FUZULIY G‘AZALLARI
«So‘r»
«So‘r» radifli g‘azal necha bayt?
⏩ Yetti baytli.
G‘azalda qaysi so‘z radif?
⏩ G‘azal sof turkiy radif («o‘landan so‘r») bilan bitilgan. Bu «bo‘lgandan so‘ra» so‘z birikmasining ozarbayjoncha talaffuzdagi shakli.
Qofiyadosh so‘zlar qaysi?
⏩ Qofiyada turkiy («vor», «bor»ning ozarbayjoncha shakli), forsiy («bemor», «diydor», «bedor», «hushyor», «yor») va arabiy («asror», «xummor») so‘zlar qo‘llangan.
G‘azal vazni qanday?
⏩ Vazni — hazaji musammani solim, ya’ni mafoiylun—mafoiylun—mafoiylun—mafoiylun. Taqte’si: V - - - / V - - - / V - - - / V - - -.
«Shifoyi vasl qadrin hajr ila bemor odandan so‘r, Zuloli zavq shavqin tashnayi diydor o‘landan so‘r» bayti mazmunini izohlang.
⏩ Vaslning davosi qadrini hajr dardiga chalingan bemordan so‘ra, Toza zavqning shavqini diydorga tashna bo‘Igandan so‘ra (matla’).
«Labing sirrin kelib guftora mandan o‘zgadan so‘rma, Bu pinhon nuktani bir voqifi asror o‘landan so‘r» bayti mazmunini izohlang.
⏩ So‘zlashmoqqa kelib, labing sirini mendan o‘zgadan so‘rama, Bu pinhon so‘zni bir sirlardan voqif bo‘lgan (kishi)dan so‘ra (2-bayt).
«Ko‘zi yoshularing holin na bilsun mardumi g‘ofil, Kavokib sayrini shab to sahar bedor o‘landan so‘r» bayti mazmunini izohlang.
⏩ Ko‘z yosh (to‘kish) laringning ahvolin g‘ofil (bexabar kishi) qayoqdan ham bilsin, Yulduzlarning sayrini kechasi tongga qadar uxlamay chiqqan (odam)dan so‘ra (3-bayt).
«Xabarsiz o‘lma fatton ko‘zlaring javrin chekanlardan, Xabarsiz mastlar bedodini hushyor o‘landan so‘r» bayti mazmunini izohlang.
⏩ Sho‘x ko‘zlaring javrini chekkanlardan xabarsiz bo‘lma, Xabarsiz mastlar bergan azoblarni hushyor bo‘lgan (odam) dan so‘ra (4-bayt).
«G‘amingdan sham’tak yondim, sabodan so‘rma ahvolim, Bu ahvoli shabi hijron manim-la yor o‘landan so‘r» bayti mazmunini izohlang.
⏩ G‘amingdan shamdek yondim, shamoldan ahvolimni so‘rama, Bu ahvolni hijron kechasida men bilan do‘st bo‘lgan (odam)dan so‘ra (5-bayt).
«Xarobi shomi ishqam, nargisi masting bilur holim, Xarobot ahlining ahvolini xummor o‘landan so‘r» bayti mazmunini izohlang.
⏩ Ey ishqim shomining xarobi (bo‘lgan yor), nargis (guli) dek mast ko‘zlaring holimni biladi, Xarobot ahli (mastlar, ya’ni Allohga oshiq bo‘lgan so‘fiylar) ning ahvolini xumor (mastlikdan keyin bosh og‘rig‘i) bo‘lgan (odam) dan so‘ra (6-bayt).
«Muhabbat lazzatindan bexabardur zohidi g‘ofil, Fuzuliy, ishq zavqin ishqi vor o‘landanso‘r»bayti mazmunini izohlang.
⏩ G‘ofil (bexabar) zohid (tarkidunyo qilgan kishi) muhabbat lazzatini bilmaydi, Fuzuliy, ishq zavqini ishqi bor (odam) dan so‘ra (maqta’).
G‘azalda qanday g‘oya ilgari surilgan?
⏩ Tasavvufiy ma’nodagi ishq g‘oyasi.
Baytlarda kimlar o‘zaro qiyoslanadi?
⏩ Ishqqa mubtalo bo‘lgan kishi (oshiq) bilan ishqdan bexabar odam (zohid).
Tasavvufda, faqat so‘fiylar voqif bo‘lgan qanday qarashlar bor?
⏩ Alloh insonni o‘zini sevdirish uchun yaratgan, degan qarashlar bor.
G‘azalda boshdan-oxir qaysi san’at ustunlik qiladi?
⏩ Tazod san’ati: misralar oxiridagi «so‘rma» bilan «so‘r», 3-baytda «mardumi g‘ofil» («bexabar kishi») inkor etilib, sahargacha yulduzlar sayrini kuzatgan kishi ma’qul ko‘rilyapti, 4-baytda esa «hushyor» (ya’ni oshiq, chunki u doimiy tarzda hushyor bo‘lishi kerak) timsoli «xabarsiz mastlar»ga qiyoslanyapti. 5-baytda lirik qahramon o‘zining ahvolini «sabo «(«shamol «) dan emas, «hijron kechasida u bilan do‘st bo‘lgan’»dan so‘rashni uqtirmoqda. Maqta’ga oshiq timsoli zohid timsoliga qarshi qo‘yiladi.
«So‘r» radifli g‘azalining mashhurligining siri nimada?
⏩ G‘azaldagi nekbinlik (optimizm) ruhi badiiy tasvirning kuchi bilan tezda o‘quvchiga yuqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |