Turdi
Turdi, Turdiy (asl
ismi va taxallusi; fors-tojik sheʼrlaridagi taxallusi esa Farogʻiy) (XVII asr,
Buxoro
— taxminan 1699/1700,
Xoʻjand
) — shoir.
Buxoro madrasalarida taʼlim olgan. Abdulazizxon davrida saroyning amaldorlaridan, yuz
urugʻining koʻzga koʻringan siyosiy arboblaridan boʻlgan.
Subhonqulixon
taxtga chiqqach,
saroydan uzoqlashtirilgan. Ashtarxoniylarga qarshi 1685—86 yillarda koʻtarilgan xalq
qoʻzgʻoʻlonida faol ishtirok etgan. Qoʻzgʻoʻlon bostirilgach, Turdi
Jizzax
, soʻng Xoʻjandga borib,
muhtojlik va uzluksiz maʼnaviy tushkunlikda kun kechirgan. Turdi oʻzbek
va fors tillarini yaxshi
bilgan. „Dar mazammati sipohigari“ sheʼrida oʻzining asosiy kasbkori sipohiylik (harbiylik)
boʻlganini, shu kasbi bilan uzoq yillar nimalarnidir tamaʼ qilib, shohlarga xizmat qilganini, lekin
oxiroqibatda hech narsaga erisha olmaganini afsus bilan maʼlum qilgan. Lekin harbiylik bilan
bir qatorda Turdi oʻz zamonasining oʻqimishli, Sharq adabiyotidan mukammal xabardor,
hayot, jamiyat haqida keng tushunchaga ega kishilaridan boʻlgan. Uning jamiyatda tutgan
mavqei esa oʻz atrofida yuz berayotgan voqea hodisalarga faol aralashishni taqozo etgan.
Turdining adabiy merosi 18 sheʼrdan iborat boʻlib, ulardan 12 tasi gʻazal, 5
tasi muxammas va
bittasi fard janriga oid. 434 misra hajmidagi bu merosning 165 misrasi Subhonqulixon
haqidagi mashhur hajviyani tashkil etgan („Subhonqulixon toʻgʻrisida hajviya“, 1691).
Turdi ham oʻz ijodini boshqa shoirlar kabi anʼanaviy ishq mavzuidan boshlagan. Uning:
Turkona xirom ayladi ul shoʻxi diloro, Dil mulkini bir goʻshai chashm ayladi yagʻmo matlai bilan
boshlangan ishqiy gʻazali lirikaning yaxshi namunalaridan hisoblanadi. Turdining lirik
gʻazallari boshqa shoirlarnikidan oʻzining nihoyatda ixchamligi, yaʼni 3—4—5 baytdan iboratligi
bilan ajralib turadi. Uning tasavvufiy sheʼrlari ham gʻoyat goʻzal va falsafiy
teran mazmunga
boy („…Ibrat ila boq, koʻzung tufroqqa toʻlmasdan burun“).
Turdi gʻazallarining aksariyati hali hech kim qalamga olmagan, oʻtkir ijtimoiy-siyosiy va
falsafiy-axloqiy mavzularga bagʻishlangan. Ayniqsa, shoirning:
Tor koʻngullik beklar, manman
demang, kenglik qiling, Toʻqson ikki bovli oʻzbek yurtidur, tenglik qiling … matlai bilan
boshlanadigan gʻazalida yurtni boshqarayotgan
beklarga murojaat qilib, ularni keng feʼlli,
oʻzaro ittifoq boʻlishga, bir-birini urugʻchilik belgilariga qarab kamsitmaslikka chaqirish uning
oʻz davridagi yuksak fikrli vatanparvar va haqiqiy insonparvar kishi boʻlganligidan dalolat
beradi.
Subhonqulixon toʻgʻrisidagi hajviy muxammasi Turdining shoh asari xisoblanadi. Asarda
Subhonqulixon davlat tepasiga kelgach, mamlakatda ahvol yomon tomonga oʻzgarganligi,
osoyishtalik oʻrnini
tartibsizlik, adlu-karam oʻrnini oʻzaro nifoq egallagani oʻz aksini topgan.
Shohning aybi shundaki, u taxtga oʻtirishi bilanoq tajribali, ishbilarmon mulozimlarni quvib,
ularning oʻrniga oʻz atrofida davlatni boshqarish ishidan butunlay xabarsiz, fikr
mulohazalari
sayoz, axloqan tuban kishilarni yigʻadi. Turdi bu asarida Subhonqulixon qiyofasida johil shoh
timsolini yaratadi. Ushbu hajviy asari bilan Turdi oʻzbek hajviyotini Alisher Navoiydan keyin
yangi bir bosqichga koʻtargan.
Turdi ijodi hayotiy faktlarga, teran mulohazalarga boyligi va uslubining realistik xarakteri bilan
oʻzbek adabiyoti rivojiga samarali taʼsir qilgan.
Maxmur
,
Gulxaniy
kabi
satirik shoirlar ijodining
shakllanishida muhim bosqich boʻlgan. A. Majidiy tomonidan topilgan va 1924—25 yillarda
nashr etilgan sheʼrlar qoʻlyozmasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Oʻzbekiston FA
Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi (inv. № 1407).
Yoqubov H., Turdi ijodiyoti, T., 1941
Abdullayev V., Oʻzbek adabiyoti tarixi (2-kitob), T., 1967
Antologiya uzbekskoy poezii, M., 1950
Abduqodir Hayitmetov. Maʼnaviyat yulduzlari, T., 2001
Tanlangan asarlar (2-nashr), T., 1960
Sheʼrlar, T., 1971
Izbr. proizvedeniya, T., 1951
Ko‘proq o‘rganish
Ushbu maqolada
Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi
(2000-2005)
maʼlumotlaridan foydalanilgan.
Shaxsiyat haqidagi ushbu maqola
chaladir
. Siz uni
boyitib, (https://uz.wikipedia.org/w/index.
php?title=Turdi&action=edit)
Vikipediyaga
yordam berishingiz mumkin.
Adabiyot
Soʻnggi tahrir 11 kunlar avval
Lyncos
tomonidan amalga oshirildi
"
https://uz.wikipedia.org/w/inde
x.php?title=Turdi&oldid=2476014
"
dan olindi