21-modda. 2020-yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlarini amalga oshirishning xususiyatlari
Quyidagi xarajatlar respublika budjetidan moliyalashtirishga o‘tkaziladi:
Oldingi tahrirga qarang.
umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarining birinchi va ikkinchi guruh xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Maktabgacha ta’lim vazirligi orqali (ushbu muassasalarning to‘rtinchi guruh xarajatlari tegishli tumanlar va shaharlar budjetlari hisobidan amalga oshiriladi);
(21-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-653-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son)
ko‘p kvartirali uy-joy fondiga tutash hududlarni ta’mirlash xarajatlari va O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimiga kiruvchi issiqlik ta’minoti tashkilotlarining issiqlik tarmoqlari va qozonxona uskunalarini kapital ta’mirlash xarajatlari.
Quyidagi xarajatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari va Toshkent shahri shahar budjetidan moliyalashtirishga o‘tkaziladi:
issiqlik energiyasini ishlab chiqaruvchilarga aholiga ko‘rsatilgan issiqlik ta’minoti xizmati uchun pasaytirilgan tariflarni qo‘llash natijasida yuzaga keladigan zararni qoplash xarajatlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmalari hamda Qarshi magistral kanalining ekspluatatsiya boshqarmasini moliyalashtirish xarajatlari;
umum foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish xarajatlari;
davlat organlari yoki ushbu organlar mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) natijasida fuqarolar yoki yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash xarajatlari.
Quyidagi xarajatlar tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtirishga o‘tkaziladi:
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan tayinlanadigan ijtimoiy nafaqalarni to‘lash xarajatlari;
davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati tuman va shahar markazlarini saqlash xarajatlari.
Eksperiment tariqasida:
Oldingi tahrirga qarang.
Toshkent shahridagi umumta’lim muassasalarini va davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish), kapital ta’mirlash va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalar Toshkent shahri shahar budjeti hisobidan;
(21-modda to‘rtinchi qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-653-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son)
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ijtimoiy soha obyektlarini, ichimlik suvi bilan ta’minlash tizimi obyektlarini, umum foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash, shuningdek sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlari doirasida obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda ta’mirlash-tiklash xarajatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetidan moliyalashtiriladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari tashabbusi bilan amalga oshiriladigan qo‘shimcha tadbirlar faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tegishli budjetlarni birinchi navbatda ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, oziq-ovqat, dori-darmon va kommunal xizmatlar xarajatlari rejalashtirilishini nazarda tutgan holda shakllantiradi.
Choraklar yakuni bo‘yicha ushbu Qonunning 6-ilovasida keltirilgan daromadlarning prognoz ko‘rsatkichlari mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan holda 5 foizdan ortiq miqdorga bajarilmasa va moliya yili oxirigacha ushbu mablag‘larning tushish ehtimoli bo‘lmasa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari Vazirlar Mahkamasiga xarajatlarni maqbullashtirish yuzasidan ko‘rilgan choralar bilan birgalikda tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar miqdorini oshirish yuzasidan murojaat qiladi hamda bu taklif Vazirlar Mahkamasi tomonidan ushbu Qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Tuman va shahar hokimliklari ham Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga xuddi shu tartibda murojaat etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |