5.13- rasm. Merkuriy va uning tuzlishi
|
Merkuriy o‘z orbitasi bo‘ylab sekundiga o‘rtacha 48 kilometrli tezlik bilan harakatlanib, Kuyosh atrofini 88 kunda to‘la aylanib chiqadi. Qizig‘i shundaki, Quyosh oilasi «kenja»sining bir kuni uning ikki yiliga teng, boshqacha aytganda sayyoraning bir kecha – kunduzi Erning 176 kuniga tengdir.
Merkuriy sirtining kunduzgi o‘rtacha harorati +345 gradusgacha (Selsiy shkalasida) ko‘tarilgani holda, kechasi – 180 gradusgacha pasayadi. Biroq shuni aytish kerakki, sayyora sirtining mayda tuprog‘i issiqlikni yomon o‘tkazganligi tufayli bir necha o‘n santimetr chuqurlikda harorat sirt haroratidan keskin farq qilib, 70 - 90 gradusni tashkil qiladi va juda kam o‘zgaradi.
Merkuriyning relefi va fizik tabiatiga tegishli ma’lumotlarni «qo‘lga kiritish»ning murakkabligi shundaki bu sayyoraning harakat yo‘li doimo Quyoshdan kichik burchak masofada bo‘ladi. Hatto sayyora Quyoshdan eng katta burchakka (29 gradusga yaqin) uzoqlashganda ham Quyoshning yorqin nurlari uni kuzatishga xalaqit qiladi.
1973 yilning oxirlarida sayyora tomon yo‘lga chiqqan «Mariner-10» avtomatik stansiyasi, 1974 yilning 21 sentyabrida Merkuriydan 47 ming 981 kilometrlik masofada o‘tayotib, sayyora sirtining 500 ga yaqin sifatli rasmini oldi. Bu rasmlar kenja sayyora «yuz tuzilishi», jihatidan Oyga juda o‘xshashligini ko‘rsatdi. Oy sirtidagi kabi Merkuriy yuzasi ham meteoritlar zarbidan «momataloq» bo‘lib, turli kattaliklardagi kraterlar bilan qoplanganni «Mariner-10» olgan sayyora «portretlari» dan shundoqqina ko‘rinib turibdi.
Qizig‘i shundaki, garchi ko‘pchilik kraterlarning diametri bir necha o‘nlab kilometrni tashkil qilsa-da, chuqurliklariga ko‘ra ular Oydagi kraterlardan qolishadilar. Biroq kuzatilgan sayyora kraterlari, ularni o‘rovchi tepalik marzalari va markaziy tog‘chalariga ko‘ra, Oy kraterlarini eslatadi. Sayyora yuzidagi bu cho‘tirlik uning hayotida o‘ziga xos «kundalik» bo‘lib, Merkuriy sirtining shakllanish tarixidan hikoya qiladi. Shuningdek, sayyora kraterlarining ayrimlari, Oydagi ba’zi kraterlar kabi radial yo‘nalishda cho‘zilgan yorug‘ nur sistemalari bilan o‘ralgan.
Biroq Merkuriyda kuzatilgan ayrim obyektlar, na Oyda va na qo‘shni sayyoralarda kuzatilmasligi bilan kishi diqqatini o‘ziga tortadi. Bulardan biri-eskarplar deb yuritiluvchi o‘pirilishlar bo‘lib, ularning balandligi 2-3 kilometrgacha etadi. O‘pirilishidan hosil bo‘lgan bunday jarliklarning uzunligi esa bir necha yuz kilometrgacha boradi.
Merkuriy sirt jinslarining zichligi, Oynikiga yaqin (3,0-3,3 g/sm3) bo‘lib, o‘rtacha 5,44 g/sm3 ekanligi, uning markaziy qismida temir yadrosi borligini ko‘rsatadi. Eng kamida bu, Merkuriy markazida silikat jinslar katta bosim ostida metallik holatga o‘tayotganidan darak beradi.
«Mariner-10» sayyoraning siyrak atmosferasi borligini ma’lum qildi. Ma’lum bir sayyorada atmosferaning bo‘lish-bo‘lmasligi, odatda, talay faktorlar bilan aniqlanadi. Biroq bularning ichida sayyoraning sirtida tortish kuchining kattaligi va harorat eng muhim rolni o‘ynaydi. Haroratning ortishi tufayli atmosferani tashkil etgan molekula va atomlarning tartibsiz issiqlik harakatlar ortadi. Oqibatda ma’lum tezlikka erishgan havo molekulalari sayyorani butunlay tark etadi. Xuddi shu sababdan Yer ham har kunda 100 tonnacha vodorodidan «judo» bo‘ladi.
Kichik massali Merkuriy (Yer massasining 5,5 foiziga teng) sirtida bu qadar yuqori haroratgacha ( + 420°S) qizish, sayyora atmosferasinnng asosiy qismining yuqolishiga sabab bo‘lgan deb qaraladi.
Merkuriyning aniqlangan magnit maydoni, sayyoralarning magnit maydonlarini vujudga kelishlari haqidagi mavjud gipotezani shubha ostiga qoldirdi.
Yer magnit maydonining paydo bo‘lishi, uning aylanishi natijasida metall yadrosida vujudga keladigan uyurmaviy tokning oqibatidan deb qaralardi. Shuning uchun ham sayyora qancha massiv bo‘lsa va qancha tez aylansa, unda magnit maydonining kuchlanganligi shuncha katta bo‘ladi, degan xulosa ma’lum darajada, fanda hukmronlik qilardi. Shu boisdan kichik massali va o‘ta sekin aylanuvchi (boshqa sayyoralarga nisbatan) Merkuriyda Mars va Erdagidan katta kuchlanishli maydonning mavjudligi qiziq.
Merkuriyga yaqin «qarindosh» Oy tuprog‘ida mikroorganizmlarning yo‘qligi, iqlim sharoitiga ko‘ra Oynikidan ham keskinligi bilan farq qiluvchi Merkuriyda hayot bo‘lishi uchun sharoit yo‘q, deb dadil aytishga to‘la imkon beradi. Merkuriyning tabiiy yuldoshi yo‘q.
Do'stlaringiz bilan baham: |