Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar boʻlsin.
Paygʻambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar boʻlsin.
Savol:
Turli narsalarning, masalan, kitob, maqola yozish, eshittirish, koʻrsatuv tayyorlash, ixtirolar qilish
va shunga oʻxshash narsalarning mualliflik huquqini – haqqini himoya qilish dunyo boʻyicha keng
tarqalgan. Mana shu maʼnoga Islomda qanday qaraladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym!
Bu savolga javob berishdan oldin shuni aytib oʻtish kerakki, mualliflik haqqi, haqiqatan, dunyo
boʻyicha tan olingan haq. Muallifning huquqini poymol qilishga hech kimning haqqi yoʻq, balki bu
narsa barcha davlatlarning qonuni boʻyicha jazoga tortiladigan jinoyat hisoblanadi. Islom dinida
bunga qanday nazar bilan qaraladi? Javobni batafsil aytishdan oldin
hozirgi kundagi ahvolimizga
nazar solishimiz kerak. Ayniqsa, dinni mahkam tutishni daʼvo qilayotgan, diniy adabiyot va shunga
oʻxshagan narsalar bilan savdo qilayotgan jamoani, oʻsha ishda ishtirok
etadigan odamlarning
holatini alohida koʻrish kerak boʻladi. Chunki bu sohada mualliflik haqqi nima ekanligini umuman
eʼtiborga olmaydigan odamlar 100 boʻlmasa ham 95 foizni tashkil qiladi. Ular: “Muallifning haqqi
yoʻq, kim qoʻliga nima tushsa, shuni koʻpaytirib sotsa, dinga xizmat qilayotgan boʻladi”, degan
daʼvoni qilishadi. Oʻzlarini taqvodor qilib koʻrsatishadi, namoz oʻqib, roʻza tutayotganlik daʼvosini
qilishadi, Xudoning yoʻlida xizmat qilayotganlik daʼvosini qilishadi, lekin oʻzlaridan koʻproq
Allohning
yoʻlida xizmat qilayotgan, kitob yozayotgan, kechalari uxlamasdan koʻzining nurini toʻkib, yillar
davomida yigʻib-terib, yozib,
kitob holiga keltirib, bozorga qoʻygan yoki sotib, oʻz mehnatining
samarasini bir oz koʻrmoqchi boʻlgan kishilarning haqqini vahshiylarcha poymol etishadi. Qoʻlga
tushgan kitobni iloji boricha oʻgʻrilik yoʻli bilan, suratini olib, koʻpaytirib, sotishga harakat qilishadi.
Muallif bechora oʻzi chop qildirgan kitobini sota olmay oʻtiraveradi, ular oʻgʻirlikdan boʻlganligi va
oʻzlariga arzon yoki bepul tushganligi uchun
tezroq pul qilish maqsadida, xohlagan narxida sotib,
muallifning haqqini poymol qilishadi.
Shuningdek, ovoz tasmalari, kompyuter disketlari va boshqalar savdosida ham mana shu holni
koʻrish mumkin. Bularning hammasi
juda ham noqulay bir holat, nihoyatda ogʻir musibat
hisoblanadi. Ana shu holat, albatta, musulmon ulamolarini ham tashvishga solgan va Makkai
Mukarramadagi Islom Fiqhi akademiyasi ushbu masalani alohida koʻrib chiqishga majbur boʻlgan.
Hozirgi kunimizning koʻzga koʻringan katta ulamolari aʼzo boʻlgan bu fiqh akademiyasida mualliflik
haqqi toʻlaligicha, batafsil koʻrib chiqilganidan soʻng,
musulmon ummatiga, moʻmin-musulmonlarga
qarata oʻzlarining qarorlarini chiqarib, mualliflarning mualliflik huquqlari toʻgʻrisidagi bayonotni
berganlar. Ana shu bayonotda quyida biz soʻzma-soʻz tarjima qiladigan maʼnolar ifoda qilingan.