Qog’oz pullarning muomalaga kiritilishi. Manbalarga ko’ra, dastlabki qog’oz pullar X asrning oxiri XI asrning boshlarida Xitoyda chiqarilgan. Xitoyda qog’oz pullar muomalaga chiqishida mamlakatda qog’ozning kashf etilganligi va bosma mashinalarining yaratilganligi muhim ahamiyat kasb etgan. Dastlab muomalaga chiqarilgan qog’oz pullar “erkin tanga”, keyinchalik “qimmatbaho qog’oz tangalar” deb yuritildi, ular mamlakatda erkin aylanadigan to’lov vositalari bo’lsada oltin yoki tovarlar bilan ta’minlanmagan edi.
Qog’oz pullar kvadrat shaklda bo’lib, bir tomonida imperatorning nomi va dinastitsiyasi haqidagi ma’lumotlar, ikkinchi tomonida esa “G’aznachilik boshqaruvi iltimosiga ko’ra qaror qilindi, hukumronlik qiluvchi imperator tomonidan tasdiqlangan va ushbu yozuv bo’lgan bu qog’oz tanga qiymatga ega va haqiqiy kumush tanga qatorida to’lovga qabul qilinishi shart. Ushbu tartibni buzgan har qanday shaxsning boshi kesiladi” degan mazmundagi so’zlar bitilgan edi.
Xitoyda muomalaga chiqarilgan qog’oz pullarning hajmi ortib ketganligi va ularni tartibga solish mexanizmlari mavjud bo’lmaganligi bois juda tez vaqt ichida qadrsizlanib ketadii. Natijada 1500 yillarga kelib qog’oz pullarni muomalaga chiqarish bekor qilinadi.
Evropada dastlabki qog’oz pullar Stokgolim banki tomonidan 1661 yilda emissiya qilingan. Evropada qog’oz pullar emissiyasining namoyandalaridan biri shotlandiyalik Djon Lo (1671 – 1729) hisoblanadi. Uning ta’limotiga ko’ra, muomalaga chiqarilgan qog’oz pullar ishlab chiqaruvchilar faolligini oshiradi va davlatning xazinasini to’ldirishda juda qulay vosita hisoblandi. U o’zining ta’limotini 1716 – 1720 yillarda Fransiyada o’zi tashkil etgan bank orqali amalga oshirishga erishdi. Biroq, muomalada qog’oz pullar haddan ortiq ko’payib ketishi natijasida pullarning qadri tushib ketdi va uning ta’limoti inqirozga yuz tutdi.
O’zbekistonda qog’oz pullar1918 yildan boshlab dastlab Buxoro amirligida muomalaga chiqarilgan. Muomalaga chiqarilgan nominali 20, 60, 100, 200, 300, 500, 1000, 2000, 3000, 5000, va 10000 qog’oz pullar tanga deb atalgan.
1920 yilda Buxoro Sho’ro qo’shinlari tomonidan bosib olinib, Buxoro amirligi o’rniga Buxoro Sovet Xalq Respublikasi (BSXR) tashkil etiladi. Yangi BSXR da 1920 yilda Buxoro amirligi tomonidan chiqarilgan metall va qog’oz tangalar muomalada bo’lib keladi, hamda ularni bir oz o’zgartirilgan holda chiqarish, ya’ni sovet simvolikasi qo’yilgan holda tanga nomi bilan qog’oz pullar muomalaga chiqarish davom etgan. 1921 yilda BSXR muomalaga yangi, nominali rublda ko’rsatilgan qog’oz pullarni chiqara boshlaydi. Bu pullar 3000, 10000 va 20000 rubl nominalda muomalaga chiqarilgan.
1922 yilda BSXR tomonidan denominatsiya amalga oshirilib, pullarning nominali yuzlab marta kamaytirilgan va 1, 5, 10, 25, 100 rubllik yangi pullar muomalaga chiqarilgan. Ammo ko’p o’tmasdan, kuchli inflyasiya natijasida past nominaldagi pul birliklari bozor ehtiyojlarini qondira olmay qoladi va 1000, 2500 va 5000 rubllik pullar bosib chiqarila boshlagan16.
Xulosa qilib aytganda, pulning vujudga kelishi jamiyat ijtimoiy – iqtisodiy jarayonlarini rivojlanishi va takomillashib borishi bilan bevosita bog’liq bo’lib, bularning ichida kishilar o’rtasida mehnat taqsimotining paydo bo’lishi muhim ahamiyat kasb etadii. Shuningdek, biz yashab istiqomat qilayotgan zaminda pullarning vujudga kelishi uning tarixi va sivilizatsiyasi juda boy va qadimiy ekanligidan dalolat beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |