Ta`lim nazariya (kontseptsiya)lari mazmuni. An`anaviy pedagogikada formal va moddiy ta`lim nazariyasi keng tanilgan. Bu nazariyalarning mohiyati nima va o`rta ta`lim mazmuniga qanday ta`sir etadi?
Formal ta`lim nazariyasiga Djon Lokk (XVII asr), Pestalotstsi, Kant va Gerbart (XVIII-XIX asrlar) asos solganlar. XVIII asrning oxirlarida didaktik formalizm nazariyasi (kontseptsiyasi) vujudga keldi (bu nom E.SHmit va A.A.Nemeyerning «Printso`pi vospitaniya i obucheniya» asarida tilga olinadi). Kontseptsiya tarafdorlari ta`limni o`quvchilarning itidori va qiziqishlarini rivojlantiruvchi vositasi sifatida e`tirof etadilar. Keyinchalik bu ta`limot formal ta`lim nazariyasi sifatida shakllantirildi. Didaktik formalizm tarafdorlarining asosiy g`oyasi qadimiy olim Geraklit tomonidan aytilgan (ko`p bilim aqlni kuchaytirmaydi) fikrlariga asoslanadi. Keyinchalik bu g`oyani I.Kant va I.G.Pestalotstsilar rivojlantirishdi. Ular o`qitishning asosli maqsadi, eng avvalo, o`quvchining iqtidorini rivojlantirish, o`quvchining to`g`ri tafakkur yuritishini kuchaytirish bo`lishi shart deb hisoblaydilar.
Ushbu nazariya tarafdorlari falsafiy ratsionalizm (lotinchada «rationalts» - aqlli)ga tayanadilar va bilim manbai aqldir, bilim faqat aqlning mustaqilligida tug`iladi, shu bois ta`lim o`quvchilarning ma`lum bilimlarni egallab olishlari emas, balki ularning aqlini o`stirish, ya`ni, analiz, sintez, mantiqiy fikrlash layoqatlarini rivojlantirish kabi vazifani hal etishi zarur deb hisoblaydilar. Ularning fikricha, fikrlashni rivojlantirish vositasi tillar, ayniqsa, qadimiy yunon va lotin tili, shuningdek, matematikani o`rganish lozim. Formal ta`lim elementlaridan hozirgi kunda ham foydalaniladi. Angliyadagi grammatik maktablarda ushbu nazariya g`oyalari asosida ish ko`riladi.
Formal va moddiy ta`lim nazariyalarini K.D.Ushinskiy va A.Avloniylar juda asosli tanqid qiladilar. K.D.Ushinskiy bilimlarni o`zlashtirishdan uzoq bo`lgan formal deb ataluvchi rivojlanish o`ylab topilgan yolg`on deb aytadi. Har bir fan biror-bir boshqa narsa bilan emas, odamni o`zining mazmuni bilan rivojlantirishini ta`kidlaydi. SHunday ekan, maktab faqatgina rivojlantiribgina qolmay, balki ularning keyingi faoliyatlarida foydali bo`ladigan bilimlarni ham berishi kerak. O`zbek pedagogi Abdulla Avloniy ham (1878-1934 yillar) ana shunday fikrni bildirgan. U o`zining “Turkiy guliston yohud axloq” nomli asarida “... bilim bizning aqlimizni va bizninng xotiramizni qilich kabi o`tkir qiladi. Bilim, fanni egallash taraqqiyot yo`lida bizning ilgari qadam tashlashimiz shartidir.... Bilimsiz odam bu mevasiz daraxtga o`xshaydi” deb yozadi. SHu bilan bir vaqtda A.Avloniy fanni o`zlashtirishga faqatgina xayoliy amaliyoti uchun utilitar (foydali) yaroqliligi nuqtai nazaridan yondoshish mumkin emas deb hisoblaydi. U hayot bilan to`g`ridan-to`g`ri bog`liq bo`lmagan bilimlar ham bor va ular amaliy bilimlardan kam bo`lmagan ahamiyatga ega deb hisoblaydi. Misol uchun qadimgi tarixdan amaliy faoliyatda foydalanib bo`lmaydi, lekin uni o`rganish kerak va foydalidir: uni (tarixni) bilish o`quvchvilarning bilimlarini kengaytiradi, dunyoqarashni shakllantiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |