Elektron pullar
Banklarning rivojlanishi, o’zaro to’lovlar va hisob – kitoblar hajmining ortishi, shuningdek, texnika va texnologiyaning takomillashuvi natijasida XX asrning ikkinchi yarmidan elektron pullar vujudga keldi. Elektron pullarning to’lov instrumenti bo’lib – plastik kartalar hisoblanadi.
Plastik karta – bu pullarni naqdsiz ko’rinishda ko’chirish yoki naqd pul ko’rinishda olish imkoniyatini beradigan, banklar va boshqa kredit muassasalari tomonidan chiqarilgan nomli to’lov hujjat hisoblanadi.
Plastik kartalar bank tizimi va undan foydalanuvchilar uchun qulaylik jihatlari juda ko’p. Xususan:
– kishi 1, 2, 3 mln so’mni hamyonida olib yurolmaydi, lekin plastik kartada bunday muammo mavjud emas;
– hamyoningizdagi pulni yo’qotsangiz yoki unutib biror joyda qoldirsangiz ularni begona shaxs foydalanishi mumkin, lekin plastik kartalardan begona shaxslarni foydalanish imkoniyati juda chegaralangan. Chunki ularning maxsus paroli mavjud, shu bilan birga, plastik kartani yo’qotgan shaxs zudlik bilan bankka xabar bersa uning hisobraqamlari bo’yicha to’lovlarni to’xtatib qo’yish mumkin;
– banklar naqd pullarni tashish, saqlash, ularning hisobini yuritish va mijozlarga berish kabi qo’shimcha mehnat va sarf xarajatdan forig’ bo’ladi;
– banklar depozit siyosatidan kelib chiqib foydalanuvchi plastik kartadagi vaqtinchalik foydalanmay turgan qoldiq summalariga qo’shimcha foiz to’lashi mumkin.
O’zbekistonda plastik kartochkalarni joriy qilish bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qator qarorlari qabul qilindi. Xususan, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 24 sentyabrdagi “Plastik kartochkalar asosida hisob – kitob qilish tizimini yanada rivojlantirish chora – tadbirlari to’g’risida” 445 – sonli Qarori, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 3 avgustdagi “Plastik kartochkalar asosida naqd pulsiz hisob – kitob tizimini yanada rivojlantirishga oid qo’shimcha chora – tadbirlar to’g’risida”gi PQ – 433 – sonli va 2010 yil 19 apreldagi “Bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob – kitob tizimini rivojlantirishni rag’batlantirish bo’yicha qo’shimcha chora – tadbirlar to’g’risida”gi PQ – 1325 – sonli Qarorlari shular jumlasidandir.
Hozirgi kunda barcha tijorat banklari o’z plastik kartochkalariga ega bo’lib, ularning soni yildan – yilga ortib bormoqda.
O’zbekiston tijorat banklari tomonidan joriy etilgan plastik kartalar bilan hisob – kitoblar samaradorligini yanada oshirish maqsadida:
– savdo nuqtalarida plastik kartalar bilan hisob – kitoblarni amalga oshirish uchun terminallarni ko’paytirish;
– ish haqi va unga tenglashtirilgan mablag’larni plastik kartalarga o’tkazish jarayonini yanada takomillashirish;
– barcha bank bo’limlari boshqa banklarning plastik kartochkalari bo’yicha ham naqd pullarni echishlishini ta’minlash kabi ishlarni yo’lga qo’yish lozim.
Yuqorida qayd etilgan holatlar bo’yicha Markaziy bank va tijorat banklari, tegishli muassasalar, shuningdek, savdo nuqtalari tomonidan amlaga oshirilayotgan ishlar plastik kartalarni yanada kengroq va samarali ishlashiga imkoniyat yaratadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |