3-bob. Budjetlararo munosabatlarni tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari
18-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetini, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarini, tumanlar va shaharlar budjetlarini ko‘rib chiqish va qabul qilish tartibi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining navbatdagi yil uchun loyihalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ushbu Qonun kuchga kirgandan keyin bir hafta muddatda, mazkur Qonunga muvofiqlashtirilgan holda tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga kiritiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari to‘g‘risida uch kun muddatda qaror qabul qilinadi.
Navbatdagi yil uchun tumanlar va shaharlar budjetlarining loyihalari tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilingandan keyin uch kun ichida tegishli ravishda xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlariga kiritiladi.
Xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan tumanlar va shaharlarning budjetlari to‘g‘risidagi qarorlar uch kun ichida qabul qilinadi.
19-modda. 2020-yil uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, tumanlar va shaharlar budjetlari daromadlarini shakllantirishning o‘ziga xos xususiyatlari
Quyidagi soliq turlari tumanlar va shaharlar budjetlariga to‘liq o‘tkaziladi:
jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i;
jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i;
jismoniy shaxslarning mol-mulkini ijaraga berishdan oladigan yillik daromadlari bo‘yicha deklaratsiyaga asosan to‘lanadigan hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan daromad solig‘i;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, bundan elektr stansiyalari tomonidan to‘lanadigan soliq mustasno;
qurilish materiallari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq, bundan sement xomashyosi va sement ishlab chiqarishda foydalaniladigan ohaktosh mustasno.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetiga, viloyatlar viloyat budjetlariga va Toshkent shahri shahar budjetiga quyidagilar to‘liq o‘tkaziladi:
yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i;
yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i;
elektr stansiyalari tomonidan to‘lanadigan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
yakuniy iste’molchilarga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz realizatsiya qilishdagi aksiz solig‘i;
aylanmadan soliq;
qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda davlat bojlari (patent boji va litsenziya berganlik uchun davlat bojlaridan tashqari);
qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga undiriladigan jarimalar;
ayrim tovarlarning chakana savdosiga beriladigan huquq uchun undiriladigan yig‘imlar;
qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga undiriladigan boshqa yig‘imlar (bojxona yig‘imlaridan tashqari);
avtotransport vositalarini xarid qilganlik uchun ularni ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish chog‘ida avtotransport egalari (foydalanuvchilari) tomonidan to‘lanadigan yig‘imlar;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulk, mahalliy davlat hokimiyati organlarining aktivlari bo‘yicha ajratmalar va dividendlar;
qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda davlat aktivlarini ijaraga berish va xususiylashtirishdan tushadigan daromadlar;
mobil aloqa xizmati va alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivo uchun aksiz solig‘idan tushumlar tegishli ravishda 2019-yil 1-iyul holatiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri aholisining respublika aholisidagi ulushiga muvofiq.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetiga, viloyatlar viloyat budjetlariga va Toshkent shahri shahar budjetiga quyidagi ulushlarda:
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan tushumlarning (jismoniy shaxslarning mol-mulkini ijaraga berishdan oladigan yillik daromadlari bo‘yicha deklaratsiyaga asosan to‘lanadigan hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan daromad solig‘idan tashqari) Navoiy viloyatida 70 foiz, Toshkent viloyatida 34 foiz, Toshkent shahrida 5 foiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlarda 100 foiz;
foyda solig‘idan tushumlarning (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq yirik soliq to‘lovchilar, O‘zbekiston Respublikasida doimiy faoliyat olib boruvchi muassasa orqali faoliyat yurituvchi O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan, shuningdek norezidentlarning to‘lov manbaida ushlab qolinadigan daromadlaridan to‘lanadigan foyda solig‘idan tashqari) Toshkent viloyatida 34 foiz, Toshkent shahrida 5 foiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlarda 100 foiz;
qo‘shilgan qiymat solig‘idan tushumlarning Qoraqalpog‘iston Respublikasida 100 foizi o‘tkaziladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari:
tegishli darajadagi mahalliy budjetlarga ajratiladigan soliqlar va boshqa turdagi daromadlar (shu jumladan, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan daromadlar) hamda budjetlararo transfertlarni taqsimlashga;
daromadlarning prognozini oshirib bajarishdan olinadigan mablag‘larning bir qismini tumanlar va shaharlar budjetlariga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun berishga haqli.
Xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari:
ijaraga berilgan joyning yoki yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilayotgan joyning xususiyatlarini, shuningdek ko‘rsatilayotgan xizmat turining mavsumiyligini hisobga olgan holda ijara to‘lovi bo‘yicha eng kam stavkalarga hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliqning qat’iy belgilangan miqdorlariga nisbatan qo‘llaniladigan 0,7 dan 1,3 gacha pasayib boruvchi yoki o‘sib boruvchi koeffitsiyentlarni kiritishga;
tumanlar va shaharlarning ommaviy dam olish va turizmga ixtisoslashtirilgan ayrim hududlarida Toshkent shahri uchun belgilangan miqdorlargacha ijara to‘lovi bo‘yicha eng kam stavkalarga hamda jismoniy shaxslarning daromadidan olinadigan soliqning yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan miqdorlariga nisbatan qo‘llaniladigan o‘sib boruvchi koeffitsiyentlarni kiritishga haqli.
Agar qonun hujjatlarida mahalliy budjetlarga tushadigan daromadlarning taqsimlanishi nazarda tutilmagan bo‘lsa, bu turdagi daromadlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetiga, viloyatlar viloyat budjetlariga va Toshkent shahri shahar budjetiga o‘tkaziladi.
Davlat unitar korxonalari hamda ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi mavjud bo‘lgan jamiyatlar tomonidan 2020-yilning 1-iyuliga qadar 2019-yil yakunlari bo‘yicha o‘z sof foydasining 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga tegishli ravishda ajratmalar va davlat ulushi bo‘yicha dividendlar hisoblanadi hamda 2020-yilning 1-sentabridan kechiktirmasdan tegishli darajadagi budjetlarga o‘tkaziladi.
20-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining hamda tumanlar va shaharlar budjetlarining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish
Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari, Toshkent shahri shahar budjeti, tumanlar va shaharlar budjetlarining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarorlar tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining takliflariga asosan birinchi navbatda ijtimoiy soha muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yo‘naltirish maqsadida qabul qilinadi.
Tumanlar va shaharlar hokimliklari tumanlar va shaharlar budjetlari qo‘shimcha manbalarining kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari favqulodda vaziyatlarda va shunga o‘xshash kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rilishi talab etiladigan hollarda ishlatilgan mablag‘lar to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlariga hisobot berish sharti bilan qo‘shimcha manbalarni yo‘naltirish bo‘yicha qarorlar qabul qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |