TAROZIDORLAR — bozorda tarozini ijaraga beruvchi, tarozini tortib turuvchi (kasb nomi), yoki tarozi toshlarini to’g’ri yoki noto’g’ri ekanligini nazorat qiluvchi kishilar ma’nosidan olingan.
TEMIRCHI. Tuman markazidan 7 km sharqda, Do’rman qishloq fuqarolar yig’ini hududida joylashgan. Temirchi — kasb nomini ifodalaydi. Qadimda temirchilik bilan shug’ullangan ustalar bu qishloqda ko’p bo’lgani uchun shunday atalgan. Qadimda Temirchi qishlog’ida Po’stakdo’z, Do’rmancha, Arablar, Temirchi to’plari bo’lgan. Ularning hammasi bugungi kunda yagona Temirchi nomi bilan yuritiladi.
XORKASH.Tuman markazidan 3 km sharqda, Qalmoqon qishloq fuqarolar yig’ini hududida joylashgan. Xorkash — xas-cho’pdan o’tin terib, sotib kun ko’ruvchi kishi degan ma’noni anglatadi. Xorkash qishlog’i qadimda Labirud va Bog’iafzal qishloqlaridan shimol tomonda bo’lgan. Jilvon etagida bo’lgan bu qishloq aholisining asosiy qismi cho’ldan o’tin, yantoq, yulg’un chopib keltirib bozorda sotgan. "Shuning uchun qishloq nomi «Xorkash» deb atalgan. Qum ko’chishi tufayli odamlar bu joydan hozirgi Xorkash qishlog’iga ko’chib o’tgaplar. Qishloq nomi esa o’zgarmagan.
CHITGARON. Tuman markazidan 12 km janubi-g’arbda, Chandir qishloq fuqarolar yig’ini hududida joyashgan. Chitgaron — «Chitga gul bosuvchi ustalar» degan ma’noni ifodalaydi. Chitgaronliklarning asosiy qismi asosan Qoratepadan (Iskogare qishlog’idan shimoli-garbda) bo’lib, qum ko’chishlar oqibatida bu erga ko’chib kelishgan. Qadimda Chitgaron kishlog’ida 5 ta masjid bo’lgan. Aholisi ijtimoiy kelib chiqishi va nasl-nasabiga karab xo’jalar, qullar, korachalar, arablar, chitgaronlar to’piga ajratilgan.
SHAMSHERGARON. Tuman markazidan 5 km janubda, Sulton Jo’ra nomli qishloq fuqarolar yig’ini hududida joylashgan. Shamshergaron — tojikcha so’z bo’lib, «shamshir» — qilich, «garon» — yasovchilar, ya’ni «qilich yasovchilar yoki qilichsozlar» degani. Bu qishlokda qadimda qilich, qalqon va boshqa turli xil qurol-aslahalar yasaydigan temirchi ustalar-hunarmandlar ko’p bo’lgan.
TAROZIDOR. Shahar tarkibiga kirgan qadimiy qishloq. Tarozidor — kasb nomi bo’lib, bozorda sotuvchiga ma’lum muddatga va ma’lum summaga kelishga holda tarozini beradigan kishi tushuniladi. Tarozidorlik bilan shug’ullangan kishilar bu qishloqda ko’p bo’lgani uchun qishloq shunday nom olgan. Qadimdan qishloq boylari savdo-sotiq bilan shug’ullanishgan. Ular jun, g’o’za xarid qilib chet ellarga olib chiqqanlar. Qishloq qadimdan obod bo’lgan. To’rtta toshquduq bo’lib, hozir ularning ikkitasi saqlangan, Toshpo’latboyning qudug’i oldidagi xarsangtoshdan otlar suv ichgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |