YURTLAR KEZIB, BAHSLAR TUZIB...
Melodiy 1211-1288 yillarda yashab o’tgan arab tarixchisi Ibn Hallikon az-Zamaxshariy 12 yoshiga yetgach, otasining ruxsati bilan ilm olish uchun Buxoroga yo’l olgani haqida guvohlik beradi. Ibn Hallikon az-Zamaxshariy vafotidan deyarli yetmish yil keyin dunyoga kelgan, ammo o’z davrining ilm o’choqlarida tahsil olishi asnosida az-Zamaxshariyni bevosita ko’rgan insonlar xotiralariga suyanib, ushbu ishonarli dalillarni keltirgan.
Az-Zamaxshariy ilm olish havasida tashrif buyurgan Buxoroi sharif o’sha vaqtda mashhur tilshunos olim Abu Mansur as-Saolibiy yozishicha: “ Somoniylar davridan boshlab shon-shuhrat makoni, saltanat Ka’basi, zamonaning ilg’or kishilari jamlangan, yer yuzi adiblarining yulduzlari porlagan va o’z davrining fozil insonlari jamlangan muqaddas bir joy edi“.
Az-Zamaxshariy otasidan Qur’oni Karimni o’rganish asnosida juda chiroyli husnixat bitmoqni ham batafsil o’zlashtirgan xattot darajasiga yetgandi. Bu esa unga noyob kitoblarni ko’chirgani uchun beriladigan haq evaziga o’z tirikchiligini ta’minlashga yetarli mablag’ topishga imkon yaratardi. O’sha vaqtda Buxoroning mashhur madrasalarida yuz minglab jild kitoblar jamlangan bo’lib, bu asarlarni o’qish, o’rganish ishtiyoqida bo’lgan ahli toliblar va boshqa boy-badavlat kishilar ko’p edilar. Ular qaysidir asarni o’z javonida ko’rmoq bo’lsalar, undan nusxa ko’chirtirish uchun husnixati ravon va chiroyli bo’lgan xattotlar xizmatidan foydalanishardi.
Az-Zamaxshariy Buxoro madrasalarida zamonasining barcha diniy va dunyoviy ilmlaridan boxabar ulamolardan saboq olish bilan bir vaqtda buyurtma asosida kitoblarni ko’chirib yozar va bunga yaxshigina xaq olardi. Shu bilan birga, ko’chirib yozish asnosida o’sha kitoblarni puxta o’zlashtirardi.
Buxoroda taxsil olayotgan davrida otasi vafot etganidan xabar topadi va aziz insoni xastalanganda boshida o’tira olmaganidan o’kinadi. Bu nadomatlarini u o’zining devoniga kirgan she’rlarida bir qadar aks ettirgan.
Buxoroda taxsil olib qaytgach, xorazmshoh Qutbiddin Muhammad devonida bir muddat kotiblik vazifasini bajaradi.
Az-Zamaxshariyning devondagi faoliyati uzoqqa cho’zilmaydi - saroydagi turli guruhlar o’rtasidagi pinhona kurashlarda ulardan birisi tomonini olishi kerak bo’lardi. Tabiatan o’z fikriga ega, birovlar etagida yurmaydigan yosh kotib saroyga ishga kirganiga pushaymon bo’ladi va Sharqning mashhur shaharlariga borib, taniqli allomalar saboqlaridan bahramand bo’lishni istab qoladi.
Az-Zamaxshariyning ilmga tashna yoshlik davri saljuqiy sulton Malikshoh davriga to’gri kelgan. Malikshohning mashhur vaziri Nizom ul-Mulk devonga taniqli allomalarni to’plab, ularga homiylik qilish orqali nom qozongandi. Bu vazir saljuqiylar hukmron bo’lgan Sharqning barcha shaharlarida sunna ahli tartiboti bo’yicha shariatni o’rgatadigan madrasalar kurdirgandi. Bu madrasalar u zot nomi bilan Nizomiya deb atalardi.
Xorazmshoh saroyidagi muhitdan bezgan az-Zamaxshariy saljuqlar saltanati bosh kenti Marvga boradi va vazir Nizom ul-Mulk xizmatiga kiradi. Xizmatga kirish asnosida adolatli va ilmparvar vazirga bag’ishlab qasida ham yozadi, ammo...
Az-Zamaxshariyning Nizom ul-Mulk saroyidagi xizmati ham uzoqqa cho’zilmagan. Buning sababi, Nizom ul-Mulkning sunniy mazhab amallarini qat’iy tutgani, az-Zamaxshariyning esa oilasi ta’sirida o’zi ergashgan mu’taziliy suluki amallariga rioya qilishi bo’lgan. Vaziyat shungacha borib yetadiki, az-Zamaxshariydan hatto birovning eshigini qoqqan vaktda o’zini: 'Abulqosim al-mu’taziliy keldi” deb tanishtirishi kerakligini talab qila boshlaydilar. E’tiqodiga sodiq yosh olim o’zi mansub oqimdan chekinish o’rniga saroydagi daromadli vazifasini tark etishni ma’qul ko’radi.
O’ziga qarshi turli gap-so’zlardan yiroq bo’lishni istagan az-Zamaxshariy endi yanada uzoq o’lkalarga safar etmoqni ixtiyor qilib, bu safar Xurosonga yo’l oladi.
Xurosonda yashagan davrida az-Zamaxshariy Toj ud-Davlaning noibi Mujiyr ud-Davla al-Husayn al-Ardistoniy bilan yaqindan tanishadi va unga bag’ishlab qasidalar, eng asosiysi, so’z tuzilishlari haqidagi ilk asarlari —”Sharh abyat Sabavayh” va ”Al-Anmujaz"ni shu insonga bag’ishlaydi.
Bu paytda Xurosonda saljuqlar vaziri Nizom ul-Mulkning o’g’li Ubaydulloh Sulton devon kotibiyati boshlig’i vazifasida ishlardi. Ubaydulloh badiiy ijod bilan shug’ullanib, boshqa shoirlardan ko’ra ko’p bora ustun asarlari bilan tanilgandi.Az-Zamaxshariy Ubaydullohga bag’ishlab bir necha manzumalar yozganki, bundan uning saroy devonida ishlagani anglashiladi.
Ammo bu yerda ham uni ona yurti Xorazmdagi kabi turli qarama-qarshiliklar kutib turgandi. Uning saroyda uzoq qolmagani sababi ham aynan mu’taziliy sulukiga qat’iy e’tiqodi bo’lib, bu boshqalarga yoqmagan.
Az-Zamaxshariy endi safar yo’lini saljuqlar sal-tanatining yirik shahri va poytaxtlaridan biri hisoblanmish Isfaxonga soladi. Bu yerda yashashi uchun, daromad manbaiga ega bo’lish uchun saljuqiylar hukmdori Muiziddin Sanjarga bag’ishlab bir necha qasidalar bitadi. Yana shu davrda xorazmshoh Muxammad ibn Anushtegin hamda Otsizga bag’ishlab yozgan qasidalari va ilmiy asarlari xam borki, bu bilan olim begona yurtlarda sarson yurgandan ko’ra o’z tug’ilgan tuprog’iga qaytib, ilm bilan shug’ullanishni orzu qilgan bo’lishi mumkin.
Aynan Isfaxonda vaqti u og’ir xastalikka chalinadi va tabiblar sa’y-xarakati va Allohning irodasi bilan bu darddan xalos bo’ladi. Shundan so’ng u har qanday mansab saroylarda mulozimlik qilishdan mutlaqo voz kechadi, Alloh bergan qolgan umrini faqat ilm olish va asarlar yaratishga sarflashga ahd qiladi.
Shu niyatda xalifalik poytaxti Bag’dodga boradi. Bu vaqtda Bag’dodda ko’plab musulmon hamda yunon olimlari yashab, turli fanlar bo’yicha tadqiqotlar olib borishardi. Bir vaqtning o’zida Bag’dod diniy ulamolari jamuljam bo’lgan maskanlardan biri edi. Az-Zamaxshariy islom dunyosi dorulsaltanatida yashagan davrida taniqli ulamolar yig’inlarida ishtirok etadi. Ko’p masalalarda ular bilan baxsga kirishadi. Ko’z qiri bilan qaraganda e’tiborga tushmaydigan, aksar odamlar nazdida ”xorazmlik cho’loq olim"ning bilimi, diniy va dunyoviy ilmlarni mukammal egallagani Bag’doddek ilm shahrining ko’zga ko’ringan ulamolarini qoyil qoldiradi. Az-Zamaxshariy otasidan Qur’oni Karimni yod olgan, bundan tashqari minglab hadislarni, qadim rivoyatlarni ham yod bilardi. Ulamolar bilan bahslashish asnosida uning o’ta kuchli quvvai hofizasi bexato ishlar, Qur’on oyatlari, hadislar va rivoyatlar yodiga oqib kelaverardi.
U benazir voiz — notiq ham edi.
Bag’dodda bir muddat turgach, ulamolar suhbatlarini olgach, endi safar yo’lini Makka sari soladi.
Bu paytda Makka shahri amiri Abulhasan Ali ibn Hamza ash-Sharif al-Hasaniy Vahhos edi. Bu amir adolatli ma’mur bo’libgina qolmasdan nazmiy va nasrda yozilgan bir qancha asarlar muallifi sifatida ham tanilgandi.
Xorazmdan ulkan ulamo kelayotgani xabarini eshitgan amir uni shaxsan kutib oladi va unga muruvvatlar ko’rsatadi. Ular go’yo ming yillik qadrdonlar kabi bir-birlariga bog’anib qoladilar. Bu esa bir-birlariga bag’ishlab yozilgan qasidalarda o’z ifodasini topadi.
Az-Zamaxshariy ko’p o’lkalarni kezib, tortgan zahmatlari evaziga Alloh unga muqaddas shaharda hamfikr, hamdil insonni ro’para qilganidan behad quvonadi. Shahar amirining qo’llab-quvvatlashi ortidan Arabiston yarim orolining bir qator o’lkalariga sayohat uyushtiradi. Bular shunchaki, sayr va sayohat bo’lmay, az-Zamaxshariy keyinchalik aynan shu hududlarning jug’rofik tasniflari to’laqonli keltirilgan asarini yozish uchun mustahkam manbalar to’plagani ma'lum.
Olim qayda bo’lmasin, kindik qoni to’kilgan tuproqni hamisha sog’inib yashagan, bu sog’inchini she’rlari va nasriy asarlarida aynan va ishoratlar bilan ifodalagan.
Makkada ancha muddat yashagandan so’ng yana Xorazmga qaytmoqqa jazm qiladi.U qolgan umrini o’z yurtida safarlari davomida olgan bilimlari asosida asarlar yozishga bag’ishlashni niyat qiladi,ammo afsus,saljuqiy sultonlar va xorazmshohlar orasida tez-tez ro’y berib turadigan nizolar tinchgina yashashga izn bermaydi.Ikki xukumdorning o’zaro kelishmovchiliklari katta urushlar chiqishiga sabab bo’lar,endigina yarim mustaqillikni qo’lga kiritgan Xorazm iqtisodiy rivojlanish o’rniga aynan urushlar bois inqirozlarga yuz tutadi.Xorazmshohlar qo’shni hududlarga yurishlari uchun raiyatdan katta soliq olish bilan cheklanmasdan har yurish uchun qo’shinlari sonini mahalliy yigitlar hisobidan to’ldirishar,bu esa norozichilik keltirib chiqarardi.
Yana bir yigit yoshidan keyin Sharkda eng katta saltanatlardan biriga aylanadigan Xorazm shu lahzalarda aynan “buyuk saltanat to’lg’og’I” girdobida edi.
Bularni ko’rgan va xafsalasi pir bo’lgan az-Zamaxshariy yana Makka ziyoratini qumsab qolgani bejizga emasdi.
O’zining bu xolatini olim bir qasidasida shunday ifodalaydi:
“O’z umringning bir qismini Makkada o’tkazding.Yana Makkaga ketishing boisi ne,deb so’raganlarida aytdimki:”Qalb xotirjamligi,dil pokligi va ibodat lazzatni faqat Makkada his qilish mumkin”deb javob berdim”.
Ikkinchi marta Makka ziyoratini ixtiyor etgan olim bu safar yo’l-yo’lakay Damashqda bir muddat to’xtaydi.
Shu o’rinda qiziq bir holatga duch kelamiz.Az-Zamaxshariy Damashqda yashagan davrda amiri Bo’ri Tag’takiyga bag’ishlab qasida yozadi. Bo’ri Tag’takiy botiniy oqimi vakillariga qarshi kurashgan va ularning taniqli olti nafarini qatl qildirgandi.Bundan tashqari,musulmon dunyosiga xavf solayotgan ovropolik salibchilarga qarshi 1128 yildagi jangda g’olib chiqqandi.O’shanda amir bu jangga Damashq arablari bilan birga Turkman qabilalarini ham jalb qila olgandi.
Bu jang az-Zamaxshariy Damashqqa kelishi arafasida bo’lib o’tgani uchun haliyam buyuk zafar ruhi odamlar qalbini to’lqinlantirar,kofirlarga qarshi birgalikda kurashish g’oyasi mustahkam asosga ega bo’lgandi.Keyinchalik usmonli turklar salibchilarning sakkiz yurishiga qarshi ana shunday birlashgan qo’shinlarni jang maydoniga tashlab , g’olib bo’lishgandi.
Az-Zamaxshariy do’sti ko’magida Makkada tinch yashar ekan,ko’nglida ko’pdan turgan yirik asari-“AL-Kashshof”yozishga kirishadi.”Al-Kashshof” Qur’oni Karim tafsiriga bag’ishlangan yirik asar bo’lib , hali hech kim muqaddas kitobga bu darajada mufassal va mukammal sharh yozmagandi.Aynan shu asari uchun makkaliklar unga ‘Jorulloh-Allohning qo’shnisi”nisbasini berishadiki, olim hayotligi vaqtida va keying davrda biz az-Zamaxshariy nomiga albatta shu nsba qo’shilib ishlatilganiga guvoh bo’lamiz.
Az-Zamaxshariyga qadar va undan keyin ham biror ulamoga bu nisba berilgan emas.
Az-Zamaxshariy jome masjidi ko’rinishida va faoliyatidan suratlar
Az-Zamaxshariy bus afar Makkada uch yil muqim yashaydi va bir qator asarlarni shu yerda qog’ozga tushuradi.
…Ko’rinib turubdiki, yo’rug’ olamda 69 yil umrguzaronlik qilgan az-Zamaxshariy umrining yarmidan ko’prog’I safarlarda o’tgan. Hali o’n ikki yashar bola vaqti ilm olish uchun Buhorogayo’l olishganini eslatsak,olim ellik yildan oshiqroq davrda turli davlatlar va shaharlarda bo’lganini ko’ramiz.
Sayohatlari davomida u Sharqnig mashhur shaharlarida taniqli olimlar,muhaddislar,tafsir ilmi ustalari,aniq fanlar bo’yicha kashfiyotlar qilgan allomalar bilan uchrashdi.Ulardan saboqlar oldi va o’z navbatida ularga avvalida shogird,keyin esa ustoz maqomida bo’ldi.
Ko’p yillar davom qilgan sayohatlari davomida yuzlab ana shunday mashhur allomalar bilan uchrashgan.Ularning ayrimlari”xorazmlik cho’loq olim”ni unchalik xushlamaganlar ,xatto hasad bilan unga qarshi fitnalar uyushtirishgan.
Tabiatan bag’ri keng bo’lgan az-Zamaxshariy bularga unchalik e’tibor qaratmaganlar.To’plagan asarlarida o’zigayaxshilik qilgan xukumdorlar,amirlar haqida maktob so’zlarini bitadi,ammo o’ziga qarshi bo’lgan shaxslar nomlarini keltirmaydi.
Taqdirga qarangki,oradan asrlar o’tib kechinadi va dunyo maydonida az-Zamaxshariy nomi abadiy qoladi.
Faqat unga “Allohning qo’shnisi”bo’lmoq nasib qiladi.
Shunda ulug’ vatandoshimiz bilan faxrlanmay bo’ladimi?