Neptun (qalam uchida topilgan sayyora). 1820 yilga qadar Quyosh sistemasi asosan quyidagi sayyoralar Merkuriy, Venera, Yer, Mars, Yupiter, Saturn va Uran hamda ularning yo‘ldoshlaridan tashkil topgan deb qaralardi.
1820 yili parijlik astronom A.Buvar, Yupiter, Saturn va Uranlarning koordinatalari jadvalini juda katta aniqlik bilan hisobladi. Biroq o‘n yil o‘tgach, Uran oldindan hisoblangan o‘z o‘rnidan 200 sekundli yoyga ilgarilab ketdi. Yana o‘n yil o‘tgach, ilgarilash 90 sekundga, 1846 yilga kelib esa, 128 sekundga etdi. Astronomlar, Uranning harakatidagi bu chetlashish, uning orbitasidan tashqaridagi boshqa planetaning ta’siri tufayli degan qarorga keldilar.
Bunday murakkab matematik masalani hal qilish uchun bir vaqtda, bir-birlaridan bexabar holda, ikki astronom «belbog‘ladi». Bulardan biri fransuz matematigi U.Levere, ikkinchisi esa yosh ingliz astronomi Dj.Adams edi. 1846 yili matematik hisobdan planetaning o‘rni aniqlangach, U.Levere teleskopik yulduzlarning to‘la xaritasi bor bo‘lgan Berlin observatoriyasiga murojaat qiladi. 1846 yil 23 sentyabrida bu observatoriyaning astronomi-professor M.Galle planetani Levere aytgan joydan atigi bir gradus naridan topdi. Planeta, dengiz va okeanlar xudosi Neptunning nomi bilan ataldi.
Bu planeta osmonda «qurollanmagan» ko‘z bilan ko‘rish mumkin bo‘lgan yulduzdan olti martacha xira ko‘rinadi, biroq shunga qaramay uni anchayin kuchsiz teleskop bilan ham ko‘rsa bo‘ladi.
1795 yili Neptunning ochilishidan ancha ilgari (8 va 10 mayda) uni astronom Laland kuzatgan. Biroq o‘shanda u planetani xira bir yulduz deb o‘ylab, bu ikki kunda olingan foto plastinkalarda kuzatilgan sayyora siljishini o‘lchashning xatoligidan deb tushundi. Agar o‘shanda Laland xulosa qilishga shoshilmay, bir-ikki kun bu «xira yulduzcha» ni e’tibor bilan kuzatganda edi, u Neptunni Levere va Galledan yarim asr oldin topgan bo‘lardi.
Neptun Urandan birozgina kichik bo‘lib, uning diametri 50 ming kilometrdir. Zichligi 1 kub santimetrida 1,6 gramm. Quyoshdan o‘rtacha uzoqligi 30,1 astronomik birlik. Massasi Ernikidan 17,2 marta katta. Planetaning orbital tezligi sekundiga 5,5 kilometr bo‘lib, Quyosh atrofida aylanish davri 164 yil-u 280 kun. O‘z o‘qi atrofida Neptun 15,8 soatda bir marta aylanib chiqadi.
Spektroskopik kuzatishlar, Neptunda vodorod va metan borligini ma’lum qildi. Planeta zichligini Yupiter va Saturn zichligidan ortiqligi, uning tarkibida og‘irroq elementlar ko‘proq degan xulosa olib keladi.
1846 yili astronom Lassel Neptunning katta yo‘ldoshini topdi va unga dengiz xudosi Poseydonning o‘g‘li Triton nomini berdi. Triton juda massiv bo‘lib, diametri 2700 kilometrgacha keladi. Triton Neptundan o‘rtacha 355 ming kilometr masofada teskari orbital harakat bilan planeta atrofida aylanadi. Shuningdek, Sayyoraning bu yirik yo‘ldosh anchayin qalin atmosfera bilan ham qoplangan deb faraz qilinadi.
1949 yil planetaning yana bir yo‘ldoshini Koyper topdi va unga qadimgi greklarning sevimli xudosi Nerey qizining nomi-Nereida berildi. Uning diametri atigi 300 kilometr bo‘lib, Neptundan 5,5 mln kilometr narida 360,2 kunda aylanib chiqadi.
AQShning «Voyadjer-2» avtomatik stansiyasi 1989 yilning 25 avgustida Neptundan atigi 4825 kilometr naridan o‘tdi. Bunda u orbitasining mo‘ljallangan nuqtasidan bor-yo‘g‘i 30 kilometr naridan chiqib, ja’mi bo‘lib, 1,4 sekundgagina kechikdi. Bu davrda neptunning Erdan uzoqligi 4,5 milliard kilometrni tashkil qildi. Shundan so‘ng salkam 5 soat o‘tgach, avtomatik stansiya Neptunning eng yirik yo‘ldoshi Tritondan 36,5 ming kilometr naridan tib, u haqda ham Erga ma’lumotlar uzatdi. Kelayotgan singnalning quvvati elektron qo‘l soatlari batareyachasining quvvatidan 20 milliard marta kamligiga qaramay, bu singnallar kuchaytirilgach, Neptun va uning yo‘ldoshlarining chiroyli tasvirlarini teleekranda namoyish qiloldilar. Natijada «dengizlar xudosi»ning atrofida ham 5 ta halqa topildi. Neptun sirtining temperaturasi minus 2130S, o‘z o‘qi atrofida aylanish davri esa, 16 soatu 3 minut ekanligi aniqlandi. Planeta sirtida shamolning tezligi sekundiga 300 metrgacha kuzatildi. Diametri 640 kilometrli Neptunning yo‘ldoshi-Triton 800 kilometr qalinlikdagi gaz qobiqqa ega ekanligi ochildi. «Voyadjer-2» Neptunga «tashrif» buyurgunga qadar, sayyoraning atigi 2 ta yo‘ldoshi topilgan edi. Avtomatik stansiya uning yana 6 ta yo‘ldoshini ochdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |