13.3. Qishloqda uy-joy qurish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish
Qishloqda uy-joy qurish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Qishloqlarda zamonaviy uy-joylar qurilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil yanvarda «Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili davlat Dasturi to‘g‘risida»gi hamda «MCHJ Qishloqqurilishloyiha» loyiha-qidiruv institutini tashkil qilish to‘g‘risida»gi qarorlari qabul qilingan.
Qishloq joylarda qurilish olib borish uchun uzoq istiqbolga mo‘ljallangan, loyihalashtirish, sanoatqurilish, muhandislik-texnik jihatdan kuchli zamonaviy salohiyatga ega bo‘lgan baza yaratildi.
Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi qurilish rejalariga, sanitariya talablari va qurilish normalariga rioya qilinishi ustidan qat’iy tizimli nazorat o‘rnatgan. Hududlarda aholini joylashtirish, hududlarni rejalashtirish va bosh rejalari bilan bog‘liq hujjatlarni ishlab chiqish tizimi tezlashtirilgan. Investitsiya dasturi doirasida «Qishloq qurilish bank» moliyalash manbalari va mablag‘ ajratish mexanizmini belgilamoqda.
Qishloq aholi punktlarini me’moriy jihatdan loyihalashtirish va qurish ishlarini tashkil etish tizimi samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu jarayon hudud va mintaqalarning iqlimi, demografik holati va boshqa shart-sharoitlarini hisobga olgan holda me’moriy-loyihaviy qurilishi bo‘yicha olib borilmoqda.
Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish borasida maxsus dasturlar asosida «O‘zqurilishmateriallari» kompaniyasi bilan birgalikda mahalliy xomashyodan qurilish materiallari ishlab chiqarish tashkil etildi. Pishiq g‘isht, tom yopish, pardozlash va boshqa maqsadlar uchun kerak bo‘ladigan materiallarni ishlab chiqarish bo‘yicha minitexnologiyalar joriy etildi, mavjud noruda konlari qayta tiklandi hamda rekonstruksiya qilindi. Zamonaviy qurilish materiallari va konstruksiyalaridan unumli foydalanish yo‘lga qo‘yildi.
Yangi qurilishlarda yig‘ma, kompozitsion va kichik blokli konstruksiyalarni qo‘llagan holda, industrial va yig‘ma texnologiyalar keng joriy etildi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 19-iyunda «Devorbop materiallar ishlab chiqarishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish va sifatini yaxshilash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarori qabul qilindi.
Qishloqda aholi maskanlari va zamonaviy uylar barpo etilmoqda. Yo‘llar, uzluksiz energiya ta’minoti, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash tizimi, rivojlangan ijtimoiy obyektlar tarmog‘i (qishloq vrachlik punktlari, maktablar, bolalar sporti inshootlari, telekommunikatsiya va pochta aloqasi bo‘limlari, xizmat ko‘rsatish, savdo shoxobchalari) va boshqa tuzilmalar qurilmoqda.
Qishloq joylardagi mavjud infratuzilmani kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha mablag‘ va imkoniyatlar yaratilmoqda. Qishloqlarni zamonaviy arxitektura va sanoat asosida tubdan o‘zgartirish va yangilash, uy-joy, ijtimoiy va kommunal obyektlar, kommunikatsiyalarni barpo etish bo‘yicha uzoq muddatga mo‘ljallangan aniq maqsadli ishlarda turli imtiyoz va qulayliklar ta’minlanayapti.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yilda qabul qilingan «Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi, «Uy-joy fondini foydalanishga tayyor holda topshirish shartlarida rekonstruksiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha pudrat ishlarini kengaytirishni rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hamda «Qishloq qurilish bank» aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorlari mazkur faoliyatning huquqiy asosi hisoblanadi.
2016 yilda umumiy maydoni 12,7 mln. m.kv. (2015 yilga nisbatan 105,6 foiz), shu jumladan qishloq joylarda 9,0 mln. m.kv. (2015 yilga nisbatan 105,7 foiz) bo‘lgan 86,5 mingta uy yoki 92,9 ming xonadon foydalanishga topshirildi.
Shu bilan birga, qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi Dasturiga asosan 2016 yilda umumiy maydoni 1,9 mln. m.kv. bo‘lgan 13,4 mingta turar joy qurilishi tamomlandi. Mahalla guzarlari, savdo majmualari, bozor, nonvoyxona, maishiy xizmat majmualari, minibanklarni hisobga olgan holda 159 ta ijtimoiy va iqtisodiy ob‘yektlar infratuzilmasi barpo etildi.
«Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi tizimida qurilish materiallari narxlarini optimallashtirish maqsadida yiliga 300 million dona pishgan g‘isht ishlab chiqaradigan 12 ta, yillik quvvati 1,7 million kv. metr tom yopish materiallari (metallocherepitsa) hamda 75 ming donadan eshik va rom ishlab chiqaradigan yangi korxonalar tashkil etildi.
«O‘ztransgaz», «O‘zbekenergo» kompaniyalari va mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan gaz hamda ichimlik suvi tarmoqlari, elektr energiyasi liniyalari tortilib, asfalt yo‘llar yotqizilmoqda. Hududlarda bolalar bog‘chalari, maktablar binolari, guzarlar, servis xizmati ko‘rsatish shoxobchalari kabi ijtimoiy inshootlar (bolalar sport majmuasi, dehqon bozori, novvoyxona, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, minibank, militsiya tayanch punkti) barpo etilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |