17.2. Mulk shakllari
Bozor iqtisodiyoti mulkchilik shakllarining xilma-xil bo‘lishini talab qiladi, chunki tovar muayyan mulk obyekti bo‘lgandagina oldi-sotdi qilinadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham: «Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi», – deb ta’kidlanadi.
«O‘zbekiston Respublikasining mulkchilik to‘g‘risidagi» Qonuniga muvofiq O‘zbekistonda quyidagi mulk shakllari amal qiladi:
– xususiy mulk;
– shirkat (jamoa) mulki;
– ma’muriy-hududiy tuzilmalarning mulkidan (kommunal mulkdan) iborat davlat mulki;
– aralash mulk;
– boshqa davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar yuridik va jismoniy shaxslarining mulki.
Mulkchilik turli shakllarining mavjud bo‘lishi va ularning iqtisodiy mezoni, avvalo, ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi va ishlab chiqarishning umumlashuvi darajasi bilan bog‘liq. Shu bilan birga mulkchilik shakllari ishlab chiqaruvchi kuchlarning holati, ijtimoiy mehnat taqsimoti va tashkiliy-iqtisodiy munosabatlarining yetuklik darajasi bilan mos kelishi zarur.
O‘zbekiston Respublikasining davlat mulkiga ma’muriy-hududiy tuzilmalarning mulki (kommunal mulk) kiradi. Davlat mulkini tasarruf etish va boshqarishni xalq nomidan tegishli xalq deputatlari Kengashlari va ular vakolat bergan davlat boshqaruvi idoralari amalga oshiradilar.
Davlat mulki – mulk davlatga tegishli bo‘lganda mulkka egalik qilish, foydalanish va uni tasarruf qilish davlat ixtiyorida bo‘ladi. Davlat mulki asosan ikki yo‘l bilan hosil bo‘ladi:
– xususiy mol-mulkni milliylashtirib, davlat qo‘liga olish;
– davlat mablag‘lari hisobidan korxonalar qurish, davlatga qarashli korxona va tashkilotlarda investitsiyalarni amalga oshirish.
Davlat mulki haqiqatda ham xalqqa qarashli bo‘lgan, bo‘linmaydigan yoki umumiy resurslardan foydalanish uchun juda mosdir. Bunga misol qilib takror ishlab chiqarib bo‘lmaydigan tabiiy resurslarni, yirik inshootlar va transport vositalari, yo‘llar kabi iqtisodiy tuzilmaning kattagina qismini ko‘rsatish mumkin.
O‘zbekistonda Fuqarolik kodeksiga muvofiq davlat mulki respublika mulkidan va ma’muriy-hududiy (munitsipal) tuzilmalar mulkidan iborat bo‘ladi. Yer, yerosti boyliklari, suv, havo bo‘shlig‘i, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar, respublika hokimiyati va boshqaruvi tuzilmalari mol-mulki, davlatga qarashli madaniy va tarixiy boyliklar, budjet mablag‘lari, oltin zaxirasi, valuta fondi va boshqa davlat fondlari respublika mulki hisoblanadi.
Ma’muriy-hududiy (munitsipal) tuzilmalar mulkida davlat hokimiyati mahalliy organlari mol-mulki, mahalliy budjet mablag‘lari, munitsipal uy-joy fondi va kommunal xo‘jaligi korxonalari va boshqa mulkiy majmualar, xalq ta’limi, madaniyat, sog‘liqni saqlash muassasalari kabilar mol-mulki bo‘ladi.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tayotgan mamlakatlarda iqtisodiyotni erkinlashtirish vazifasi davlat mulki monopoliyasini qisqartirishni taqozo qiladi, chunki sog‘lom bozor iqtisodiyoti davlat monopoliyasi bilan chiqishmaydi, monopoliya raqobatga to‘sqinlik qiladi.
Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish natijasida iqtisodiyotda davlat mulkining ulushi kamayib boradi. Davlat korxonalarining asosiy fondlar, ishlovchilar soni, yalpi milliy mahsulot va milliy daromad yaratishdagi hissasi qisqarib, ayni vaqtda boshqa mulkka mansub korxonalar hissasi ortib boradi.
Shirkat (jamoa) mulki oilaviy mulkni, mahalla mulkini, shuningdek, kooperativlarning, ijara, jamoa korxonalarining mulkini, jamoat tashkilotlari va diniy tashkilotlarning, turli xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlarining, assotsiatsiyalar va yuridik shaxs hisoblangan boshqa birlashmalarning mulkini o‘z ichiga oladi.
Shirkat (jamoa) mulki – muayyan maqsad yo‘lida jamoaga birlashgan kishilar tomonidan moddiy va ma’naviy boyliklarni hamjihatlik bilan o‘zlashtirishni bildiradi. Jamoa mulki davlat mulkini korxona jamoasi sotib olishi, badal to‘lab korxona qurishi, aksiya chiqarib, ularni sotish kabi yo‘llar orqali paydo bo‘ldi. Jamoa mulkining muhim hususiyati shundaki, ishlab chiqarish vositalari va mehnat mahsuliga ayrim shaxslar emas, balki ma’lum guruh, kishilar egalik qiladi.
Kooperativlar mulkining asosiy belgisi ishlab chiqarish vositalari va uning natijalarini o‘zlashtirishning jamoa-guruh xususiyatidir. Mulkchilikning bu turida ishlab chiqaruvchilarning ishlab chiqarish vositalari bilan qo‘shilishi muayyan mehnat jamoasi doirasida ro‘y beradi.
Ishlab chiqarish vositalaridan foydalanish va ularni o‘zlashtirish mulk egasi bo‘lmish mehnat jamoasi doirasida amalga oshiriladi hamda jamoa va shaxsiy iqtisodiy manfaatlarning mushtarakligi vujudga keladi.
Kooperativlar qishloq xo‘jaligida, sanoat, qurilish, transportda, savdo va umumiy ovqatlanish, pulli xizmatlar sohasida hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-madaniy hayotning boshqa tarmoqlarida, ilmiy va ilmiy-texnikaviy xizmat ko‘rsatish sohalarida barpo etilishi va faoliyat ko‘rsatishi mumkin.
Ishlab chiqarish kooperativlari o‘z a’zolarining shaxsiy mehnatiga asoslanadi. Ishlab chiqarish va xizmatlarning boshqa sohalaridagi kooperativlarning har biri o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, ular ichida qishloq xo‘jaligi kooperativlari alohida ajralib turadi.
Xususiy mulk o‘z mol-mulkiga xususiy tarzda egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqidan iboratdir. Xususiy mulk mulkdorning ishlab chiqarish jarayonida va (yoki) yollanma mehnatni qo‘llashda shaxsan ishtirok etishiga asoslanishi mumkin.
Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor o‘z mulkidan faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mahrum etilishi mumkin.
Xususiy mulk ham, boshqa har qanday mulk shakllari kabi, o‘zining ijobiy va salbiy tomonlariga ega. U, so‘zsiz, tashabbuskorlik va tadbirkorlikni, mehnatga mas’uliyatlilik munosabatlarini rag‘batlantiradi. Shu bilan birga, tovar ishlab chiqarish sharoitida u xufiyona daromad orttirishga intilish hissini tug‘diradi. Mulkchilikning bu shaklini tan olish xalq xo‘jaligida uni qo‘llash foydali bo‘lgan bo‘g‘inlarni aniqlash, uni tartibga solishning moliyaviy va huquqiy mexanizmlarini shakllantirishni taqozo qiladi. Lekin xususiy mulkchilikni bunday tan olish uni mutlaqlashtirish bilan umuman bog‘liq emas. Bu mulk sotib olingan ishlab chiqarish vositalari asosida mustaqil xo‘jalik yuritish yoki davlat korxonalari, kooperativ firmalar, magazin, oshxona va shu kabilarni sotib olish orqali vujudga kelishi mumkin.
Mulkning aralash shakllari mulkdorlarning moddiy va pul mablag‘larini birlashtirish yo‘li bilan hosil qilinadi. Aralash mol-mulkka egalik qilish hissaviy ishtirok etish prinsipi asosida ham, shuningdek, o‘z mablag‘larini birlashtirgan mulkdorlar o‘rtasida daromadlarni qo‘shgan ulushiga qarab taqsimlash asosida va tomonlarning kelishuvi bilan ham amalga oshirilishi mumkin.
Aralash mulkning o‘z mablag‘larini birlashtirayotgan mulkdorlarning maqomi bilan belgilanadigan har xil turlari bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi va boshqa davlatlarning, turli yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini birlashtirishga yo‘l qo‘yiladi.
Shuningdek, chet el fuqarolari O‘zbekiston Respublikasi hududidagi mulklariga egalik huquqiga egalar. Davlat bu mulkning daxlsizligini va boshqa davlatlarga erkin o‘tkazilishini kafolatlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |