«Tushda ayon bo`lgan taqdirim»
Folga ishonmayman, munajjimlarning bashoratiga ham. Ammo tushlarimga… Bu umuman boshqa masala. Hozir boshimdan o`tganlarni aytib beraman, nega tushlarga alohida ixlos qilishimni bilib olasiz…
O`n olti yoshimda kelinlik libosini kiydim. O`n ettimda esa ona bo`ldim. Tug`ruq juda qiyin kechdi. Kesarcha kesish yo`li bilan tug`dirib olishdi va chaqaloq ikkimizning hayotimizni zo`rg`a saqlab qolishdi. Tug`ruqxonada bir hafta yotdik. Hali o`zim ham, o`g`lim ham nimjon edik. Biroq bu bilan hech kim hisoblashmadi. Hamma mendan, hali ona suti og`zidan ketmay ona bo`lgan boladan namunali kelin va har narsaga ulguradigan ayol bo`lishni talab etardi. Qaynonamning pichingu zug`umlari, qaynotamning beparvoligi ustiga erimning berahmligi ham qo`shildi. U onasining chaquvlaridan keyin meni ayamay do`pposlar va ko`chaga chiqib ketar, ichib kelib, qiynoqlarini davom ettirardi.
Alloh o`zi bandasiga sabr berarkan. Murg`ak go`dagim ota mehridan bebahra qolmasligi uchun hammasiga chidadim. Chunki erim o`g`limizni juda yaxshi ko`rardi. Bir kun yana arzimagan narsadan tutaqib meni ura ketdi. Qattiq itarib yuborgandi, devorga boshim bilan urilib, bir muddat hushsiz yotdim. Keyin esa… bu qilmishim uchun o`zimni uzoq vaqtgacha kechirolmay yurdim… Keyin esa erimni qarg`adim. Qattiq qarg`adim. Shu kunimdan ko`ra o`ligingga kuyib qo`ya qolsam edi, beva bo`lsam shundan ortiq qiynalarmidim, dedim. Yaxshiki, erim bu gaplarimni eshitmadi.
Oradan bir hafta o`tgach, g`alati tush ko`rdim: oyog`imda oppoq botinka, ammo bir poyi yo`q edi. Ikkinchi poyni zir yugurib qidirdim, topa olmadim. Ikki kun o`tgach, erim mast bo`lib qahraton qishda notanish bir ko`chada yiqilib tonggacha qolib ketdi va olamdan o`tdi. Bu mening qarg`ishim tufayli bo`ldi, deb o`yladim, uzoq va azobli pushaymon bilan ich-etimni eya boshladi.
Qaynonam meni chiqishtirmasligi tayin edi. Ota-onam olib ketdi. O`g`lim endigina olti oylik, o`zim hali o`n sakkizga ham to`lmagan juvon edim. Tengdoshlarim portfel ko`tarib lisey-kollejlarga qatnab yurgan paytda men qora kiydim, beva bo`ldim. Butun umrimni yakkayu yolg`iz o`g`limga bag`ishlashga qaror qildim. Ammo bir kuni yana tush ko`rdim. Unda rahmatli bobom hovlimizga bir yigitni etaklab kirib: «Bu – Abror, endi u bizning boqqa qarab turadi», – dedi. Bu tushning ta`birini hech topolmadim. Ko`p o`tmay bosmaxonaga ishga joylashdim. O`sha erda bosma mashinada ishlovchi yigit menga uzoqdan g`alati-g`alati tikilayotganini sezardim. Bir kuni u sovchi qo`ydi. Ismi… Abror ekan.
Abror aka bir yarim yasharlik o`g`lim bilan tez til topishib ketdi. Uning bag`rida quvnab yayrayotgan jigarbandimni ko`rib mening ham qalbimda mehr uyg`ondi. Bechora ayoli bilan besh yil yashab, befarzandlik tufayli ajrashgan edi. Oila qurdik. Baxtli kunlarim boshlandi. Men haqiqiy ayollik baxtini his etdim. Abror akam meni juda yaxshi ko`rar, eru ko`kka ishonmasdi. O`g`lim ota mehrini ko`rib o`sayotganidan men ham quvonardim. Faqat… Yaratgan bizga farzand beray demasdi. Nikohimizga uch yil to`lsa-da, hech homilador bo`la olmasdim. Abror akam hamma aybni o`zida deb bilib ko`p siqilardi. Shifokorlarga qatnadik. Hech biri u kishidan ayb topolmadi. Hamma gap menda edi. O`smir yoshida tuqqanim, yana tug`ruqning asoratli o`tgani uchun bachadon naylarimdan biri bitib qolgan ekan.
O`zim onalik baxtiga muyassar edim. Abror akam ham o`g`limga o`z farzandidek mehr ko`rsatardi. Unga otalik baxtini bera olmayotganimdan azoblanardim. Menga bildirishni istamasa-da, ichdan ezilardi. Axir, hammaga ayb xotinimda ekan deb ayta olmasa, birinchi turmushidan ham befarzand bo`lgani uchun tanish-bilish, oshna-og`aynilari oldida o`zini noo`ng`ay tutardi.
Shunday kunlarning birida o`g`limni bag`rimga bosgancha peshonam sho`rligidan nolib yig`lay-yig`lay uxlab qolibman. Tushimga birinchi erim kirdi. U aybdor qiyofada oldimga kelib, menga o`tkazgan zulmlari uchun kechirim so`radi, rozi-rizolik tiladi. «Farzand ko`rolmayotganingga men aybdorman. O`zim senga farzand so`rayman», – dedi-yu, g`oyib bo`ldi. Lanj kayfiyatda uyg`ondim. O`zimcha birinchi erimdan roziligimni ovoz chiqarib aytdim. Uning haqiga tilovat qildim. O`zimga ham farzand tilab, Yaratganga yolvordim.
Oradan uch oy o`tib, homilador bo`lganimni bildim. Abror akamning quvonchi ichiga sig`mas, o`g`limga ham avvalgidan ziyodroq mehr berardi. Homiladorlik davrim yaxshi o`tdi. Erim aytganimni muhayyo qilar, qo`limni sovuq suvga urdirgisi kelmasdi. Haqiqiy homiladorlik nimaligini endi bildim, uning har lahzasidan lazzatlanib yashadim. To`qqiz oy umrimning eng baxtli lahzalari bo`ldi.
Oy-kunim etib ko`zim yoridi. Bu safar ham kesarcha kesish bilan tuqqan bo`lsam-da, ruhimdagi ko`tarinkilik sababmi, tezda oyoqqa turdim. Erim tug`ruqxonadan chiqishimni shoshirmas, yaxshilab o`zingga kelib ol, derdi.
Bir kuni bolamning isitmasi ko`tarildi. Shifokorlar gap nimadaligini bilolmay hayron edi. Ertasiga turli tahlillar olishdi. Ularning natijasi yaxshi emasdi. Tilab-tilab olgan kichkintoyimga infeksiya yuqibdi. Endi u bolamning qonida katta shiddat bilan ko`payar, hech bir dori-darmon enga olmasdi. Bolam sho`rlik azoblandi. Avval o`pkasida yiring to`plandi, keyin oshqozonida, ichaklarida, buyraklarida… Shifokorlar ko`p urinishdi, biroq bir yarim oy davomida jigarporam ko`z oldimda ming azoblar tortib, ojiz bir shamdek lipillab so`ndi.
Menda bu dardni ko`taradigan kuch yo`q edi. Esimdan ayrilayozdim. Bolamni ko`choqlab dod solganim yodimda, so`ng behush yiqildim. Bu nima? Sinovmi yo jazo? Nega shuncha qiynab, zoriqtirib, kuttirib, sog`intirib beradi-da, birpasda olib qo`yadi? Go`dagimning ne gunohi bor ediki, jahannamiy azoblar bilan qiynaldi? Qaysi aybim uchun jigarporamning uzoq va azobli o`limini ko`rishga mahkum etildim?
Chaqaloqni ko`mib keldik. O`sha kuni negadir bir ahmoqona xayol lip etib o`tdi boshimdan: bu safargi musibat haqida bashorat qilguvchi hech bir tush ko`rmadim.
O`z dardim bilan bo`lib, bu o`y miyamdan ko`tarildi. O`g`ilcham oyog`imga yopishib: «Aya, yig`lamang, sizni yaxshi ko`raman» der, erim senda ayb yo`q deb yupatishga urinar, boshqalar hali ko`p farzand ko`rishimni aytib ovutmoqchi bo`lishardi. Ammo men o`zimni ayblardim: agar kesarcha kesish emas, tabiiy yo`l bilan tug`ib, o`sha tug`ruqxonadan tezroq chiqib ketganimda bolamga kasofat infeksiya yuqmasdi! Shuni o`ylaganim sayin yuragim tilka-pora bo`lar, tinmay ko`z yosh to`kardim. Olti oygacha davom etdi. Kecha esa yana bir tush ko`rdim.
…Chaqalog`im o`lmagan, aksincha, ancha katta bo`lib qolganmish. Oldimga kelib, yuzlarimdan oqib tushayotgan yoshlarimni artdi, meni yupatmoqchidek kulib qarab turdi-da, birdan chirillab yig`lab yubordi. Qarasam, tagligi ham, butun kiyimlari ham jiqqa ho`l. Darhol kiyimlarini almashtirdim, lekin baribir ho`l bo`lib qolaverdi. Kichkintoyim shunday dedi: «Oyi, yig`layvermang, ko`z yoshlaringiz hamma yog`imni jiqqa suv qilib yubordi, atrofimni balchiq qilib tashladi. Ortiq chiday olmayman. Botib ketyapman. Boshqa yig`lamang, oyi-i-i…»
Bolam shunday deya mendan qochib ketdi. Bugun bir tomchi ham ko`z yosh to`kkanim yo`q. Murg`ak chaqalog`im bu dunyoda shuncha azob tortdi, go`rida tinch yotsin. Endi yig`lamaslikka kuch topaman. Faqat uning haqiga tilovat qilaman.
Do'stlaringiz bilan baham: |