Qisqacha xulosalar
1. Investitsiyalar – foyda (daromad) olish va ijobiy ijtimoiy samaraga erishish maqsadida tadbirkorlik obyektlari va boshqa faoliyat turlariga kiritiladigan pul mablag‘lari, maqsadli bank qo‘yilmalari, paylar, aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar, texnologiyalar, mashinalar, uskunalar, litsenziyalar, shu jumladan, tovar belgisi, kreditlar, boshqa har qanday mulk yoki mulkiy huquq, intellektual boyliklardir.
2. Investitsiyalarni hisobga olish, tahlil qilish, rejalashtirish hamda nazorat qilish uchun ular turli belgilariga ko‘ra tasniflashtiriladi.
3. O‘zbekistonda investitsiya faoliyatini tartibga soluvchi asosiy me’yoriy-huquqiy hujjatlar jumlasiga «Konsessiyalar to‘g‘risida»gi, «Yerkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida»gi, «Chet el investitsiyalari to‘g‘risida»gi, «Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida»gi, «Investitsiya faoliyati to‘g‘risida»gi, «Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida»gi qonunlar va boshqalar kiradi.
4. O‘zbekistonda xorijiy investorlarga qator kafolatlar tizimi taqdim etilgan bo‘lib, ular milliy, diniy va hududiy belgilar bo‘yicha cheklashlarning mavjud emasligida, o‘z mablag‘laridan erkin foydalanishlari uchun shart-sharoitlarning barpo etilganligida, investorlar faoliyatiga tegishli axborotlardan erkin foydalanish imkoniyatlarining mavjudligida va boshqalarda o‘z aksini topmoqda.
5. O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etilgan investitsiyalar hajmi 1996-yildan boshlab o‘sish tendensiyasiga ega bo‘lib kelmoqda. Iqtisodiyotga kiritilayotgan investitsiyalarning yildan yilga o‘sib borishida mavjud investitsion sharoit va qulay investitsiya muhiti alohida ahamiyat kasb etadi.
6. 2016-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi AQSH dollari hisobida 16 milliard 782 million dollardan ko‘proqni tashkil etdi.
7. Respublikamizda investitsiyalarni moliyalashtirishning bozor mexanizmlari joriy etilishi bilan ularni moliyalashtirish manbalari tarkibi yildan yilga o‘zgarmoqda. Bu o‘zgarishlarning eng asosiy yo‘nalishlaridan biri investitsiyalar hajmida davlat sektori ulushining pasayayotganligi va nodavlat sektori ulushining o‘sayotganligi bilan bog‘liq.
8. So‘nggi yillarda asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha tarkibida ham sezilarli o‘zgarishlar yuz bermoqda. Bu o‘zgarishlarning asosiy yo‘nalishi jami investitsiyalar hajmida ishlab chiqarish tarmoqlari ulushining o‘sayotganligida o‘z aksini topmoqda.
9. Biznes yuritish uchun qulay muhit, xorijiy investorlar uchun huquqiy kafolatlar va imtiyozlar hamda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar faoliyatini rag‘batlantirishning yaxlit tizimi O‘zbekiston iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar oqimining oshishiga olib kelmoqda.
10. Milliy, iqtisodiy, ekologik va oziq-ovqat mustaqilligini ta’minlovchi, kengaytirilgan ishlab chiqarish va mamlakat aholisining hayot sharoitlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratib beruvchi, tadbirkorlik, ayniqsa, xususiy biznes uchun tashkiliy-iqtisodiy va texnik sharoitlar barpo etuvchi sohalar respublikamiz investitsiya siyosatining yaqin kelajakdagi ustuvor yo‘nalishlari bo‘lishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |