Rus davlati va Buxoro amirligi o‘rtasida qonli to‘qnashuvlar. Dastlab Buxoro amiri Qo‘qon xonligining Ruslar tomonidan bosib olinishiga xayrixohlik bildirgan. Amir Muzaffar kaltabinlik bilan siyosat yurgizgani shundan ham ma’lum. Vaholanki, ruslarning navbatdagi nishoni Buxoro amirligi edi. 1865 yil 21 yanvarda Chernyayev Chinozda katta harbiy kuch to‘plab, Jizzax tomonga yurish qilish choralarini ko‘rdi. Fevralda Jizzaxga yetib kelgan Chernyayev qo‘shini sovuq va xashak yetishmovchiligi tufayli og‘ir ahvolga tushib qoladi. Zo‘ravonlik bilan o‘tin va xashak olishga harakat qilgan Chernyayev askarlari mudofaachilar tomonidan mag‘lubiyatga uchraydi. “O‘zboshimchalik bilan qilingan yurish” halokatli tugab, Chernyayev faoliyatiga ham chek qo‘yildi. Uning o‘rniga Romanovskiy tayinlanadi. Bu vaqtda Amir ham harbiy tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. Buxoroda umumiy safarbarlik e’lon qilinib, askarlar va olomon soni 60000 yoki 100000 kishiga yetganligi manbalarda ko‘rsatiladi. Amir Muzaffar 1866 yil may oyining boshlarida katta qo‘shin va xalq olomoni bilan Sirdaryo tomonga yurib Oqjar degan joyga o‘rnashadi. Qo‘shinda 5000 odam, 21 to‘p bo‘lgan. Biroq Oqjardagi jang boy berilgan, shu bilan birga katta talofat ko‘rilgan.
Keyingi nishon Xo‘jand bo‘ldi. Romanovskiy 17 may kuni Xo’jand ostonalarida paydo bo’lib, 8 kunlik jangdan so’ng qal’ani egallashadi. Romanovskiy qozikalon va Azamatxo‘jaga yashjirin maktub yo‘llab, shaharni jangsiz egallashga uringan. Lekin Vatan himoyachilari ularni zindonga tashlagan. Mudofaachi vatanparvarlardan besh ming kishi shahid bo’lgani haqida ma’lumot beriladi. Endigi vazifa Buxoro masalasini bir yoqlik qilish edi. Shu bois ham Krijanovskiy amirga maktub yo‘llab, 10 kun ichida 100000 tilla tovon puli, Sulton Said Muhammadxonni yuborish va boshqa shartlarni bajarishni ultimatum qilib qo‘yadi. Ammo Amir bularni bajarmaydi. Ayni shuni kutgan ruslar Buxoroga yurishni boshlaydi. 2 oktyabr kuni O’ratepa yurish qilinib, guvohlarning so’zlariga qaraganda, bu yerda mudofaachilardan 30 ming kishi halok bo’ladi. Mazkur mudofaa vaqtida Avaz Muhammad Attorning ma’lumoti diqqatga sazovordir. Sababi hech bir rus manbasida eslatilmaydigan O’ratepadagi dastlab ruslar mag’lubiyati haqida ma’lumot aynan Avaz Muhammad Attor asarida eslatilib o’tiladi. “Ahli kuffor qal’ani egallash qasdi ila yo’lga chiqdi. Musulmonlar bir qancha musulmon merganlar qal’a atrofiga joylab qo’ygan ekanlar. Merganlar battol kofiirlar yaqinlashishlari bilanoq ularning atroflarini o’rab olib, to’u-to’fangni jo’shu xurujga keltirib, to’rt tomondan muqobotsiz otdilar. Kofirlarda tob-toqat qolmadi va ular katta zarar ko’rib, qattiq zarba yeb qaytdilar” deb voqeani tasvirlaydi Avaz Muhammad Attor. Ammo baribir O’ratepa ruslar qo’liga o’tadi. Istilochilar keyingi nazarini Jizzaxga qaratishadi. Zomin qal’asini ham egallab, Jizzaxga yo‘l olishadi. Avvalgi mag’lubiyatni unutmagan bosqinchilar 11 oktyabrda uni qurshov ostiga oladilar. Rus askarlari dastlab shaharga boradigan suv yo’lini yopib, Samarqand va O’ratepa darvozalaro orqali hujumga o’tib, 5 kunlik qamaldan so’ng 18 oktyabr kuni soat 12 da shaharni egallashadi. Samarqandda Jizzax mag‘lubiyati uchun o‘chni dushmandan emas, xalqdan olishga kirishildi. Bu ishning boshida esa hokim Sherali inoq turgan edi.
Bu orada ruslar tomonidan 1847-1866 yillarda egallangan hududlarda 1867 yilning 2 iyul kunida general gubernatorlik tashkil qilinib, K.Kaufman boshliq etib tayinlandi. Gubernatorlik tarkibiga Sirdaryo va Yettisuv viloyatlari kiritildi. Turkiston harbiy okrugi ham tuzildi.
Ruslar Samarqandga qarab yo’l olishadi. Amir Muzaffar jur’atsizlik qilib, Samarqandga bormaydi. Cho’ponota tepaligiga Buxoro qo’shini 12 ming piyoda, 3 ming otliq, 1500 to’pchidan iborat edi. 1868 yil 1 may kuni Buxoro qo’shinlari bilan rus askarlari o’rtasida Cho’ponota tepaligida Samarqand uchun hal qiluvchi jang bo’ladi va amir askarlari mag’lubiyatga uchraydi. 2 may kuni esa Samarqand jangsiz egallangani haqida ko’pgina adabiyotlarda aytiladi. Ammo mazkur adabiyotda aytilishicha, 2 may kuni Samarqand sotqinlaridan bir guruhi fon Kaufman huzuriga kelishadi va shu tariqa shahar osongina taslim bo’ladi. Navbatdagi jang Zirabuloq jangi bo’ladi. 15 ming otliq, 6 ming piyoda askar va 14 ta to‘pdan tashkil topgan Vatan himoyachilari Xo‘jaqo‘rg‘on orqali Zirabuloqqa borib joylashadi. Bu urushda ham ruslar xiyonat tufayli g’alaba qozonadilar. Mirzo Salimbekning yozishicha, hal qiluvchi daqiqada Usmon to’qsabo amirga xiyonat qiladi. Ruslar yengilay deganda Usmon to’qsabo chekinishga buyruq beradi va bu bilan xiyonatga qo’l uradi. Bundan tashqari mazkur urush taqdirini qilich emas, balki harbiy texnika hal qiladi. Mag’lubiyatlar davomiyligi va amirning ojizligi xalqning g’azabiga sabab bo’ladi. Amirning katta o’g’li Abdumalik to’ra hamda Shahrisabz va Kitob hokimlari Bobobek va Jo’rabeklar tobelikdan chiqish uchun harakatga boshchilik qilishadi. 1 iyun kuni esa samarqandda qo’zg’alon ko’tarilib, 1-8 iyunda Samarqand mudofasi nomi bilan mashhur hafta bo’lib o’tadi. Bundan keyin esa xalq harakatlari ruslar tomonidan bostiriladi va ushbu jarayonda Qashqa vohasi istilo etiladi. Amirlikni istilo etish shartnoma va yuqoridagi voqea bilan yakunlanadi. Amir Muzaffar Zirabuloq va Samarqanddadi mag‘lubiyatdan so‘ng sulhni qabul qilishga majbur bo‘ladi. 23 mayda yuborilgan sulh shartlarini 23 iyun kuni imzoladi. Bunga ko‘ra, Xo‘jand, O‘ratepa, Jizzax, Kattaqo‘rg‘on ruslar qo‘liga o‘tdi. 125 ming tilla tovon puli yuklatildi.
Xiva xonligining bosib olinishi. 1872 yil oxirlarida harbiy vazir boshchiligida Peterburgda Turkiston, Orenburg, general-gubernatorlari va Kavkazdagi podsho noiblari ishtirokidagi maxfiy kengashda Xiva xonligini bosib olishga qaror qilinadi. Generallar rejasiga ko’ra, Turkiston general-gubernatorligiga qarashli kuchlar sharqdan, Orenburg gubernatori va g’arbdan va shimoli-g’arbdan Xiva ustiga yurishlari kerak edi. 1873 yil 29 may kuni ruslarning asosiy kuchlari Xiva ostonalarida paydo bo’ldilar. Xiva xonining ortiqcha qon to’kilishini istamay, muzokara taklif qiladi. Ammo urishqoq general xonning taklifini oqibatsiz qoldirib, hujumga kirishadi. Xuddi shu kuni Xiva ishg’ol etildi. 1873 yil 12 avgustda xonning Gamdumkon bog‘ida Kaufmanning sulh shartlarini Muhammad Rahimxon imzoladi.
Qo‘qon xonligining tugatilishi. Qo‘qon xonligidagi xalq harakatlari va Xudoyorxonning qochishi orqasida yuzaga kelgan og‘ir vaziyat rus hukumatiga juda qo‘l keladi. Kaufman xonlikka qarshi kurashish maqsadida qo‘shinni Xo‘jandda to‘playdi. 20 avgust kuni esa Qo‘qon sari yo‘lga chiqadi. Mahram qal’asi bosib olinadi va bu mag‘lubiyat xonlik taqdirni uzil-kesil hal qilgan omillardan hisoblanadi. Oktyabrda Andijon va Namangan egallanadi.
Po‘latxon qo‘zg‘alonini bostirilish bilan birga xonlik ham o‘z nihoyasiga yetib bordi. 1876 yil 15 fevralda Qo‘qon shahri egallanib, 16 fevral sanasida xonlik batamom tugatilganligi e’lon qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |