Qo‘qon xonligi. Buxoro xonligida markaziy hokimiyatning zaiflashiuvi oqibatida viloyatlarda mustaqillikka intilish kuchayadi. Shulardan bir 1709-yili Farg‘onada ming urug‘idan bo‘lgan Shohruhbiy hokimiyatni qo‘lga olib, mustaqil siyosat yurgiza boshlaydi va uning vorislari davrida ham davom etadi. Ular mustaqil hokimiyatini mustahkamlash bilan birga qo‘l ostilaridagi hududni ham kengaytirib borishadi. Olimxon (1799-1810) davrida Toshkent hududi Qo‘qon xonligiga bo‘ysundirildi. Olimxon davriga kelib, mazkur davlatni boshqaradigan hukmdorlar biy emas, xon deb yuritiladigan bo‘ldi va davlat xonlikka aylandi. Qo‘qon xonlari Olimxon, Umarxon va Muhammad Alixon davrida mamlakat gullab yashnaganligi e’tiborga molik.Qo‘qon xonligining davlat boshqaruvi Buxoro hamda Xiva xonliklaridagi boshqaruv tizimiga o‘xshagan. Bu yerda ham xonning cheklanmagan hokimiyati o‘rnatilgan bo‘lib, xonlik viloyatlarga taqsimlagan beklar tomonidan boshqarilgan. Iqtisodiy hayotda bu yerda ham sug‘orish tizimiga alohida e’tibor qaratilgan. Qo‘shni xonliklardan farqli ravishda Qo‘qon xonligida barcha yerlar davlatniki deb e’lon qilingan. Farg‘ona vodiysida Qo‘qon xonligining tashkil topishi ko‘pgina ko‘chmanchi qabilalarning o‘troqlashib ilg‘orlashuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan: dashtu biyobonlarda istehkomlar qurilib, ular zaminida shaharlarning shakllanishi ijobiy voqea bo‘lgan. Xonlik davrida o‘zbek, tojik, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq va turkmanlarning o‘zaro aloqalari davom etaverdi. Ular har jihatdan bir-birlarining madaniyatini va umuman hayotini boyitdilar. Lekin qonli urushlar o‘zaro aloqalarning izchillik bilan o‘sishiga to‘sqinlik qilgan.
Xonliklar xususida umumiy xulosalar beradigan bo‘lsak, Buxoro, Xiva va Qo‘qon xonliklarida hayot o‘z yo‘lida davom etib, muayyan darajada olg‘a siljishlar va yutuqlar bo‘lishiga qaramasdan, biroq ular mavjud tabiiy boyliklarga va keng imkoniyatlarga taqqoslaganda, bu juda ham kam edi. Buning ustiga tinimsiz davom etgan taxt uchun kurashlar, xonliklarning o‘zaro urushlari orqasida yuzaga kelgan og‘ir sharoit taraqqiyot uchun imkon bermasdi. Har uchala xonlikda ham vaziyat keskin bo‘lib, xonlar ham siyosiy ham harbiy jihatdan zaif, kuchsiz bo‘lishgan. Qolaversa, ular xalqning emas, balki o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida siyosat olib borgan. Xonliklarda qo‘shin, harbiy tizimga kerakli e’tibor qaratilmagan va buning natijasida mudofaa tizimiga salbiy ta’sirini ko‘rsatdi. Parokandalik va har taraflama og‘ir shaoitning mavjudligi xonliklarning rus istilosi avvalida zaifligiga olib keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |