1.2.Pudrat shartnomasi turlari. Maishiy pudrat shartnomasi – tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan pudratchi maishiy pudrat shartnomasi bo’yicha buyurtmachi-fuqaroning topshirig’I bilan uning maishiy yoxud boshqa shaxsiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan ma’lum ishlarni bajarish majburiyatini, buyurtmachi esa ishni qabul qilish va haqini to’lash majburiyatini oladi.
Agar qonun hujjatlari yoxud shartnomada, shu jumladan buyurtmachi qo’shilgan formulyarlar yoki boshqa standart shakllarning shartlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo’lsa, pudratchi buyurtmachiga patta yoki buyurtma qabul qilinganligini tasdiqlaydigan boshqa hujjatni bergan paytdan boshlab maishiy pudrat shartnomasi tuzilgan hisoblanadi.
Mazkur hujjatlarning buyurtmachida bo’lmasligi, uni maishiy pudrat shartnomasi tuzilganligini yoki uning shartlarini tasdiqlovchi guvohlar ko’rsatmalarini vaj qilib keltirish huquqidan mahrum qilmaydi.
Maishiy pudrat shartnomasi ommaviy shartnomalar jumlasiga kiradi.
Bu yerda maishiy pudrat shartnomasining normative huquqiy ta’rifi keltirilgan. Maishiy pudrat shartnomasining tomonlari aniq belgilab berilgan. Shartnoma bo’yicha buyurtmachi sifatida faqat fuqaro, pudratchi sifatida esa faqat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilot yoki fuqaro bo’lishlari mumkin. Maishiy pudrat shartnomasi ommaviy shartnoma turiga kiradi, shunga ko’ra, pudratchi unga murojaat qilgan har qanday subyektga maishiy pudrat ishi bo’yicha tegishli harakatlarni amalga oshirishi lozim va maishiy pudrat shartnomasini tuzishda biror subyektga nisbatan boshqasiga qaraganda agzallik berishga haqli emas. Maishiy pudrat shartnomasi predmeti buyurtmachining faqat maishiy yoki boshqa shaxsiy ehtiyojlarini qondirishga mo’ljallangan ish hisoblanadi. Qonun hujjatlarida belgilangan hollarda O’zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan taraflar tomonidan ommaviy shartnomalarni tuzish va ular bo’yicha ishlarni bajarishdagi qoidalar (namunaviy shartnomalar, nizomlar va h.k.) o’rnatilishi mumkin.
Maishiy pudrat shartnomasi uni mustaqil shartnoma turi sifatida ajratish imkonini beruvchi bir qator o’ziga xos xususiyatlarga ega.
Birinchidan, shartnoma aniq maqsadli mazmunga ega va buyurtmachining topshirig’i bilan uning maishiy yoxud boshqa shaxsiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan ma’lum ishlarni bajarish bilan ifodalanadi;
Ikkinchidan, maishiy pudrat shartnomasi bo’yicha huquqiy munosabatlar subyektlari, bir tomondan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi pudratchi, boshqa tomondan – pudratchining maishiy yoxud boshqa shaxsiy ehtiyojlarini qondirishga oid harakatlari yo’naltirilgan buyurtmachi-fuqaro hisoblanadi.
Uchinchidan, maishiy pudrat shartnomasi ommaviy shartnoma sifatida unga shu turdagi shartnomalar qoidalari qo’llaniladi. Tashkilot qonunda va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan hollardan tashqari ommaviy shartnomani tuzishda bir shaxsga nisbatan ikkinchi shaxsni afzal ko’rish huquqiga ega emas.
Fuqarolik kodeksi bilan tartibga solinmaydigan maishiy pudrat shartnomasiga doir munosabatlarga nisbatan O’zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida”gi Qonuniy normalar qo’llaniladi. Jumladan, ushbu Qonunning ishni bajarish, xizmat ko’rsatish tog’risidagi shartnoma shartlari buzilgan taqdirda iste’molchining huquqlariga bag’ishlangan 19-moddasi normalari FK normalarini, xususan maishiy pudrat shartnomasiga nisbatan ishlarni o’z muddatida bajarish va bajarmaganlik uchun javobgarlikka doir munosabatlarni tartibga solishda ahamiyatga ega.
Maishiy pudrat shartnomasi bahosini aniqlashda qonun hujjatlarida belgilangan shartnoma tuzish erkinligi cheklangan holda davlat organlarining tomonidan belgilangan yoki tartibga solingan me’yordan shartnoma bahosini ko’paytirish mumkin emas.
Mazkur moddaning ikkinchi qismidagi dispozitiv norma mazmunan shuni bildiradiki, agar qonun hujjatlari yoxud shartnomada, shu jumladan buyurtmachi qo’shilgan formulyarlar yoki boshqa standart shakllarning shartlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo’lsa, pudratchi buyurtmachiga patta yoki buyurtma qabul qilinganligini tasdiqlaydigan boshqa hujjatni bergan paytdan boshlab maishiy pudrat pudrat shartnomasi tuzilgan hisoblanadi. Mazkur hujjatlarning buyurtmachida bo’lmasligi uni maishiy pudrat shartnomasi tuzilganligini yoki uning shartnomalarini tasdiqlovchi guvohlar ko’rsatmalariga havola qilish huquqidan mahrum qilmaydi9.