Uchinchi bosqich – 2000 – 2008-yillar. Bu bosqichda import o‘rnini bosuvchi sanoatlashtirish bilan yonma-yon eksportga yo‘naltirilgan sanoat tarmoqlarini barpo etishga e’tibor qaratildi. Yirik sanoat korxonalarini xususiylashtirish, davlat korxonalarining monopol mavqeyini cheklashga erishildi. Xususiy sektorning sanoatdagi roli oshirilib, samarasiz faoliyat ko‘rsatayotgan sanoat korxonalarini tugatish ishlari amalga oshirildi. Korxonalarni boshqarishning tashkiliy tuzilmasi isloh qilinib, mahalliylashtirish dasturlari ro‘yobga chiqarildi. Bundan tashqari, davlat iqtisodiy siyosatida quyidagilarga e’tibor qaratildi:
– valuta munosabatlari va operatsiyalarini erkinlashtirish;
– xorijiy investorlarning huquqlarini himoya qilish va ular manfaatlarini himoyalash bo‘yicha muhim hujjatlar qabul qilish;
– korxonalarning texnik jihozlanishini jadallashtirish;
– eksportga mo‘ljallangan va import o‘rnini qoplovchi mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan loyihalarni moliyalashtirishga ustuvorlik berish va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |