2.5.Pul shakllari va turlarining evolyusiyasi. Pul hozirgi kundagi ko’rinishi, holati va darajasiga etgunga qadar juda uzoq tarixiy davrni boshidan kechirdi. Er yuzida puldan ayirboshlash vositasi sifatida foydalanib kelinayotganiga etti ming yildan ortiq vaqt bo’ldi14. Bu davr ichida dastlabki pullar tovar, buyum, oddiy metall va qimmatbaho metallar ko’rinishidan hozirgi kunda keng foydalanib kelinayotgan qog’oz va elektron pullar ko’rinishigacha etib keldi.
Jamiyatda ijtimoiy – iqtisodiy jarayonlar takomillashib va rivojlanib borgani sari pulning shakli, pul ishlari va pul ishtirokidagi hisob – kitoblar ham doimiy ravishda takomillashib va rivojlanib kelmoqda.
Pulning rivojlanishiga turtki bo’lgan asosiy omillar quyidagilar hisoblanadi. 1.Tovar ishlab chiqarishning kengayishi va mehnat taqsimotining chuqurlashuvi. 2. Barcha shakllardagi mulk qiymatlarining o’sishi. 3. Tovarlar oldi – sotdisi bo’yicha aylanmalar hajmining ortishi.
Tanga pullarning rivojlanish tarixi. Mavjud iqtisodiy adabiyotlarda dastlabki tanga pullar Xitoy mamlakatida va qadimgi Lidiya xonligi davrida miloddan avvalgi VII asrda paydo bo’lganligini ta’kidlaydi. Manbalarga ko’ra, birinchi oltin pullar bizning eramizgacha bo’lgan VII asrda Lidiya shohi Gigesning buyrug’i bilan zarb etilgan. Oltinga o’zining tasvirini tushirib zarb qilgan birinchi shox Aleksandr Makedonskiy hisoblanadi, o’sha davrda oltinning qiymati uning probasi va og’irligi bilan o’lchanar edi.
AQShda monetalar 1793 yilda zarb etilgan, shu davrga qadar va undan keyin uzoq muddat davomida mamlakatda xorijiy mamlakatlarning tangalari to’lov vositasi sifatida amal qilgan. Mamlakatda ayrim xorijiy tangalar 1857 yilgacha to’lov vositasi sifatida muomalada ishtirok etdi.
Muomalada oltin tangalar to’lov vositasini bajarganda ular haqiqiy pul sifatida o’zining sohibiga iqtisodiy zarar keltirmaydi va avtomatik ravishda boshqarilib turish xususiyatiga ega bo’lgan. Ya’ni, ularni hozirgi paytdagi kabi qog’oz pullarni emissiyasi orqali tartibga solib turishga ehtiyoj bo’lmagan. Agar oltin tangalarning hajmi ehtiyojdan ortib ketadiigan bo’lsa, ular boylik sifatida avtomatik tarzda jamg’armaga o’tadi, aksincha bo’lganda esa to’lov vositasi sifatida muomalaga chiqadi. Shu bois ham oltin tangalar to’lov vositasini bajargan paytda pul tizimini tartibga solish apparati va pul – kredit siyosatini amalga oshirishga ehtiyoj bo’lmagan.