25.2. O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy faoliyati
Davrimizning muhim xususiyatlaridan biri jahon xo‘jalik tizimida globallashuv va xo‘jalik faoliyati baynalmilallashuvining kuchayib borishidir. Bu sharoitda tashqi iqtisodiy faoliyat milliy xo‘jalikning tarkibiy qismiga aylanmoqda. O‘zbekistonda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash ko‘p jihatdan uning jahon xo‘jaligiga integratsiyalashuviga, mamlakat eksport salohiyatini oshirishga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Tashqi savdoni erkinlashtirish milliy iqtisodiyot ochiqlik darajasi va ishlab chiqarish samaradorligining oshishiga va raqobatbardoshlikning kuchayishiga, mamlakat eksport salohiyatini oshirishning ichki imkoniyatlarini kuchaytirishga yordam beradi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi jahon xo‘jalik tizimiga integratsiyalashish bilan bog‘liq masalalarni hal etishga katta e’tibor qaratmoqda. Mamlakatimiz bugun deyarli barcha xalqaro iqtisodiy tashkilotlar faoliyatida keng ishtirok etmoqda. O‘zbekiston BMTning iqtisodiy muassasalari, Jahon banki, Xalqaro valuta fondi, Xalqaro moliya Korporatsiyasi, Xalqaro mehnat tashkiloti kabi xalqaro moliyaviy-iqtisodiy tashkilotlarning faol a’zosi. Mustaqillik yillarida tashqi iqtisodiy faoliyatning barcha unsurlari yangidan tashkil etildi. Tashqi savdo vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar Milliy banki ana shular jumlasidan.
Tashqi iqtisodiy faoliyatning huquqiy asoslarini yaratish bo‘yicha qator tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, «Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida», «Xorijiy investitsiyalar to‘g‘risida», «Xorijiy investorlarning huquqlarini kafolatlash va himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Tashqi iqtisodiy faoliyatning ko‘lami faqat tashqi savdo, tovar va xizmatlarni ayirboshlash, ya’ni eksport va import operatsiyalari bilan cheklanmaydi. Keyingi paytlarda mamlakatlar o‘rtasida kapital harakati, valuta munosabatlari, ishchi kuchi migratsiyasi, ilmiy-texnika ayirboshlashi katta ahamiyat kasb etmoqda. Ko‘plab qo‘shma korxonalar, erkin iqtisodiy zonalar, transmilliy korporatsiyalar tuzilmoqda.
Ingliz klassik siyosiy iqtisod asoschilaridan biri David Rikardo asoslab bergan qiyosiy ustunlik qoidasiga binoan, alohida sharoitlarning mavjudligi, xususan, qulay geografik joylashuv, noyob tabiiy va mehnat resurslari ayrim mamlakatlarga tovar va xizmatlarning alohida turlarini ishlab chiqarishda muayyan ustunliklar beradi. Mamlakatlar o‘z qiyosiy ustunliklaridan foydalanib ayrim tovar va xizmat turlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashadi. O‘zbekiston Respublikasi ham o‘z qiyosiy ustunligi va afzalliklaridan foydalanib tashqi savdo aylanmasini yildan yilga yuksaltirib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |