19-mAVZU.DAVLAT VA XUSUSIY SEKTOR HAMKORLIGI
Reja:
19.1. Davlat va xususiy sektor hamkorligining mohiyati va obyektiv zarurligi
19.2. Davlat va xususiy sektor hamkorligining asosiy yo‘nalishlari
19.3. O‘zbekistonda davlat va xususiy sektor hamkorligining me’yoriy-huquqiy asoslari
19.4. Davlat va xususiy sektor hamkorligi – fan, ta’lim, ishlab chiqarish va moliya sohalari integratsiyasining muhim omili.
Davlatning iqtisodiyotni tartibga solishdagi yetakchi roli doim yuqori bo‘lgan. Faqat iqtisodiy taraqqiyotning barqaror sur’atlari yuz bergan davrlarda davlat tadbirkorlik faoliyatiga kengroq erkinliklar va imtiyozlar bergan va uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan. Iqtisodiy islohotlar yoki chuqur iqtisodiy inqirozlar davrida esa davlat jamiyatning barcha imkoniyatlarini bir maqsad – inqirozdan chiqib ketish yo‘lida birlashtirgan.
Rivojlangan mamlakatlarda xususiy sektorning iqtisodiy, moliyaviy, tashkiliy, ilmiy-texnik va innovatsion salohiyati yuqori bo‘lganligi tufayli davlat aksariyat iqtisodiy sohalar xo‘jalik faoliyatida erkin tadbirkorlikning amalga oshirishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi. Shu bilan birga, milliy iqtisodiyotning jahon xo‘jaligidagi raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida, davlat xususiy sektor bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik qiladi.
Davlat iqtisodiy o‘sishning barcha omillaridan o‘zi samarali foydalana olmaydi, xususiy sektor esa xalqaro bozorda raqobatbardoshligini kuchaytirishda davlatning institutsional jihatdan qo‘llab-quvvatlashiga ehtiyoj sezadi. Bu holat obyektiv ravishda ularni o‘zaro sherikchilik qilishga, jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni birgalikda hal qilishda hamkorlikka undaydi.
Iqtisodiyot, mavjud iqtisodiy birliklar – davlat, tashkilot, firma, korxonalar hamda uy xo‘jaliklari faoliyati samarali bo‘lmasa, yetarli sur’atlarda rivojlana olmaydi. Ijtimoiy, jamoaviy va xususiy manfaatdorlikning kelishuv asosida ta’minlanishi sharoitidagina iqtisodiy birliklar ijtimoiy va iqtisodiy foydali harakat qila boshlaydilar.
Institutlar, bu – jamiyatdagi iqtisodiy birliklarning o‘zaro kelishuvi asosida yuzaga kelgan tartib-qoidalar bo‘lib, davlat va xususiy sektor bir-biri bilan hamkorlikda bu qoidalarni doimiy shaklda takomillashtirib, tuzatib boradi. Me’yorlar, imtiyozlar, cheklovlar, ta’qiqlovchi qoidalar, rag‘batlantirish vositalari – bularning barchasi bozor subyektlari hisoblangan davlat, korxonalar hamda uy xo‘jaliklarining xatti-harakatlarini o‘zaro moslashtirishga va uyg‘unlashtirishga, manfaatlarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Jahon bozorida davlat o‘z holicha, yoki milliy ishlab chiqaruvchi o‘z-o‘zicha samarali harakat qila olmaydi. Davlatning jahon xo‘jaligidagi iqtisodiy kuch-qudrati milliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatida namoyon bo‘ladi, o‘z navbatida, kuchli davlatgina xalqaro va mintaqaviy bozorlarda o‘z tadbirkorlari manfaatlarini har jihatdan himoya qilishga qurbi yetadi.
Islohotlarning bugungi bosqichida davlat va xususiy sektor hamkorligini kuchaytirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Chunki so‘nggi yillarda yuz bergan va hali hamon davom etayotgan global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davlat va xususiy tadbirkorlik kuchlarini birlashtirishni, raqobatbardosh tovar va xizmatlar ishlab chiqarishda o‘zaro ko‘maklashish tizimini yo‘lga qo‘yishni taqozo etmoqda.
Davlat va xususiy sektor boshqaruv institutlari faoliyatining samarali bo‘lishi uchun tranzaksion xarajatlar kamayib borishi zarurati ham shunga olib kelmoqda. Bir turdagi transaksion xarajatlar – iqtisodiy yoki huquqiy tizimdan foydalanish sarf-xarajatlarini davlat va xususiy tadbirkorlik takror amalga oshirayotganligi ham hamkorlikni taqozo etmoqda. Transaksion xarajatlarga axborotni qidirib topish xarajatlari, o‘lchash xarajatlari, muzokaralar olib borish va shartnomalar tuzish xarajatlari, yuqori va quyi tashkilotlar rejalarining muvofiqlashtirilishi bilan bog‘liq xarajatlar, kamyob resurslarni qidirib topish xarajatlari va mulk huquqlarini himoya qilish xarajatlari kiradi. Bu xarajatlar aksariyatining bir vaqtning o‘zida davlat va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan takror amalga oshirilishi umumiy iqtisodiy samaradorlikni pasaytirib yuboradi va raqobatbardoshlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikning obyektiv sabablari boshqa holatlar bilan ham izohlanadi. Masalan, xususiy tadbirkorning qabul qilgan qarorlari har doim ham ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti tamoyillariga mos qarorlar bo‘lavermaydi. Yaxshimi, yomonmi, ular ba’zan direktiv rejali va ayrim hollarda markazlashgan iqtisodiy siyosat maqsadlarini ham o‘zida aks ettirishi shart. Bunday iqtisodiy xatti-harakatlarni, odatda, yirik xususiy kompaniyalar amalga oshiradi. Erkin tadbirkorlik davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanar ekan, qaysidir iqtisodiy tizim darajasida davlat iqtisodiyotining unsurlarini o‘zida aks ettiradi.
Iqtisodiyot sektorlari darajasida esa rejali boshqaruv unsurlari ham namoyon bo‘ladi. To‘liq ko‘rinishda davlat boshqaruvi iqtisodiy faoliyatning barcha bo‘g‘inlarini qamrab oladi.
Albatta, bugungi kunda bozor iqtisodiyotiga alternativ iqtisodiy tizim bo‘lmasa-da, ko‘p ukladli iqtisodiyotda mulk plyuralizmini qo‘llab-quvvatlash kerak. Bu o‘z-o‘zidan davlat mulki va xususiy mulk o‘rtasidagi hamkorlikni taqozo etadi. Iqtisodiy siyosat mana shu jihatni hisobga olishi zarur. Masalan, hozirgi iqtisodiyotning institutsional ko‘rinishi aralash mazmun kasb etmoqda. Xususan, ilmiy tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlarini rejalashtirish, amalga oshirish, ularning innovatsion mahsulotga aylanishini ta’minlash, innovatsion mahsulotni realizatsiya qilish jarayonida davlat va xususiy sektor o‘rtasida integratsion aloqalar chuqurlashib bormoqda.
Davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni inson taraqqiyoti konsepsiyasida ko‘rish mumkin. Inson kapitali bir vaqtning o‘zida ijtimoiy va xususiy kapital hisoblanadi. Uning jamg‘arilishida oilaning, jamoaning, muayyan ish beruvchi korxonaning va albatta, davlatning o‘z ulushi bor. Shu sababli inson kapitalini kengroq shaklda takror ishlab chiqarishda davlat tashabbuslarini xususiy sektor qo‘llab-quvvatlashi lozim. Aksincha, bu sohadagi xususiy tashabbuslarga davlat tomonidan tegishli shart-sharoit yaratib berilishi maqsadga muvofiq.
Inson kapitali taraqqiyoti darajasida ikki fundamental masalaga e’tibor qaratish zarur:
Inson kapitali iqtisodiy tarmoqlarda mehnat unumdorligi o‘sishining hal qiluvchi omiliga aylandi, inson kapitali o‘zini o‘zi jamg‘arib boradi, unga ijodiy erkinlik berilsa, mehnat unumdorligini oshirishga samarali ta’sir ko‘rsatadi.
Inson kapitali ijtimoiy birlik. Bu kapital ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashning hal qiluvchi omili, erkinlik darajasining o‘sishi esa ijtimoiy farovonlik ko‘rsatkichi sifatida baholanadi.
Aynan inson kapitalini rivojlantirishning barcha bo‘g‘inlarida davlat va xususiy sektor hamkorligini kuchaytirish zarur. Bu inson resurslari shakllanib, rivojlanadigan sohalar – ta’limning barcha bosqichlari, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport, ish bilan bandlik, fan va innovatsion sohalarga taalluqlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |