Qisqacha xulosalar
1. Mulkchilik munosabatlari – bu mulk obyektini o‘zlashtirish bo‘yicha mulk subyektlari o‘rtasida yuzaga keladigan iqtisodiy munosabatlardir.
2. Mulkchilik munosabatlarining iqtisodiy mazmunini uning ajralmas uch jihati – egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish belgilab berdi.
3. Mulkka egalik qilish mulkdorlik huquqining uning egasi qo‘lida saqlanib turishini bildirsa, mulkdan foydalanish – bu mol-mulkning iqtisodiy faoliyatda ishlatilishi yoki ijtimoiy hayotda qo‘llanilishini anglatadi. Mulkni tasarruf etish – mol-mulkni sotish, meros qoldirish, hadya qilish, ijaraga berishni mulk egasi tomonidan mustaqil hal etilishidir.
4. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra, O‘zbekistonda quyidagi mulk shakllari amal qiladi:
– xususiy mulk;
– shirkat (jamoa) mulki;
– ma’muriy-hududiy tuzilmalarning mulkidan (kommunal mulkdan) iborat davlat mulki;
– aralash mulk;
– boshqa davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar yuridik va jismoniy shaxslarining mulki.
5. Davlat mulki shaklida bo‘lgan korxona, tashkilot va mulk obyektlari mulkining boshqa mulk shakllariga (hissadorlik, jamoa, kooperativ, xususiy, aralash) o‘tkazilishi mulkni davlat tasarrufidan chiqarish jarayonini bildiradi.
Davlat mulkini haq to‘lash yo‘li bilan yoki hech qanday to‘lovlarsiz, yoki imtiyozli xususiy mulkka o‘tkazilishi xususiylashtirishni bildiradi.
6. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarining boshqa davlatlardan, jumladan, MDH mamlakatlari amaliyotlaridan farqli xususiyatlari quyidagilarda o‘z aksini topdi:
– mamlakatda chekli xususiylashtirish amaliyotidan voz kechilganligi;
– davlat mulkini boshqa mulk shakliga o‘zgartirishda uning faqatgina yangi mulk egasiga sotilishi;
– xususiylashtirishda dasturli yondashish va uning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi;
– mulkni davlat tasarrufidan chiqarishda aholi uchun kuchli ijtimoiy kafolatlarning yaratilganligi va ta’minlanganligi;
– faoliyat ko‘rsatib turgan ishlab chiqarish va boshqaruv tarkiblarining bo‘laklarga ajratilganligi va monopoliyadan chiqarilishi va h.k.
7. «Kichik xususiylashtirish»da faol xususiylashtirish jarayonlari amalga oshirildi. Mazkur bosqichda davlat uy-joy fondi, savdo, xizmat ko‘rsatish tizimi, mahalliy, yengil va oziq-ovqat sanoati, avtomobil transporti, qurilish tizimlaridagi mayda korxonalarni xususiylashtirish amalga oshirildi.
8. «Yalpi xususiylashtirish»da davlat nazorati saqlanib qolinishi shart bo‘lmagan tarmoqlar deb belgilangan yengil sanoat, mashinasozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalaridagi o‘rta va yirik korxonalar ommaviy tarzda xususiylashtirish jarayonlariga jalb qilindi.
9. «Yirik xususiylashtirish» da Oliy Majlis va Vazirlar Mahkamasi tomonidan xususiylashtirishga tortilmaydigan obyektlarning nomma-nom ro‘yxati belgilandi. Ularga suvdan foydalanish obyektlari, melioratsiya tarmoqlari, muzeylar, sanepidstansiyalari, strategik va harbiy ahamiyatdagi nobudjet jamg‘armalari kiritildi. Ushbu ro‘yxatdan o‘rin olmagan barcha korxona va obyektlar xususiylashtirilishi mumkin edi.
10. «Strategik xususiylashtirish»da xususiylashtirishdan davlat budjetiga mablag‘lar safarbar etish, xususiylashtirilayotgan korxonalarga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, boshqaruv samaradorligini oshirish va yangi mulkiy munosabatlarning to‘liq faoliyat ko‘rsatishi uchun shart-sharoitlar yaratish asosiy vazifalari sifatida belgilab qo‘yilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |