Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarga oid qonun xujjatlarini rasmiylashtirish va buxgalteriya hisobini yuritish tartibini o‘rganish
Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlikka oid qonunchilikning sudlar tomonidan qo‘llanilishi to‘g‘risida
Soliqqa oid qonunchilik takomillashtirilganligi, shuningdek, sud amaliyotida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlikka doir qonunchilikni qo‘llashda masalalar kelib chiqqanligi munosabati bilan, «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, qonunda belgilangan soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lash har bir fuqaroning konstitutsiyaviy burchi hisoblanadi (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 51-moddasi).
Qonunda belgilangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashning ijtimoiy xavfliligi soliq to‘lovchilar tomonidan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq hajmda to‘lashga oid majburiyatni qasddan bajarmaslikdan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga pul mablag‘lari tushmay qolishiga olib keladi.
Sudlarga tushuntirilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi (bundan buyon matnda — MJTK) 174-moddasining birinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi (bundan buyon matnda — JK) 184-moddasining birinchi qismi dispozitsiyasiga muvofiq soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash deganda, foydani (daromadni) yoki soliq solinadigan boshqa ob’ektlarni qasddan yashirish, kamaytirib ko‘rsatish, shuningdek soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan boshqa tarzda qasddan bo‘yin tovlash tushunilishi lozim.
Foydani (daromadni) yoki soliq solinadigan boshqa ob’ektlarni qasddan yashirish — bu davlat soliq xizmati organlariga taqdim etiladigan tegishli soliq hisoboti hujjatlarida foyda (daromad) olinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qasddan ko‘rsatmaslik, shuningdek, ular mavjudligi to‘g‘risidagi axborotni yashirish maqsadida foyda (daromad) kelib tushishini hisobga olish tartibini buzish.
Foydani (daromadni) yoki soliq solinadigan boshqa ob’ektlarni kamaytirib ko‘rsatish davlat soliq xizmati organlariga taqdim etiladigan soliq hisoboti hujjatlarida soliq solinadigan ob’ekt miqdoriga oid axborotni bila turib pasaytirish (kamaytirish) tomoniga o‘zgartirishda ifodalanadi.
Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan boshqa tarzda qasddan bo‘yin tovlash soliq to‘lovchining davlat soliq xizmati organlariga soliq hisoboti hujjatlarini yoki soliq qonunchiligiga muvofiq taqdim etilishi shart bo‘lgan boshqa hujjatlarni qasddan taqdim etmaslikdan iborat har qanday boshqa qilmishlarida ifodalanadi, mazkur harakatni inson erkiga bog‘liq bo‘lmagan holatlar ta’sirida bajarmaslik hollari bundan mustasno.
MJTK 174-moddasining birinchi qismi, JK 184-moddasining birinchi qismi dispozitsiyasi blanket (havolaki) bo‘lib, shu sababli «daromadlar», «foyda», «soliq solinadigan ob’ektlar», «soliqlar», «boshqa majburiy to‘lovlar» kabi tushunchalar mazmunini aniqlash uchun qilmish sodir etilgan paytda amalda bo‘lgan Soliq kodeksi (bundan buyon matnda — SK) normalaridan kelib chiqish lozim.
SK 23-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq soliqlarga quyidagilar kiradi:
1) yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i;
2) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;
3) qo‘shilgan qiymat solig‘i;
4) aksiz solig‘i;
5) er qa’ridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus to‘lovlar;
6) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
7) mol-mulk solig‘i;
8) er solig‘i;
9) transport vositalariga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq.
SKda nazarda tutilgan hollarda va tartibda soliq solishning soddalashtirilgan tartibi qo‘llanilishi mumkin (yagona soliq to‘lovi, yagona er solig‘i, tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bo‘yicha qat’iy belgilangan soliq).
Boshqa majburiy to‘lovlarga (SK 23-moddasi uchinchi qismi) quyidagilar kiradi:
1) davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy to‘lovlar:
yagona ijtimoiy to‘lov;
byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga fuqarolarning sug‘urta badallari;
davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar;
Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘imlar;
2) davlat boji;
3) bojxona to‘lovlari;
4) ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun yig‘im.
Qonunga ko‘ra (SK 23-moddasi ettinchi qismi), davlat umummilliy dasturlarini amalga oshirish davrida tegishli jamg‘armalar tashkil etilishi mumkin bo‘lib, ularga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda majburiy to‘lovlar belgilanadi.
Qonunda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni (bundan buyon matnda — soliqlar) to‘lashdan ancha miqdorni tashkil qilmagan (eng kam oylik ish haqining yuz baravarigacha bo‘lgan) miqdorda qasddan bo‘yin tovlash yoki birinchi marta ancha (eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha bo‘lgan) miqdorda sodir etilganligi uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan MJTK 174-moddasining birinchi va ikkinchi qismlari.
Agar shaxs soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun MJTK 174-moddasining ikkinchi qismi bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng bir yil davomida shunday qilmishni yana ancha miqdorda sodir etsa, JK 184-moddasining birinchi qismi bo‘yicha jinoiy javobgarlik kelib chiqadi.
Shuni nazarda tutish lozimki, agar soliqlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlaganlik natijasida ko‘p yoki juda ko‘p miqdorda zarar etkazilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlik ma’muriy preyuditsiyaga rioya qilinmagan holda (ya’ni shaxsning muqaddam soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilishi talab etilmaydi), tegishlicha, Jinoyat kodeksi 184-moddasi ikkinchi qismining «b» bandi yoki uchinchi qismi bo‘yicha kelib chiqadi.
Shaxsning harakatlarini to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish uchun surishtiruv, tergov organlari va sudlar, barcha hollarda, soliqlar to‘lanmaganligi oqibatida etkazilgan moddiy zarar miqdorini sinchiklab aniqlashlari, bunda JK 184-moddasi mazmuniga ko‘ra, shaxs tomonidan yashirilgan yoki kamaytirib ko‘rsatilgan soliq solinadigan ob’ekti kattaligi (qiymati) emas, balki faqat to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlar summasi (soliqqa oid huquqbuzarlik uchun qo‘llanilgan moliyaviy sanksiya (jarima va penya) summalarini qo‘shmagan holda) tushunilishi lozimligini nazarda tutishlari kerak.
MJTK 174-moddasi va JK 184-moddasi bo‘yicha javobgarlik kelib chiqishining zarur sharti — soliq yoki boshqa to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashga nisbatan qasdning mavjudligi bo‘lib, u harakatda ham, harakatsizlikda ham namoyon bo‘lishi mumkin.
Foydani (daromadni) yoki soliq solinadigan boshqa ob’ektlarni qasddan yashirish, kamaytirib ko‘rsatish belgilari, jumladan, quyidagilar:
tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan tushgan tushum summasini hisobga olish registrlarida aks ettirilmaslik;
tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilinganligidan dalolat beruvchi hujjatlarni almashtirish, soxtalashtirish yoki yo‘q qilish yoxud ularni tekshirish uchun taqdim etishni rad etish;
qalbaki boshlang‘ich buxgalteriya hujjatlaridan foydalanish;
buxgalteriya hujjatlarida realizatsiya qilinmagan deb ko‘rsatilgan tovarlarning omborda yoki realizatsiya qilish joyida mavjud emasligi;
buxgalteriya hujjatlari va boshqa hujjatlar bilan tegishli ravishda rasmiylashtirilmagan (kirim qilinmagan) tovarlarni saqlash;
nazorat-kassa mashinalarining fiskal xotirasi xizmati dasturiga noqonuniy ravishda o‘zgartirish kiritish;
foydalanilmagan moddiy xarajatlarni foydalanilgan deb, ishlab chiqarish hisobotiga qo‘shish;
tovarlar sotish (xizmat ko‘rsatish)dan olingan tushumni hisobot davridan keyingi davrga o‘tkazish (sotish hajmini va daromad(foyda)ni qasddan kamaytirish);
moddiy, yoqilg‘i-energetika resurslari xarajatlarini va amortizatsiya (eskirish) normasini sun’iy ravishda oshirish yoki normativ (limit)larni noto‘g‘ri qo‘llash va h.k.
MJTK 174-moddasi va JK 184-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarga doir ishlar bo‘yicha yuqorida qayd etilgan yoxud boshqa biror-bir belgisi aniqlanishidan tashqari, shaxsning qilmishida soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashga nisbatan to‘g‘ri qasd (JK 21-moddasi) mavjudligi isbotlangan bo‘lishi shart.
Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha shuni e’tiborga olish kerakki, agar soliq to‘lovchi sub’ektlarning g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) JK 184-moddasi dispozitsiyasi bilan qamrab olinsa, ularni tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish, qonunga xilof ravishda aralashish bilan bog‘liq jinoyatlar hamda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa jinoyatlar (JK 19211-moddasi) va boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar (205 — 209, 227, 228-moddalari) uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalari bilan qo‘shimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi.
Sudlarga tushuntirilsinki, tovarlarni bojxona chegarasidan o‘tkazish bilan bog‘liq ravishda davlat boji tariqasidagi soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashda ifodalangan harakatlar JK 182-moddasi bilan qamrab olinadi va JK 184-moddasi bilan qo‘shimcha kvalifikatsiya qilishni talab etmaydi.
Qonunga ko‘ra (SK 109-moddasi), shaxs quyidagi holatlardan loaqal bittasi mavjud bo‘lgan taqdirda soliqqa oid huquqbuzarlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas:
soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilganligi faktining yo‘qligi (masalan, agar bir turdagi soliqlar uchun to‘langan pul summasi boshqa turdagi majburiy to‘lovlar uchun to‘lanmagan summalar o‘rnini to‘liq qoplasa va SK 56-moddasida nazarda tutilgan boshqa hollarda);
soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilishida shaxsning aybi yo‘qligi (masalan, qilmishning tabiiy ofat yoki boshqa favqulodda va bartaraf etib bo‘lmaydigan holatlar oqibatida, shaxs tomonidan o‘z harakatlarini o‘zi idora etolmaydigan yoki boshqara olmaydigan kasallik holatida sodir etilgan bo‘lsa va SK 110-moddasida nazarda tutilgan boshqa hollarda).
Qonunga ko‘ra (SK 56-moddasi), agar bir turdagi soliqlar uchun to‘langan pul summasi boshqa turdagi majburiy to‘lovlar uchun qasddan to‘lanmagan summalar o‘rnini to‘liq qoplasa, shaxs javobgarlikka tortilmaydi. Agar bir turdagi soliqlar uchun ortiqcha to‘langan summaning miqdori boshqa turdagi to‘lovlar uchun qasddan to‘lanmagan summaning miqdorini qisman qoplasa, shaxsning aybdorlik masalasi to‘langan va to‘lanmagan summalar orasidagi farq miqdoridan kelib chiqqan holda hal etiladi.
Soliq to‘lovchi o‘z xatolarini soliq tekshiruvi (SK 85-moddasi) boshlangunga qadar o‘zi mustaqil ravishda tuzatgan taqdirda ham ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi (SK 109-moddasi uchinchi qismi).
Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash tariqasidagi jinoyat tegishli soliq davri uchun soliq qonunchiligida belgilangan muddatlarda soliq to‘lanmasligi holati kelib chiqqan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi (agar bunda soliqlarning ortiqcha to‘langan summalarini hisobga olish imkoniyati (SK 56-moddasi) yoki soliqqa oid huquqbuzarlik uchun shaxsning javobgarligini istisno etuvchi holatlar (SK 109, 110-moddalari) mavjud bo‘lmasa.
Soliq kodeksi 162-moddasiga ko‘ra soliq davri kalendar yiliga mos keladi.
MJTK 174-moddasi va JK 184-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikning sub’ekti 16 yoshga to‘lgan, soliq solinadigan daromad (foyda)ga ega bo‘lgan va qonunga muvofiq davlat soliq organlariga daromadlari haqida deklaratsiya taqdim etishga majbur bo‘lgan jismoniy shaxs (O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, chet el fuqarosi, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs) hisoblanadi.
MJTK 174-moddasi va JK 184-moddasida belgilangan javobgarlikka soliq to‘lovchi-yuridik shaxs rahbari va bosh (katta) buxgalteri yoki boshliq va bosh buxgalter vazifalarini amalda bajarayotgan xodimlari, shuningdek buxgalteriya, bank-moliya hujjatlarini tuzish, imzolash huquqiga ega bo‘lgan va buxgalteriya hujjatlariga daromad yoki xarajatlar to‘g‘risida soxta ma’lumotlar kiritgan yoxud soliq solinadigan boshqa ob’ektlarni yashirgan o‘zga xizmatchilari tortilishlari mumkin.
Soliqlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq jinoyat ishlari yuzasidan surishtiruv, tergov yuritish hamda ularni sudda ko‘rishda bunday jinoyatlarni yashirishga ko‘maklashgan barcha shaxslarni aniqlash choralari ko‘rilishi shart.
JK 184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatga rahbarlik qilgan yoki ushbu jinoyatni sodir etishga soliq to‘lovchi tashkilot boshlig‘i, bosh (katta) buxgalteri, boshqa xizmatchilarini undagan yoxud o‘zining maslahatlari, ko‘rsatmalari bilan jinoyatni sodir etishga ko‘maklashgan shaxslar tashkilotchi, dalolatchi yoki yordamchi sifatida JK 28-moddasi va 184-moddasining tegishli qismi bo‘yicha javobgarlikka tortiladilar.
Nazorat-kassa mashinalari fiskal xotirasi xizmati dasturiga noqonuniy o‘zgartirish kiritish yo‘li bilan daromad (foyda)ni yashirishda soliq to‘lovchiga ko‘maklashgan shaxslar ham soliqlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlashda ishtirokchi sifatida javobgarlikka tortiladilar.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, nodavlat tijorat yoki boshqa nodavlat tashkilotlari mansabdor shaxslarining soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashda qasddan ko‘maklashishga qaratilgan harakatlari jinoyatda ishtirokchilik sifatida JK 28-moddasi hamda JK 184-moddasining tegishli qismi bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi, agar ayni paytda ular g‘araz yoki boshqa shaxsiy manfaatlarni ko‘zlagan yoki shu maqsadlarda jinoyatlarni yashirishda ko‘maklashgan bo‘lsalar, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari mansabdor shaxslarining harakatlari, shuningdek Jinoyat kodeksining boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli moddalari (JK 205, 209, 210-moddalari) bilan, nodavlat tijorat yoki boshqa nodavlat tashkilotlari mansabdor shaxslarining harakatlari esa, Jinoyat kodeksining tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish, qonunga xilof ravishda aralashish bilan bog‘liq jinoyatlar hamda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qilish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalari (JK 1929, 19211, 228-moddalari) bilan ham kvalifikatsiya qilinishi lozim.
JK 184-moddasida nazarda tutilgan qilmishni ikki va undan ortiq marotaba yagona qasd bilan qamrab olmagan holda sodir etgan shaxsning harakati soliq to‘lashdan takroran bo‘yin tovlash sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunda shaxs jinoyatni bajaruvchi yoki uning ishtirokchisi ekanligining, muqaddam sodir etilgan qilmish tugallangan jinoyat yoki jinoyatga suiqasd bo‘lganligining ahamiyati yo‘q.
Shaxsning harakatlarida soliqlarni to‘lashdan takroran bo‘yin tovlash belgisi mavjudligi masalasini hal etishda Jinoyat kodeksining 32-moddasida ko‘rsatilgan talablardan kelib chiqish lozim.
Qilmishni soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash sifatida MJTK 174-moddasi va JK 184-moddasining tegishli qismi bo‘yicha kvalifikatsiya qilish uchun asos bo‘lgan soliq miqdorini pul summasida belgilashda, huquqbuzarlik tugallangan vaqtda amalda bo‘lgan eng kam oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqish lozim. Bunda SK 3-moddasi, MJTK 9-moddasi va JK 13-moddasi talablariga rioya etilishi shart.
Jinoyat kodeksi 184-moddasi beshinchi qismiga ko‘ra, birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha davlat soliq xizmati organining qarorini olgan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar, shu jumladan, penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga etkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplasa, javobgarlikdan ozod qilinishi lozim.
Tushuntirilsinki, JK 184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni birinchi marotaba sodir etgan, shu jumladan, mazkur modda bo‘yicha sudlanganligi tugallangan yoki olib tashlangan shaxs ushbu asoslarga ko‘ra javobgarlikdan ozod etilishi lozim,
Jinoyat kodeksi 184-moddasi beshinchi qismiga asosan jinoyat ishini tugatish masalasini muhokama qilishda, o‘ttiz kunlik muddat ichida etkazilgan zararni qoplash masalasiga (SK 36-moddasi), shuningdek uning to‘liq qoplanganligi faktini tasdiqlovchi dalillar (to‘lov topshiriqnomalar chiptalar va sh.o‘.) mavjudligiga alohida e’tibor qaratilishi lozim.
Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash shaxs tomonidan soliqqa oid qonunchilikning muayyan normasi talablarini bajarmaslik bilan bog‘liq. SHu tufayli, JK 184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarga oid ishlar bo‘yicha surishtiruv, tergov organlari va sudlarning e’tibori shaxsni ayblanuvchi tariqasida javobgarlikka tortish haqidagi qarorda, ayblov dalolatnomasida, ayblov xulosasi va ayblov hukmida ayblanuvchi yoki sudlanuvchi tomonidan soliqqa oid qonunchilikning jinoyat sodir etilgan vaqtda amalda bo‘lgan aynan qaysi normasi talablari buzilganligi ko‘rsatilishi shartligiga qaratilsin.
Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash uchun javobgarlik to‘g‘risidagi qonunlarni qo‘llash bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishda, sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, sudlanuvchining harakatlarida jinoyat tarkibi bor-yo‘qligi bilan bog‘liq holatlar boshqa dalillar bilan bir qatorda ekspert xulosasi, soliq tekshiruvi dalolatnomasi, davlat soliq xizmati organining soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qarorlari asosida ham aniqlanishi mumkin. Sudlar, zarurat tug‘ilganda, sud majlisiga soliq solish sohasi bo‘yicha mutaxassislarni jalb qilishlari lozim.
Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, shaxsning aybdorligiga oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyati tugagan bo‘lsa, soliq to‘lovchining foydasiga hal qilinadi.
Sudlar soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashga oid har bir jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruv va dastlabki tergov organlari tomonidan jinoyat-protsessual qonunining dalillar maqbulligini tartibga soluvchi normalariga rioya etilganligini sinchkovlik bilan aniqlashlari shart. Bunda shuni nazarda tutish lozimki, dalillarni to‘plash uchun belgilangan tartibni buzgan holda olingan hujjatlar yoki boshqa ma’lumotlar shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘la olmaydi.
Sudlar mazkur toifadagi ishlar bo‘yicha hukm chiqarishda fuqarolik da’vosini hal etishlari zarur.
Sud fuqarolik da’vosini qanoatlantirish to‘g‘risida xulosaga kelganda, o‘z hukmida mahkumdan undirilishi lozim bo‘lgan pul summasi miqdorini (penya va shtraf summasini qo‘shgan holda), to‘lanmagan soliqlar turiga qarab, tegishli davlat byudjeti (respublika, mahalliy), byudjetdan tashqari maqsadli jamg‘arma, shuningdek soliq to‘lovchi hisobga olingan joydagi davlat soliq xizmati organi nomini ko‘rsatishi kerak.
Tushuntirilsinki, soliqlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq jinoyat ishlari Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasiga, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish MJTK 271-moddasining 5 va 7-bandlariga muvofiq tugatilgan taqdirda, mazkur to‘lovlar to‘lanmaganligi oqibatida etkazilgan zararni undirish masalasi fuqarolik sudlov ishlarini yuritish tartibida hal qilinadi.
Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq jinoyat ishlarini ko‘rishda, sudlar soliqqa oid jinoyatlar sodir etilishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlashlari hamda ularni bartaraf etish yuzasidan xususiy ajrimlar chiqarishlari zarur.
O‘zbekiston Respublikasining 2015 yil 20 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik sub’ektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunining (bundan buyon matnda — Qonun) 5-moddasi quyidagi:
jinoyat ishlari surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudning ish yurituvida (birinchi, apellyasiya, kassatsiya, nazorat instansiyalarida) bo‘lgan;
sudlanganlik holati tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
Qonun kuchga kirgunga qadar, JK 184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan, ishlari surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudning ish yurituvida (birinchi, apellyasiya instansiyalarida) bo‘lgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari, JK 184-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lganda, JPK 84-moddasi birinchi qismi 8-bandi tartibida tugatilishi lozim.
Jinoyat kodeksi 184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganligi uchun jazo o‘tayotgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari ham JK 184-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lganda, JPK 84-moddasi birinchi qismi 8-bandi tartibida tugatilishi lozim.
Qonun amalga kiritilgunga qadar hukm qilingan, biroq, jazoni o‘tab bo‘lmagan shaxslarga nisbatan, shuningdek sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslarga nisbatan sud qarorlarini Qonunga muvofiqlashtirish masalasi Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan tartibda yuqori instansiya sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Bir necha jinoyat yoki bir necha hukm bo‘yicha sudlangan shaxslarga nisbatan sud qarorlarini Qonunga muvofiqlashtirishda sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, JK 184-moddasi bilan hukm qilingan shaxslar javobgarlikdan ozod qilingan hollarda, bir necha jinoyat yoki bir necha hukm bo‘yicha tayinlangan uzil-kesil jazo turi va miqdorini qayta muhokama qilishlari kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |