasi "Barkamol avlod yili" Davlat dasturinining ijrosi yuzasidan hamda ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash mahsadida, joriy yilning 5 iyun-kuni Umumjahon atrof-muhit kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirini tashkil etayapti. Joriy yilda 5-iyun Umumjahon atrof-muhit kuni "turlarning ko’pligi - yagona sayyora - yagona kelajak" mavzusida o‘tkazilmoqda. Ma'lumki, BMT Bosh Assembleyasi tomonidan 2010 yil - "Xalqaro bioxilma-xillik yili" deb e'lon qilindi. Ushbu yilning ustuvor vazifalaridan biri - aholi o‘rtasida bioxilma-xillikni saqlab qolish zamon talabi ekanligi, unga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish borasida samarali va sifatli targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish, atrof-muhit muhofazasi hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida hamkorlikda faoliyat ko‘rsatish hisoblanadi. Bioxilma-xillikni saqlab qolishda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning ahamiyati kattadir. O‘zbekiston Respublikasida Biologik xilma-xillikni saqlash Milliy strategiyasi va harakatlar rejasining tasdiqlanishi bioxilma-xillikni saqlab qolish yo‘lidagi ulkan ishlardan biri bo‘ldi. Bu strategiyaning asosiy vazifalaridan biri - mamlakat umumiy maydonining 10 % ga yaqin qismini qamrab oladigan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar barqaror tizimini tashkil qilishdan iboratdir.2004 yilning dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan "Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahriri qabul qilindi. Mazkur qonun "Biologik xilma-xillikni saqlash to‘g‘risida"gi, "Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini muhofaza qilish to‘g‘risida"gi, "Xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan, asosan suvda suzuvchi qushlar yashash joylari hisoblangan suv-botqoq hududlar to‘g‘risida"gi Xalqaro Konvensiyalar yuzasidan olingan majburiyatlarning bajarilishini ta'minlashga qaratilgan. O‘tgan 2009 yilda Buxoro viloyatining To‘dako‘l, Xadicha, Zikri suv havzalaridagi qushlarni hisobga olish ishlari bajarildi va natijada qishlaydigan qushlar sonining keskin kamayganligi qayd etildi; Toshkent viloyatida kamyob va ovbop qushlar turlari bo‘yicha kadastr tadqiqotlari o‘tkazildi; Xisor qo‘riqxonasi atrofida umurthali hayvonlarni, "Dalvarzin" ovchilik xo‘jaligida qirg‘ovullarni hisobga olish ishlari amalga oshirildi, natijada qirg‘ovullar sonining ancha ko‘paygani ma'lum bo‘ldi.
Sirdaryo viloyatidagi "Sayxun" xo‘jaligida hayvonlarning ovbop turlarini
hisobga olish ishlari natijasida: sirdaryo qirg‘ovuli - 610-630 bosh; katta tomoq - 450-500 bosh; to‘ng‘iz - 8-10 bosh; tolay quyoni 40-45 bosh; tulki - 10-15 bosh ekanligi; bo‘rsiq - uch-to’rt oilaligi aniqlandi; Farg‘ona vodiysi tabiiy o‘simliklari va yer usti umurtqalilar faunasini inventarizatsiyadan o‘tkazish ishlari bajarildi; global miqyosda yo‘qolib ketish xavfidagi qush turi - sterxning O‘zbekiston hududidan uchib o‘tish yo‘lini aniqlash bo‘yicha ikkinchi xalqaro ekspeditsiya o‘tkazildi."Jayron" ekomarkazida buxoro qo‘yini ko‘paytirish ishlari amalga oshirilmoqda. hozirgi kunda ekomarkazda bir bosh burama shohli echki, 10 bosh buxoro qo‘yi saqlanmoqda, o‘tgan yili 3 bosh qo’zi dunyoga keldi. "Jayron" ekomarkazi hududini kengaytirish uchun Buxoro viloyat hokimining qarori bilan qo‘shimcha 9 369 ga yer maydoni ajratildi hamda qo‘shimcha 4500 ga yer maydonini berish bo‘yicha fermer xo‘jaliklari bilan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. "Jayron" ekomarkazini yanada jihozlash uchun Sho‘rtangazkimyo kompleksi tomonidan 100 mln.so’m va tabiatni muhofaza qilish mablag‘lari hisobidan 6 mln.so’m ajratildi. Joriy yilning 17- mart kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahriga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi hukumati hamda Qozog‘iston Respublikasi hukumati o‘rtasida "Sayg‘oqning muhofazasi, uni ko‘paytirish va foydalanish bo‘yicha" O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi milliy ijrochi agentlik bo‘lgan xalqaro tabiatni muhofaza hilish loyihalarini ro‘yobga chiqarilishi davom ettirilmoqda: bunga "Qoraqalpog‘iston hududidagi Amudaryo deltasida to‘qay o‘rmonlari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimlarini saqlab qolish" loyihasi, BMT TDG/GEFning "Rio Konvensiyalarini bajarilishi bo‘yicha maqsadli institutsional kuchaytirish va mahoratni rivojlantirish orqali milliy salohiyatni mustahkamlash", "O‘zbekistonning neft va gaz sektoriga bioxilma-xillik tamoyillarini integrallashtirish" kabi o‘rta masshtabli loyihalari bajarilmoqda.Umuman, O‘zbekistonda barqaror rivojlanishni ta'minlash borasida bioxilma-xillikni saqlash va muhofaza qilish muhimligiga alohida e'tibor qaratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |