Turkiyadagi turkistonliklarning jamiyatlari
Reja:
1.Istanbuldagi jamiyatlar.
2. Adanadagi jamiyatlar.
Turkiya respublikasi muhojir oʼzbeklar nisbatan zich boʼlib yashayotgan davlatlardan biri hisoblanadi. Tarixning turli bosqichlarida oʼzbeklar (turkistonliklar) hozirgi Turkiya davlati hududiga borib yashab qolganlar. Oʼzbeklarning Turkiya boʼylab tarqalishi yoxud diasporasi XX asrning 20-30 yillarida uzul-kesil shakllangan. Bir tarixiy bosqichlarda oʼzbeklar Turkiyaning oʼnlab shaharlarida joylashganligi manbalar va adabiyotlarda qayd etilgan
1920 yillarning ikkinchi yarmida Turkiya Respublikasidagi muhojir oʼzbeklar bu mamlakatda “Turkistonliklar jamiyatini ” tuzish harakatini boshladilar. Turkiyaning qadimiy poytaxti Istanbulda ilk bor 1927 yil 29 iyulda “Turkiston turk genchleri (yoshlari) birligi” nomli uyushma tuzilib ushbu tashkilotni tuzishdan koʼzlangan asosiy maqsad: Turkiyadagi muhojir turkistonliklarni birlashtirish, moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʼllab quvvatlash, ularda istiqlol uchun kurash gʼoyalarini mustahkamlashdan iborat boʼlgan.
Ushbu uyushmaning tashkilotchisi BXSR markaziy ijroiya qoʼmitasining sobiq raisi Turkiyada muhojirlikda yashayotgan Usmon Xoʼja Poʼlatxoʼjaev (1878-1968) boʼlib, raislik Majidditdin Аhmad (oʼzbek, 1920 yillarda Toshkentdan Istanbulga oʼqishga yuborilgan) qoʼlida boʼlib, Yoqub Fayzi, Ziyo Kitobchi, Zohid Oʼyler, Timur, Аbdulqodir, Yahyobey kabilar ushbu uyushmaning faol aʼzolari hisoblanishgan. Turkiston yoshlarini birlashtirgan ushbu tashkilot Turkiya Respublikasi hukumatidan rasmiy ruxsat olgan edi va oʼzining “Birlik” nomli binosiga ham ega boʼlgan.
“Birlik” uyiga ega boʼlgan mazkur uyushma kun tartibiga Turkiston tarixi va madaniyatini oʼrganish, oʼzbek milliy bayramlarini nishonlash, mushoira va sheʼrxonlik kechalari oʼtkazish, moddiy ahvoli ogʼir millatdoshlarimizga yordam berish, xorijdagi turkistonliklar matbuoti uchun maqolalar tayyorlash kabi koʼpdan-koʼp tadbirlarni uyushtirdilar. “Turkiston turk genchlari birligi” uyushmasi Sodiqbek boshqargan “Ozarbayjon genchlari birligi” tashkiloti bilan oʼzaro hamkorlikda ish olib bordi va tadbirlar oʼtkazdi. Jumladan 1930 yil 10 oktyabrda “Turkiston turk genchlari birligi” tuzilganligining 3 yilligi “Birilik uyida” bayram qilindi. Ushbu bayramda Usmon Xoʼja Poʼlatxoʼdaev, buxorolik, oʼzbek, iqtisodchi olimlardan muhojir Аhmad Naim (1900-1984), Turkiyada tahsil olgan oʼzbek qizlardan Roziya va Maʼmuraxonimlar ishtirok etdilar. Bayram kechasida muhojir Аli afandi musiqa chalib qoʼshiqlar aytdi. Xayriya va Maʼmuraxonimlar oʼzbek sheʼr va qoʼshiqlarini mahorat bilan ijro etishgan. Mushoira va sheʼrxonlik, dostonxonlik, qiziqchilik kechgacha davom etib, jamiyat aʼzolari Turkiston hayotini aks ettiruvchi devoriy gazeta chiqarishgan.
“Turkiston turk genchlari birligi” tashkiloti “Birlik”uyida “Turksiton kunlari” tadbirlarini oʼtkazib, hatto Turkiya Respublikasi Prezidenti Mustafo Kamol Otaturkkayam maktub bilan murojaat etishgan. Ushbu uyushma Ikkinchi Jahon urushi boshlangunga qadar faoliyat yuritib, urush yillarida moddiy qiyinchilik va ayrim siyosiy sabablarga koʼra oʼz faoliyatini toʼxtatgan. Istanbulda “Gʼarbiy turkistonliklar uyushmasi”ning yangidan faoliyat boshlashi 1949 yilga toʼgʼri keladi. Ushbu yilda Usmon Xoʼja Poʼlatxoʼjaev amaliy yordami va bevosita maslahati bilan Аfgʼonistondan Turkiyaga muhojir boʼlib oʼtgan oʼtgan Ziyovuddin Boboqurbon “Turkiston talabalar birligi” tashkilotini tuzdi. Ushbu tashkilotga Shavkat Yorbogʼ, Badriddin Oxunboy, Qodirali Chigʼatoy, Xalil Murot oʼgʼli kabilar aʼzo boʼlib kirib biroq bu uyushma ayrim sabablarga koʼra uzoq faoliyat yurita olmadi.
Ushbu uyushma bilan parallelь ravishda 1940 yillar oxirida Istanbulda turkistonlik professorlardan Аhmadjon Ibrohim Oʼqay, doktor Solih Erkinqoʼl va Tohir Chigʼatoylar butun turkistonliklarni yagona tashkilotga birlashtirishga xizmat qiladigan “Turkiston yoshlari jamiyati” tuzish ishlarini olib borishgan. Biroq Turkiya Respublikasi tarixida roʼy bergan siyosiy voqealar ushbu jamiyatni tuzilishiga toʼsqinlik qildi. Аyni shu yillarda Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiston muhojirlari yoʼlboshchilari hisoblangan Usmon Xoʼja Poʼlatxoʼjaev, Mustafo Choʼqay oʼgʼli (1886-1941), Аhmad Zakiy Valiy Toʼgʼon (1890-1970) kabilar tashabbusi bilan “Turkiston milliy birligi” (TMB) tashkil topib TMBning maqsadi Turkistonning ozodligi va mustaqilligi yoʼlida millatparvar hamda vatanparvar kuchlarni birlashtirish, muhojir turkistonliklarning faoliyatini yagona maqsadga yoʼnaltirishdan iborat boʼlgan. 1927 yilda ushbu tashkilotning ikkinchi Kongressi boʼlib, mazkur Kongressda Turkiston milliy birligining matbuot organlariga asos solish belgilab olingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |