Glyukokortikosteroidlar GKS hozirga qadar yuqori samarali yallig‘lanishga qarshi dorilar vosita hisoblanib, revmatoid artritni aksariyat rivojlanish omillarini to‘xtatadi. SHu sababli ushbu guruh preparatlari yallig‘lanish jarayonini bartaraf etish va tez samara olish uchun ichishga, bo‘g‘im ichiga yoki uning atrofiga, ba’zan esa (kasallik yuqori faollikda bo‘lganda) tomir ichiga tomchilab yuborishga buyuriladi. Ayniqsa RA yuqori faollikda kechganda hamda kasallikni erta davrlarida davolashda ushbu guruh preparatlarining o‘rni beqiyos. Odatda GKS larning ta’siri tez namoyon bo‘lib bir necha kundan so‘ng bo‘g‘imlardagi og‘riq va ertalabki karaxtlik, shish kamayib bemorlarning umumiy ahvollarida hamda qon tahlilidagi faollik ko‘rsatkichlari sezilarli ijobiy o‘zgarishlar kuzatiladi. SHuningdek, ular bo‘g‘imlardagi eroziya jarayonlarini sekinlashtiradi. SHu sababli GKS lar kasallikni o‘tkir davrida qo‘llanilib bemor ahvolini engillashtiradi va bazis dorilar ta’sir etgunga qadar oraliq vosita vazifasini bajaradi. Ularni buyurish kasallik faolligiga bog‘liq bo‘lib, jarayonning boshlanish davrlarida zarur dozalarda (kasallik ilk davrida kuniga 10-30 mg prednizolon) qo‘llaniladi va bazis terapiya zaminida kasallik faolligi pasaygandan so‘ng asta-sekinlik bilan (har 5-7 kun mobaynida ¼ tabletkadan kamaytiriladi) minimal ushlab turuvchi dozagacha kamaytiriladi hamda aksariyat hollarda imkoniyat boricha butunlay to‘xtatilishi ko‘zda tutiladi. RA da aksariyat hollarda prednizolon hamda metilprednizolondan foydalaniladi. Bunda umumiy qabul qilingan tamoyillarga amal qilinadi (asosiy doza tushga qadar va kechqurun uncha katta bo‘lmagan dori miqdori buyuriladi). Ma’lumki, yuqorida ta’kidlanganidek RA ga chalingan bemorlarda osteoporoz jarayoni kuzatiladi, ularga GKS ni buyurish esa bu jarayonni yanada kuchaytirib suyaklar sinish ehtimolini oshiradi. SHu sababli bemorlarda davriy ravishda suyak to‘qimasi mineral zichligini densitometriyasi (yiliga taxminan bir marta) usuli yordamida aniqlab turish va GKS buyurish bilan bir qatorda kalsiy preparatlari (kunda 1500 mg) hamda D vitamini (kunda 400-800 ME) tavsiya etish lozim.
GKS (metilprednizolon, deksametozon) bilan puls-terapiya o‘tkazish yallig‘lanish jarayoni faolligini tezroq (bir kun davomida), lekin qisqa vaqtga (3-12 hafta), hatto dastlabki davoga chidamli bo‘lgan bemorlarda ham, bartaraf etishga imkon beradi.
YAllig‘lanishga qarshi nospetsefik dorilarni (YAQND) so‘nggi yillarda revmatoid artritni davolashdagi ahamiyati sezilarli pasaydi. Bunga sabab uni davolashni kasalik patogeneziga ta’sir qiluvchi yangi usullari tavsiya etilayotganligidir. YAQND ning yallig‘lanishga qarshi ta’siri siklooksigeneza (SOG) faolligi yoki SOG-2 ni tanlab pasaytirish yordamida erishiladi va prostaglandinlar sintezi kamayadi. Boshqacha qilib aytganda YAQND revmatoid artritda yallig‘lanishning oxirgi bo‘g‘iniga ta’sir qiladi. Ular kasallik belgilari namoyon bo‘lishini (og‘riq, karaxtlik, bo‘g‘imlar shishi) kamaytirish, haroratni tushirish samaralariga ega, lekin uning laborator ko‘rsatkichlariga kam ta’sir ko‘rsatadi. Aksariyat holatlarda YAQND kasallikni kechishiga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatmaydi. SHu sababli ular revmatoid artritni davolashda yagona antirevmatik vosita hisoblanmasa ham BYAQD bilan birga simptomatik dori sifatida buyuriladi.
YAQND larni buyurishda quyidagilarg e’tiborga olinishi kerak bo‘lgan asosiy muhim holatlar hisoblanadi:
Samaradorligi jihatdan YAQND o‘rtasida ahamiyatga ega bo‘lgan farqlar yo‘q (aksariyat preparatlarni tavsiya qilinadigan maksimal dozalari uning samarasiga mutanosib);
Turli xil YAQND nojo‘ya ta’sirlari (ayniqsa, oshqozon – ichak tizimiga) bir – biridan bir muncha farq qiladi;
Ularni nojo‘ya ta’sir samarasi dozasiga mutanosib bo‘ladi;
Oshqozon - ichak tizimi zararlanishining YAQND bilan bog‘liqligi yuqori xavfi bo‘lgan bemorlarlarda proton pompa blokatorlarini, parallel buyurish ushbu xavfni kamaytirishi mumkin.
YAQND bilan davolashni davomiyligi individual belgilanadi va u bemorni simptomatik muolajaga terapiyaga muhtojligiga bog‘liq.
Amaliyotda revmatoid artritni davolashda keng qo‘llaniladigan YAQND vositalari guruhiga quyidagilar kiradi:
Diklofenak (kunda 50–150 mg);
Nimesulid (kunda 200–400 mg);
Selekoksib (kunda 200–400 mg);
Meloksikam (kunda 7,5–15 mg);
Ibuprofen (kunda 800–2400 mg);
Lornoksikam (kunda 8–12 mg).
Selektiv YAQND selektiv bo‘lmaganlaridan samarasi bo‘yicha katta farq qilmaydi