Ilk qadam
ISHQ TOMCHISI
Men bilmayin baland dorga osilibman.
Qolib ketdim oyog‘ingiz ostlarida.
Yolg‘onlarga arzongina sotilibman.
Yonib o‘lgum qismatimning rostlarida.
Osongina almashdingiz kimlargadir.
Kuygan yurak sovimaydi vaqt o‘tsa ham.
Boshim olib ketaymikin qaylargadir.
Men almashmam, dunyolarga o‘t ketsa ham.
Baland dorim – qismatginam kuydirdiya.
Rashk o‘tida qovurilib yurak yonar.
Kelib-kelib kimni menga suydirdiya.
Jismim yonar, bag‘rim yonar, ruhim yonar.
Qarg‘amangiz faqat meni qarg‘amangiz.
Sevganim bir aybim bo‘lsa, aybdorman.
Faqat meni ko‘nglingizdan haydamangiz.
O‘z ishqimdan o‘zim bugun qarzdorman.
Ko‘nglingizning ustuniga bog‘lang endi.
Uring mayli qahringizning qamchisida.
Ishqim meni ko‘zlarimni bog‘lar endi.
Umrim o‘tar shu ishqimning tomchisida.
40
Do'stlaringiz bilan baham: |